Главная » 2020 » Апрель » 5 » Koronavirus sababli dunyodagi havo qanchalik tozalandi?
10:36

Koronavirus sababli dunyodagi havo qanchalik tozalandi?


Koronavirus pandemiyasi odatiy hayotning har bir sohasiga o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda. Ayni vaqtga kelib kasallik 60 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketdi, zararlanganlar soni esa 1,2 million oshib ketgan. Virus tarqalishining oldini oluvchi ijtimoiy masofalanish jahon iqtisodiyotining to‘xtab qolishini yuzaga keltirdi. Bu jiddiy oqibatlarga sabab bo‘ladi. Biroq sanoat sohasining to‘xtab qolishidan tashqari koronavirus sababli dunyodagi ko‘p shaharlarda havo sezilarli darajada tozalandi. Atmosferaga zararli moddalar chiqarilishiga oid ma'lumotlarni kuzatgan odamlar sayyoraning pandemiyaga reaksiyasini qayd etishdi. Atmosfera havosi tozalandi. Biroq bu xursandchilikka sabab bo‘ladimi?

Koronavirus sayyorani o‘zgartiradimi?

Insonlarning hayot tarzi va iqtisodiyot jiddiy o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan bir paytda atmosfera qanday o‘zgarishlarga uchrayotgani borasida pandemiya olimlarga ayrim tasavvurlarni bermoqda. Atmosfera tadqiqotlari milliy markazi (NCAR) vakili Helen Uordenning Popular Science nashriga bergan ma'lumotlariga ko‘ra, bu atmosferaga tegishli bo‘lgan salbiy tadqiqot. Chunki odatiy hayot tarziga qaytish zararli chiqindilar miqdorini oshirib yuborishi mumkin.

Mavjud ma'lumotlarga qaraganda, koronavirusdan qattiq jabr ko‘rgan Xitoy yangi yili bayrami arafasida Xitoydagi chiqindilar ko‘rsatkichi bir necha hafta davomida qisqargan. Epidemiya vaqtida koronavirus tarqalishini kamaytirish maqsadida ko‘mir iste'moli qisqardi, neftni qayta ishlash sekinlashdi, aviareyslar esa bekor qilindi. Sohaga oid ma'lumotlarga asoslanib, Xitoy yangi yil bayramidan keyingi to‘rt hafta davomida mamlakatdagi karbonat angidrid chiqindilari deyarli 25 foizga qisqargan. Natijalar Carbon Brief.org portalida e'lon qilindi. NASA sputnik tasvirlarida esa Xitoy ustidagi azot dioksidi o‘rtacha 36 foizga pasaygan.

  • Azot dioksidi nafas olish tizimiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi va astma rivojlanishiga olib keladi, shuningdek atmosferada yana bir yirik ifloslantiruvchi – ozon hosil bo‘lishida ishtirok etadi.

Suratda Xitoydagi havoning yanvardan fevralgacha ifloslanish darajasidagi o‘zgarishlar ko‘rsatilgan

NCAR saytida e'lon qilingan hisobotda Xitoy yangi yil bayramidan keyin azot dioksidi 2019 yilning shu davrida qayd etilgan ko‘rsatkichdan 70 foizgacha kamaygani ko‘rsatilgan. Ifloslantiruvchi uglerod oksidi darajasi o‘tgan yil bilan taqqoslaganda 30-45 foizga kamaygan. Shunga qaramay, olimlar pasayish pandemiya bilan bog‘liq deb hisoblash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar kerak deb hisoblashmoqda.

Shunga qaramay, koronavirus tarqalishi tezlashayotgani tufayli boshqa mamlakatlar sanoati bilan ham Xitoyda yuz bergan holat kuzatilmoqda. Ya'ni qazib olinadigan yoqilg‘ilar iste'moli va natijada atmosferaga chiqindilar chiqarilishi kamaymoqda. Yevropa kosmik agentligi tomonidan o‘tkazilgan tahlil Italiya ustidagi azot dioksidi chiqindilari ko‘rsatkichi pasayganini ko‘rsatdi. Olimlar Yevropadagi ifloslanish darajasi Xitoydagi kabi keskin bo‘lmasada, uning ahamiyati katta. Italiyadagi elektr energiyasi iste'moli deyarli 20 foiz, Ispaniya va Fransiyada esa deyarli 10 foizga qisqargan. Hindistondagi ilk izolyatsiya kunidan keyin havoning ifloslanishini monitoring qiluvchi stansiyalar azot dioksidining tarixdagi eng past ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan.

 

Tasvirda Fransiyada 1 martdan 25 martgacha bo‘lgan havoning ifloslanish darajasi qizil rangda ko‘rsatilgan.

Havo haqiqatan ham tozalanadimi?

Shuni tushunish muhimki, havo ifloslanishi ko‘rsatkichining pasayishi – vaqtinchalik hodisa. Biroq kelajakda atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilar miqdorini kamaytirish lozim bo‘ladi. Chunki iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar hech qayerga g‘oyib bo‘lmaydi.

Popular Science’da e'lon qilingan maqola mualliflarining qayd etishicha, iqtisodning pasayishi chiqindilar chiqarilishining qisqa muddatda kamayishiga olib keladi. 2008-2009 yillardagi buyuk inqiroz vaqtida karbonat angidrid gazi chiqindilari o‘tgan 2006-2007 yillar bilan taqqoslaganda taxminan 2 foizga qisqargan. Biroq inqiroz bartaraf etilishi bilan chiqindilar miqdori yana o‘sadi.

Eslatib o‘tamiz, havoning ifloslanishi har yili 5,5 million kishining hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo'ladi. Bundan tashqari, ifloslangan havo yangi koronavirus bilan zararlangan kishilar sog‘ligi og‘irlashishiga ham sabab bo‘ladi. 


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz