19:21 Koronavirus vaksinasi qachon tayyor bo‘ladi? O‘zbekistonlik tadqiqotchi tushuntiradi | |
Vaksina o‘zi nima? Vaksina bu ma’lum bir kasallikka qarshi odam organizmida orttirilgan immunitetni hosil qilib beruvchi biologik modda. Bizning immun sistemamiz, odatda, tashqaridan kiradigan har qanday kasallik tug‘diruvchi yot jismlarga qarshi reaksiya beradi, kurashadi. Biz bu jarayonlarni kasallik deb ataymiz va immun sistemasi ana shu kasallik sababchilarini eslab qoladi. Keyingi gal shu virus yoki bakteriya organizmga tushishi bilan immunitet uni tanib oladi va tezda bartaraf qiladi. Mana shu kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriya yoki virusning organizmga tushishini kutmasdan, shu kasallikka qarshi organizm immunitetda xotira hosil qilishda aynan vaksinalardan foydalaniladi. Vaksina bu dorimi? Yo‘q, vaksina dori emas, yuqorida aytganimdek, organizmni kasallik bilan oldindan tanishtirib, uni “kasallikka qarshi tayyor tur” degan mexanizmini yoqib beruvchi modda. Organizm uchun mutlaqo yangi bakteriya yoki virus ilk marotaba organizmga tushganida immun tizim uni tanimaydi. Viruslar faqat hujayra ichidagina ko‘paya oladi, demak, ular hujayra ichiga kirib olishi kerak. Hujayra ichiga kirmagan virus xavf tug‘dirmaydi. Hujayra bu mukammal tizim, uning ichiga duch kelgan narsa kira olmaydi. Davlatlarning bojxona tizimi bo‘lganidek, hujayrada ham xuddi shunday tizim mavjud. Ichkariga kiradigan har qanday modda mana shu yerda tekshiriladi. Bu fan tilida oqsil retseptorlar deb ataladi. Virus ham hujayraga yaqinlashib, mana shu oqsil retseptor bilan bog‘lanadi. Unga “soxta passport” ko‘rsatib hujayra ichiga kirib oladi. Ichkariga kirgach hujayraning ko‘payish mexanizmini qo‘lga oladi va ishdan chiqaradi. O‘zi esa bir necha yuz marotaba ko‘payib hujayrani “portlatadi” va keyingi hujayrani zararlashga yo‘l oladi. Vaksinaning asosiy funksiyasi immun tizimiga virus haqida oldindan xabar berish va hujayra “bojxonasi” — kompyuter tizimiga virusning “soxta passporti” haqidagi ma’lumotlarni uzatishdan iborat. Shunda hujayra virusni ichkariga kiritmaydi, immun tizim esa uni ushlab zararsizlantiradi. Vaksina qanday tayyorlanadi? Vaksina tayyorlashda aynan o‘sha kasallik tug‘diruvchi bakteriya yoki virus shtammidan foydalaniladi. Uning quyidagi xillari mavjud:
Bundan tashqari, yana toksik, birlashtirilgan, valent va geterotipik vaksina xillari ham mavjud. Vaksinalar xavfli emasmi? Haqli savol! Vaksina ichida o‘sha kasallikni qo‘zg‘atuvchi bakteriya yoki virus bo‘lar ekan, vaksinaning o‘zi organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi? Bu savolga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va juda ko‘plab ushbu soha mutaxassislari ilmiy yakuniy konsensusga kelgan holda bir ovozda “Yo‘q, vaksina hech qanday zarar keltirmaydi”, deb javob bergan. To‘g‘ri, vaksina ta’sir qilmaydigan holatlar ham yo‘q emas, masalan, odam diabet bilan og‘risa, muntazam steroidlar qabul qilsa, OITS bilan kasallangan bo‘lsa va ba’zan katta yoshli bo‘lgani sababli vaksinalar kutilgan natija bermasligi mumkin. Ba’zi antivaksinachilar emlash bolalarda autizmga sabab bo‘ladi deyishadi, bu fikrning asossizligi haqida alohida maqolada ma’lumot berib o'tilgan. JSST vaksinalar mutlaqo xavfsiz ekani va nojo‘ya ta’sir bir millionta odamning ichida ko‘pi bilan bir donasida yuz berishi mumkinligini aytdi. Biz vaksina haqidagi umumiy fikrlarimizga yakun yasaymiz-da, maqolamiz mavzusidagi savolga qaytamiz. Nega hamon koronavirusga vaksina yo‘q? O‘tgan yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida SARS-CoV-2 deb nomlangan, koronaviruslar oilasiga mansub, tarkibida RNK tutgan yangi virus aniqlandi va u butun dunyoga tarqalib ketdi. Ushbu virus odamda COVID-19 deb nomlangan xastalikni keltirib chiqardi. Bu virus nafas olish yo‘llari hujayralarini kuchli zararlab, odamda pnevmoniyaga o‘xshash xastalikni keltirib chiqarmoqda va odamning immun tizimi kuchiga qarab uni oddiy shamollash darajasidan hatto o‘lim holatigacha olib kelmoqda. JSST 11-mart kuni jahonda pandemiya holatini e’lon qildi. Virusga qarshi vaksina yaratish ustida ayni vaqtda 35 nafar atrofida akademik institut va kompaniya 20 ga yaqin turli vaksina ustida ish olib bormoqda. JSST tashkiloti fevral oyining oxirida SARS-CoV-2 vaksinasi 18 oydan avval tayyor bo‘lmasligini bildirib o'tgan edi. Muammo nimada? Vaksinalar shu qadar spetsifik biologik moddalarki, bir virusning vaksinasi ikkinchi bir virusnikiga mos kelmaydi. Hattoki o‘tgan yilgi grippniki bu yilgi grippga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Sababi har bir virusning genomi bir-biridan farq qiladi va immun tizimi ularning har birini alohida-alohida holatda tanib olishga harakat qiladi. Lekin ma’lum bir viruslar oilasiga mansub bir marta yaratilgan vaksina keyingi viruslar uchun andoza bo‘lishi mumkin, bu esa ishni ancha osonlashtiradi. Biroq koronaviruslar oilasiga mansub viruslarga qarshi vaksina yaratilmagan, to‘g‘rirog‘i, ish boshlanib oxiriga yetkazilmagan. Masalan, 2002–2004-yillarda Xitoyda SARS koronavirusi epidemiyasi bo‘lib o‘tdi, 2012-yilda esa Yaqin Sharq davlatlarida MERS koronavirusi epidemiyasi kuzatildi. Ikkala holatda ham vaksina yaratish ishlari boshlandi, lekin vaksina yaratilgunga qadar epidemiya bartaraf etildi va vaksina ishlari ham unutildi. Hozirgi SARS-CoV-2 virusi genomi 2002-yilgi epidemiya sababchisi SARS koronavirusi genomiga 80 foiz o'xshash, agar o‘sha vaqtda SARS uchun vaksina yaratilganda edi, hozir ish ancha osonlashgan bo‘lardi, biroq endi bu borada afsuslanishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Koronaviruslar uchun shu vaqtgacha umuman vaksina yaratilmagani ishni sekinlashtiruvchi birinchi sabab bo‘lsa, ikkinchi sabab bu vaksina yaratish jarayonida klinik tekshiruv bosqichini tashlab ketib bo‘lmasligidir. Ya’ni vaksinani klinik sharoitda hayvonlarda tekshirmasdan turib to‘g‘ridan to‘g‘ri odamda qo‘llash mumkin emas, sababi hali umuman sinab ko‘rilmagan viruslar oilasi vaksinasi klinik tekshiruvsiz odamlarda qo‘llash bosqichiga o‘tilsa, kutilmagan noxush hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu borada virusologlar umuman shoshmaslikni ta’kidlaydi. Virusning RNK yordamida vaksina yaratish usuli hozirgi vaksina ustida ishlayotgan jamoalarning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. Lekin hali dunyoda biror vaksina virus DNK yoki RNKsi asosida yaratilmagan. Uning odam organizmida qanday natija berishi noma’lum. Shu bois uni to‘g‘ridan to‘g‘ri tezlashtirish mumkin emas. Chunki fan koronaviruslarga qarshi vaksina yaratishning endigina poydevorida turibdi. Vaksina yaratilgach, uni tasdiqlash uchun u uch bosqichli tekshiruvdan o‘tishi kerak. Birinchi bosqichda laboratoriyada 10 ta sog‘lom odamda vaksinaning samaradorligi tekshiriladi. Bu bosqichdan o‘tgandan so‘ng virus tarqalgan hududdagi eng kamida yuzta odamda qo‘llaniladi va bunda asosan nojo‘ya ta’sirlari tekshiriladi. Uchinchi bosqichda esa o‘sha hududdagi mingtadan ortiq odamda sinalib, yakuniy xulosaga kelinadi. Odatda, hamma vaksina tekshirish jarayonlari bu bosqichgacha yetib kelolmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra 2006–2015-yillar oralig‘ida yaratilgan vaksinalarning atigi 11,5 foizigina uchinchi bosqichgacha yetib kelgan xolos. Umumiy bu uch bosqichni sinash bir necha yillarga cho‘zilishi ham mumkin. Undan ham katta muammo Vaksina yaratildi, tekshiruvdan o‘tdi va tasdiqlandi ham deylik. Uni millionlab odamlarga yetadigan dozada ishlab chiqarish endi bu vaksina yaratish yo‘lidagi yana bir katta muammo hisoblanadi. Chunki hamma vaksina yaratuvchi institutlar ham vaksina ishlab chiqarish imkoniyatiga ega emas. Bu ish bilan yirik farmasevtik kompaniyalar shug‘ullanadi va bu ishni yanada qiyinlashtiradi. Masalan, o‘tgan o‘n yillikda dunyo bo‘yicha vaksinalarning 60 foizini Hindiston ishlab chiqargan. Endi tasavvur qiling, holat qay darajada murakkablashuvini, Hindiston butun dunyoga vaksina yetkazishni to‘xtatib, avval o‘zining 1,3 mlrd aholisiga vaksina yetkazaman desa, nimalar sodir bo‘lishu mumkin. Davlatlarning moliyaviy tomondan bir xil imkoniyatga ega emasligi ham vaksinaning butun dunyo aholisiga yetkazilishiga yana bir katta to‘siq bo‘ladi. Ayrim davlatlarning yuqori lavozimli siyosiy elitalari biz vaksinaga yaqin qoldik, bugun-erta ishlab chiqaramiz degan gaplari hozircha ko‘ngil ko‘tarishdan boshqa narsa emas. Chunki hozir muammo faqatgina moliyaviy masalalarda emas, balki vaqt masalasida — aynan tekshiruv, sinov uchun ketadigan vaqtdadir. Shunday ekan, bugun-erta koronavirusga vaksina yaratiladi va biz xalos bo‘lamiz deb ortiqcha umidlanib qolmang. SARS-CoV-2 vaksinasi yaratiladi, albatta, lekin ungacha yuqori ehtimollik bilan hozirgi pandemiya tugab bo‘lgan bo‘ladi. Umid qilaman, bu gal olimlar pandemiya tugagach, o‘tgan galgidek vaksina ishini qaytadan g‘aladonga solib qo‘yishmaydi. Vaksina yaratilguncha esa karantin qoidalariga amal qiling, qo‘lingizni tez-tez yuvib turing deb qolaman. Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
Manba: "daryo.uz"
| |
|