22:48 Koronavirusdan kasallangan xitoylik ayol qanday tuzalganini aytib berdi | |
Xitoyda koronavirusdan tuzalgan Szyan familiyali ayol kasallik haqida so‘zlab berdi, deb yozmoqda “InoSMI” nashri Sinxua axborot agentligiga tayanib. Ayol 44 yoshda bo‘lib, Ushan uyezdining Chunsin shahrida yashaydi. Ayol oxirgi yillar yangi koronavirus tarqalish markazi hisoblangan Uxan shahrida ishlab kelgan. Szyan 15-yanvar, chorshanba kuni, Xitoy Yangi yilini kutib olish uchun ona shahriga jo‘nagan. Kutib olish uchun temir yo‘l vokzaliga kelgan ayolning eri uning o‘zini noxush his qilayotganiga guvoh bo‘lgan va shu zahoti uni mahalliy shifoxonaga olib borgan. Bir necha kunlik davolanish hech qanday ijobiy natija bermagan. 21-yanvar, seshanba kuni esa ayol “Sansya” markaziy shifoxonasiga olib kelinib, izolyatorga joylashtirilgan va unga yangi turdagi koronavirus keltirib chiqaruvchi zotiljam tashxisi qo‘yilgan. “Men bu kasallikka uchragan Chunsindagi ilk bemor bo‘ldim, shifokorlar va hamshiralar menga alohida e’tibor bilan qarashdi”, — deydi ayol. Uning ta’kidlashicha, har kuni unga turli vositalar purkab turishgan, virusga va infeksiyaga qarshi davolash muolajalarini amalga oshirgan, shifokorlar hattoki Xitoy tabobati usullarini qo‘llagan. “Oxirgi kunlar kasallikning alomatlari yo‘qola boshladi. Shifokorlar menga javob berish mumkinligini aytdi. Shifoxona davolash uchun mendan bir fen (1 fen — 0,01 yuan) ham olmadi. Mendan ko‘plar kasallik qo‘rqinchlimi, deb so‘rashadi. Menimcha, eng asosiysi — o‘zingiz qo‘rqmasligingiz, niqob taqish va qo‘llarni tez-tez yuvish zarur. Tana harorati oshsa, yo‘tal va boshqa alomatlar paydo bo‘lsa, fursatni boy bermay kasalxonaga yugurish kerak. Sizni boshqalardan ajratib qo‘yishlaridan qo‘rqmang, bardam bo‘ling, vrachlarga quloq tuting, ularga ishoning, shunda albatta tuzalib ketasiz”, — deya so‘zlarini yakunlagan ayol.
Manba: "daryo.uz"
| |
|