15:00 Koronavirusga qarshi vaksinani odamlarda sinab ko‘rish boshlandi | |
Xitoylik shifokorlar ko‘ngillilarda koronavirusga qarshi vaksinani sinab ko‘rishni boshladilar. Bu haqda kecha, 21 mart kuni "Global Times" nashri xabar berdi. Ta’kidlanishicha, ushbu vaksina Xitoy Harbiy Tibbiyot Akademiyasi mutaxassislari tomonidan mamlakatdagi farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Ish jarayonida Ebola virusiga qarshi vaksina yaratish tajribasidan foydalanilgan. Olimlar guruhining rahbari ta’kidlashicha, emlash paytida ishtirokchilar virusni yuqtirmaydi. Kutilayotgan natija – emlangan odamlarda virusga qarshi immunitetni paydo bo‘lishidir. Mutaxassislar allaqachon klinik sinovlarni o‘tkazish uchun Hukumatdan ruxsat olgan. Sinovlar uchun uchta guruh tuzilgan. Ularning har biri 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan 36 kishidan iborat. Ko‘ngillilarning hammasi Uxan shahrida istiqomat qiladi. Ular ikki hafta davomida karantinda saqlanadi. Keyin olti oy davomida shifokorlar tananing vaksinaga qanday munosabatda bo‘lishini kuzatadilar. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 308 609 nafarga yetdi. Bu kasallik tufayli 13 71 kishi vafot etdi. Bemorlardan 9 943 nafari yoki 5 foizining ahvoli og‘ir. Shu kungacha kasallik yuqtirganlarning 95 834 nafari bu virusdan tuzalgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|