Главная » 2020 » Февраль » 14 » Koronaviruslarning manbai ko‘pincha ko‘rshapalaklar bo‘lgan. Nega?
21:05

Koronaviruslarning manbai ko‘pincha ko‘rshapalaklar bo‘lgan. Nega?


Xitoyda yangi koronavirus pandemiyasi davom etmoqda. Internetda virus tarqalishiga ko‘rshapalaklar sabab bo‘lgani borasida gap tarqalgan edi. Quyida ushbu masalada tadqiqot o‘tkazgan olimlarning xulosalarini keltiramiz.

Ebola, SARS, quturish va MERS viruslari. Va katta ehtimol bilan shu kunlarda Xitoyni larzaga solayotgan yangi koronavirus Corvid-19 ham. Bu kasallik viruslarini odamga ko‘rshapalaklardan o‘tishi aniqlangan. Nega?

Tadqiqotlar shunga ishora qilmoqdaki, qo‘lqanotlilar turkumiga mansub ko‘rshapalaklarning organizmi bunday viruslar uchun ideal inkubator bo‘lib xizmat qilar ekan. Chunki bu jonzotlarning immun tizimi juda barqaror va mustahkamki, unga tushgan virus bu muhitda yashab qolish uchun o‘zi kurashishiga to‘g‘ri keladi va natijada virus shtammlari “chiniqib”, yanada kuchliroq bo‘ladi va moslashuvchan tarzda rivojlanadi.

Natijada ko‘rshapalakdan boshqa organizmlarning immun tizimi uchun bu viruslar xatarli bo‘lib yetiladi. Sababi, boshqa hayvonlar hamda odamning immun tizimi ko‘rshapalaknikichalik chidamli emas. Ko‘rshapalak tanasida hech qanday nojo‘ya ta’sir ko‘rsata olmaydigan tojvirus boshqa istalgan organizmga tushsa, uning hujayralariga halokatli ta’sir qiladigan bo‘lib qoladi. Oqibatda patogen o‘zgarishlar kuchayaveradi.

Bu jarayon aynan qanday ro‘y berishini o‘rganish maqsadida Berklidagi Kaliforniya universiteti epidemekolog olimlari ko‘rshapalaklar hujayralaridagi viruslarning infeksion xossalarini tadqiq qildi. Ular Misr meva ko‘rshapalagi (Rousettus aegyptiacus) va Avstraliya qora uchar tulkisi (Pteropus alecto) hujayralaridan olingan infeksion virus namunalari bilan tajriba qilib ko‘rdi. Tajriba uchun yashil martishka maymunidan olingan hujayra namunalarining ko‘rshapalaklardan olingan viruslarga reaksiyasi kuzatildi. Tadqiqot haqidagi maqola eLife platformasida e'lon qilindi.

Aniqlanishicha, ko‘rshapalakning immun tizimini bu qadar kuchli qiladigan eng muhim molekulyar mexanizmlardan biri ularning tanasida signal molekulalari, ya’ni interferonlar favqulodda tez ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq ekan. O‘z navbatida, interferonlar virusga qarshi juda tezkor, deyarli shu zahoti reaksiya ko‘rsatadi. Bunda ko‘rshapalakning virus bilan zararlangan hujayrasi virusga qarshi interferon ishlab chiqarishi zahoti unga qo‘shni bo‘lgan boshqa hujayralar ham darhol himoya rejimiga o‘tadi. Bunday mexanizm esa ko‘rshapalaklarning o‘zida bor xolos, tajriba uchun olingan yashil martishka maymunlarida esa u yo‘q.

Paradoks shundaki, avval boshda o‘sha interferon viruslarga xalaqit qilib, ularni ko‘rshapalak hujayralarini o‘ldirishiga yo‘l qo‘ymasa ham, lekin oxir-oqibat uning o‘zi viruslarga yordam ko‘rsatgan bo‘lib chiqadi. Jarayonning kompyuter modeli shuni ko‘rsatdiki, signal tizimi virusning ishiga to‘g‘anoq bo‘lib, hujayralarni o‘limdan qutqarib qolgani bilan, u infeksiyaning o‘zini bartaraf qilmaydi. Ya’ni virus baribir hujayra ichida yashab qoladi va sharoitga moslashishga kirishadi. Vaqt o‘tishi bilan u bu sharoitga butunlay moslashadi. Natijada ko‘rshapalak ham, virus ham bir tanada bir-biriga xalaqit bermay yashab yuraveradi. Va virus xuddiki payt poylaydi. U ko‘rshapalakdan boshqa jonivorga o‘tishi bilan immun sistemasi ko‘rshapalakchalik bo‘lmagan yangi organizmni tez orada zararlay oladi.

Odam tanasida ham interferonlar albatta mavjud. Biroq odam interferoni ko‘rshapalaknikichalik kuchli emas. Eng yomoni shundaki, odam tanasiga bu kabi tojvirus tushganda avvaliga hech qanday aniq belgilar ko‘zga tashlanmaydi. Faqat uzoq muddatli, yashirin infeksiya avj ola boshlaydi.

Koronaviruslarni ko‘rshapalakdan odamga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tishi qiyin masala. Bu jarayonda odatda boshqa bir hayvon (odatda xonaki hayvon) vositachi bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, odamda aniqlangan turli koronaviruslarda tuya, cho‘chqa va ot vositachi bo‘lgan. Uxan koronavirusi, ya’ni Covid-19 da esa vositachi pangolinlar bo‘lgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Ko‘rshapalaklarning interferonlaridagi o‘ziga xoslik aynan nimada ekanini aniqlash uchun qo‘shimcha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 5.0/1

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz