19:28 Koronavirusni kashf qilgan olim qamoqqa olindimi? | |
Ijtimoiy tamoqlarda koronavirusni kashf qilgan olimning qamalgani haqida videoxabar tarqalmoqda. Videoxabar izohida "Tanib oling, koronavirusni qashf qilgan olim shu bo‘ladi. U xibsga olindi deyilyapti xabarda" deb yozilgan. QALAMPIR.UZ ushbu xabar qanchalik haqiqatga yaqin ekanini tekshirib ko‘rdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu videodagi lavha 28 yanvar kuni e’lon qilingan. Tasvirda AQSHning Massachusets shtati sudida advokat bo‘lib ishlaydigan Endryu Lelling bitta press-relizda 3 kishiga alohida alohida-ayblov e’lon qiladi. Ularning ikki nafari xitoylik va biri Garvard universitetining kimyo va kimyoviy biologiya kafedrasi mudiri Charlz Liber hisoblanadi. Tarmoqlarda tarqalayotgan “koronavirus kashf qiluvchisi” ana shu Liber hisoblanadi. Aslida nima bo‘lgan edi? Garvard universitetining kimyo va kimyoviy biologiya kafedrasi mudiri Charlz Liber hibsga olingani rost. Biroq, uning ayblovi hech qanday virus yaratish bilan bog‘liq emas. Ma’lum bo‘lishicha, Garvard professori Xitoy hukumating "Ming iqtidor rejasi" dasturida ishtirok etgan. Dasturga ko‘ra olim Uxan texnologiya universiteti (UTU) bilan hamkorlikda ishlashi kerak edi. Aynan shu narsa mish-mishlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa ne ajab. Ammo, Liber biolog emas, u – nonotexnolog olim. Liber nonometr (metrning millaiardan biri) o‘lchamdagi materiallar bilan ishlaydi. Uning UTUdagi faoliyati hujayra ichiga kiruvchi va unda turli kimyoviy hodisalarni amalga oshiruvchi nanorobotlar bilan bog‘liq. Umuman olganda Liber virusologiya bilan tanish emas. Shuningdek, UTU ham virusologiya va biologiya bo‘yicha ta’lim dargohi emas. Universitet birinchi navbatda materialshunoslik, transport va logistika kabi fanlarga yo‘naltirilgan muhandislik ta’lim maskani hisoblanadi. Ta’kidlanishicha, Liber Xitoy hukumatidan katta miqdordagi pullar olgan. Jumladan, UTUda laboratoriya ochish uchun 1,5 million dollar va oyiga 50 000 dollargacha maoshni olganligini AQSH hukumatiga oshkor qilmagan. Ayblanuvchi, "Liber tadqiqot guruhi"ning bosh tadqiqotchisi edi. Ushbu guruh Milliy sog‘liqni saqlash institutlari va Mudofaa vazirligi tomonidan grant mablag‘lari evaziga moliyalashtirilib turilgan. Shu sababli, Liber chet el hukumatlaridan har qanday qabul qilingan mablag‘ haqida hukumatni oshkor qilishi kerak edi. Shuni aytish o‘rinliki, Liber ustidan ish koronavirus tarqalishidan ancha oldin ochilgan edi. U 2018 yilda Mudofaa vazirligida va 2019 yil yanvar oyida Milliy sog‘liqni saqlash institutlarida soxta bayonotlar berganlikda ayblangan. Bundan tashqari, AQSH Adliya vazirligi ham Liberning ayblovi yangi koronavirus bilan bog‘liq emasligini ma’lum qildi. Xulosa o‘rnida shuni aytamiz-ki, har qanday tekshirilmagan va rasmiy bo‘lmagan xabarlarga ishonmang va ularni tarqatmang. Eslatib o‘tamiz, koronavirus bilan bog‘liq yolg‘on ma’lumot bergan va uni tarqatganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|