12:02 Madina Mumtozning noodatiy savollarga javobi | |
Xonanda, aktrisa, ikki farzandning onasi, suyukli yor va chaqqongina kelin – Madina MUMTOZ bilan “Sug‘diyona” gazetasi ijodkori bog‘lanib, ijodi haqida suhbatlashmadi! Bu safar u noodatiy savollar nishonida! Qani ko‘ramiz, berilgan vazifani qay darajada uddalar ekan. – Hayotda qiyofadoshingiz bo‘lishi mumkinmi? – Ha! «Zuhram»ni uchratmaganman-u, ammo qaysidir jihatlari, ehtimol tashqi ko‘rinishi, yuz tuzilishi menga o‘xshash bo‘lganlar bor. O‘zim ko‘rganman! – Opera, jaz, rep — qay bir yo‘nalishda tajriba qilib ko‘rishingiz yoxud duet ijrosi amalga oshishi mumkin? – Opera yo‘nalishida tajriba qilish niyatim yo‘q emas! Demak, opera! – Tavakkal qilib... – Bilmasam... menimcha, oila qurayotganimizda, tanlagan yorimizni qanchalik yaxshi bilmaylik, tanimaylik, qaysidir ma’noda tavakkal qilamiz. Menda ham shunday bo‘lgan. – Kimlarga nisbatan «allergiya»ngiz bor? – O‘ziga bino qo‘ygan, atrofidagi odamlarni qo‘l uchida ko‘rsatadigan insonlarga nisbatan «allergiyam» kuchli! – Xayolingizda tinimsiz aylanadigan qo‘shiq? – ...ko‘pincha ertalab biror taronani tinglasam, kun bo‘yi u xayolimda aylanaveradi. Ko‘pchilikda shunday bo‘lsa kerak, o‘ylarimizni band qiladigan qo‘shiqlar o‘zgaruvchan! – Tasavvur qiling, s’yomkaga ketayotib yo‘lingizda adashdingiz. Telefoningizning quvvati tugagan, aksiga olib mashina benzining ham tagi ko‘rinib qolayapti, tag‘in deng, yoningizda pulingiz yo‘q! Nima qilasiz? – Avval mashinani chetroqqa olaman, shu vaqtda biror kim yonimdan o‘tib qolsa, undan yordam so‘rayman, qo‘ng‘iroq qilib olish uchun. So‘ng taksi to‘xtataman-da, vaziyatni tushuntirib manzilim tomon oshiqaman. Xullas, vaziyatdan chiqish yo‘lini topaman! – Madinaning jahli chiqqanda... – Qorni ochqagan bo‘ladi (kulib). Arzimagan narsaga ham achchig‘im kelishi mumkin, mabodo fikrimni oxiriga yetkazib berishimga qo‘yishmasa, juda qattiq jahl qilaman. – Qilayotgan ishingizdan uyalasiz, qachonki... – Yolg‘on aralashgan bo‘lsa... Ertami, kechmi sirim fosh bo‘lishidan cho‘chib, qilayotgan ishimdan uyalaman. Lekin bunaqangi vaziyatlar sira bo‘lmagan. Rostgo‘ylikni qadrlayman! – Bir marta bo‘lsa ham mushtlashganmisiz? – Maktab paytlarim dugonalarimning yonini olib, tortishib turar edim. Lekin mushtlashishgacha bormagan. – Pardozsiz ko‘chaga chiqishingiz mumkinmi? – Ha va bu holat juda ko‘p takrorlanadi. – Turmush o‘rtog‘ingizni kutib olishda-chi? – Ba’zan pardozsiz bo‘lishim mumkin, lekin imkon qadar umr yo‘ldoshimning ishdan qaytishiga yasan-tusan qilvolaman! – Bolalik xotiralaringizni yodga soluvchi ifor qaysi? – Onam foydalangan atir! Bolaligimni eslaganimda aynan shu ifor dimog‘imga urilgandek bo‘ladi. – Telefoningiz tushirilgan so‘nggi surat? – Mahalladan chiqib ketaverishda osmonning yarmi bulutli, yarmi quyosh manzarasidan allanechuk ta’sirlangandim. Shu peyzajni suratga olgan ekanman. – Ijodiy safarga ketayotganingizda o‘zingiz bilan olishingiz shart bo‘lgan 3 ta narsa-buyum? – Pul, uyali telefonim va uning quvvatlagichi! – Madina Mumtoz hayotining «saundtreki» qaysi kompozisiya? – O‘zim ijro qilgan «Baxtli bo‘l» qo‘shig‘i! Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|