18:57 Mahmud Nomozov: "Shou-biznes hech qachon san’at bo‘lolmaydi!" | |
Bir olam hayajon, orzular bilan poytaxtga intiq shoshgan va yillar tajribasi o‘z “so‘z”ini aytib, haqiqiy san’atkor, degan e’tirofga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Mahmud Nomozov “Darakchi” gazetasiga bergan intervyusida o‘zbek estrada san’ati borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. — Mahmud aka, aslida oshxonada ham mohir “ijodkor”misiz? — Aslida oshxonaga osonlikcha kirmaymanku-ya, lekin bir yo‘lim tushsa, mendan o‘tadigan “ijodkor” topilmaydi (kuladi). Uydagilar qishloqqa ketishganida, oshxonaning “qiroli”ga aylanaman. Eng qizig‘i, biryo‘la bir nechta yegulik tayyorlayman. Buning boisi ovqatning pishish jarayonidagi kutish onlarini bekor o‘tkazmaslik. — Navro‘z bayramida Surxon vohasi o‘zgacha ko‘rinish kasb etsa kerag-a? — Nimasini aytasiz! Beixtiyor bolalikdagi Navro‘z bayramlari yodimga tushaveradi. Bahorning kelishi bilan “Darveshona” o‘tkazish odatga aylangan. Ya’ni hosillar mo‘l bo‘lsin, degan ma’noda hamma dalaga chiqadi va jonliq so‘yiladi. Tabiiyki, bu biz bolalar uchun haqiqiy bayram bo‘lardi, o‘sha kuni maktabga bormasdik-da (kuladi). Oshxonada gazetxonlarimiz uchun bahoriy salat tayyorlayotganimda, beixtiyor bayramdagi shoh taomlarimizdan biri bo‘lgan g‘ilmindi ko‘z oldimda gavdalandi. Sumalakdan tayyorlanadigan bu yegulikni juda yaxshi ko‘raman. Mazkur taomni hali birorta viloyatda uchratmaganman. Xamirning ichiga sumalak solib, xuddi “chebureki”dek tugib, qovurib olinadi. Juda to‘yimli va uzoq vaqt aynimaydigan yegulik. Bolaligimdagi va hozir o‘tkaziladigan Navro‘z bayramlarini solishtirsam, faqat va faqat rivojlanishni ko‘raman. Ertalabdan yeguliklar, milliy matolarimiz, hunarmandlik ishlari bilan to‘lgan rastalar ish boshlaydi. Eng qizig‘i, o‘sha vaqtlarda poytaxtdan oshpaz olib kelib, kaboblar pishirtirilardi, o‘zimizda bunday oshpazlar bo‘lmaganda. Bugungi kunda barcha sohada o‘zgarishlar katta, poytaxtdan borgan san’atkorlarimiz ishtirokida katta-katta sayllar o‘tkaziladi. — Boshqa viloyatlardan alohida farqli qaysi urf-odati-yu, o‘ziga xos taomnomasini e’tirof etolasiz? — Yo‘q, u qadar katta farqni ko‘rmayman. Lekin shuni e’tirof etish kerakki, har bir viloyatdagi o‘ziga xos urf-odatlar bir-biriga singib bormoqda. Yaxshilik va yangilikka intiladigan xalqmiz-da. Ammo asrlardan asrlarga o‘tgan, biroq bugun unutilib borayotgan urf-odatlarimizning saqlanib qolishi tarafdoriman. — “San’atda erisholmagan narsalarim uchun og‘rinmaganman. Hamma narsaning vaqti-soati bor”, degandingiz. Vaqti-soati kelib, nimalar o‘zgardi? — Har birimiz o‘zimizda shukronalik hissi va nafsni jilovlay olishni shakllantirishimiz shart! Bu yillar davomida amin bo‘lgan xulosalarim. Masalan, 25 yoshida mashhurlikning cho‘qqisiga chiqqan, biroq hozir unutilgan xonandalarga nazar solsak, “O‘z vaqtida talabgir xonanda bo‘lganman”, deb o‘zini eslatib turishni kanda qilmasliklariga guvoh bo‘lamiz. Shu ma’noda birni ko‘rib fikr, birni ko‘rib shukr qilishimiz kerak. Mashhurlik, mablag‘ hayotda hech qanday rol o‘ynamaydi, muhimi, insoniylik! Omad pillapoyalaridan shaxtam ko‘tarilayotgan yosh ijodkorlarimizni ko‘rsam, faxrga to‘laman, aslo hasad “ko‘cha”siga kirmayman. Chunki o‘z vaqtida bu “kasallik”ka qarshi “emlanganman”. Biroq ming afsuski, ko‘pchilik hamkasblarimiz yuqoridagi fikrlarni to‘tiqushdek qaytarishdan charchashmaydi, lekin amal qilishga kelganda... — Davr tushunchasini hech kim chetlab o‘tmaydi. Hech davringiz o‘tishi haqida o‘ylaganmisiz? — Bilasizmi, har bir davrning o‘z jozibasi, go‘zalligi, gashti bor. Masalan, “yulduz” deb e’tirof etilayotganlarning konsertiga yuz minglab muxlis tushishi, menikiga esa ikki minggina tomoshabin kelishi mumkin. Bundan sira afsuslanmayman, chunki o‘z vaqtida men ham konsert zallar, stadionlarni o‘shalardan ziyoda to‘ldirganman. Vaziyatni boricha qabul qilishni o‘rganish kerak. Har doim “Otdan sira tushmayman”, deb yurish noto‘g‘ri! To‘g‘ri, ma’lum darajaga chiqish uchun qilgan mehnatlarimiz, ko‘rgan qiyinchiliklarimiz o‘zimizgagina ayon. Lekin har birimiz insonmiz va shunday yashab o‘tishimiz kerak. Ozmi-ko‘pmi muxlislarim bor va buning uchun shukr qilaman. — Institutda to‘rt yil chang musiqa asbobi bo‘yicha o‘qigansiz. Nega kliplaringiz yo konsertingizda bu qirrangizni xalqqa namoyish etmaysiz? — Ijodda qilgan yangiliklarim yetarlicha. Nazarimda, aynan o‘zim chang chalib chiqishim uchun yetarlicha zaruriyat sezmayapman. O‘z vaqtida talaba yigit uchun eng qimmat chang asbobini sotib olib, keragicha chalganman. Bugungi kunda qadrdon musiqa asbobimni "Maqomchilar ansambli"ga sovg‘a qilganman. — “Ko‘za”dan keyin “xit” qo‘shiq eshitmadik. Yo galdagi tavakkal ish bermasachi, deb o‘ylanyapsizmi? — “Ko‘za” qo‘shig‘i klipiga juda katta mablag‘ sarflaganman. Televidenieda namoyish qilish uchun ham yaxshigina pul ketgan. Ijodim mobaynida birorta qo‘shiqqa bu qadar ko‘p mablag‘ ishlatgan emasman. Eksperiment qilishni yaxshi ko‘radigan ijodkor bo‘lganim uchun bu ishga qo‘l urgandim. Shu qo‘shiqdan so‘ng chiqqan uchta albomimdagi birorta qo‘shiqning darajasi “Ko‘za”dan past emas. Faqat ularning har birini yana shuncha mablag‘ evaziga “promo” qilgim kelmayapti. — Fikringizni tushundim, biroq “promo”siz ham “xit” bo‘layotgan qo‘shiqlar talaygina-ku! Lekin sizning misolingizda bunday deyolmayman, balki yanglishayotgandirman? — Siz mening muxlisim emassiz-da (kuladi). Yaqinda bir davrada “Toshkanim” qo‘shig‘ini kuylab bering, raqs tushamiz”, deb qo‘yishmadi. Yo‘qsa, bu qo‘shiq chiqqaniga uch yil bo‘lgan. O‘rni kelganda aytmoqchiman, Xudoga yoqqan ishim bordirki, taqdir meni poytaxtga olib keldi. Qiyinchilik, armonning achchiq azobi-yu, baxt, muvaffaqiyatning gashtini shu yerda totib ko‘rdim. Farzandlarim shu yerda dunyoga keldi, o‘qidi, o‘z yo‘lini topdi. “Toshkanim” poytaxtning baland binolari-yu, so‘lim go‘shalari uchun emas, balki yuqoridagilarning bari uchun minnatdorchilik sifatida kuylangan qo‘shiq edi. — O‘n ikki yillik o‘qituvchilik davringizda uzoqdan mashinangiz ko‘rinishi bilan maktab hovlisida bironta o‘quvchi qolmagan ekan. Musiqa darslaringiz xuddi matematika darsidek o‘tganidan xabarim bor. Shu ma’noda bugungi shou-biznesdagi “o‘quvchi”lar ham sizdan xuddi avvalgidek hayiqib turishlariga nima xalal beradi? "Musiqa o‘qituvchisi" nazari bilan qarab, kemtiklarni aytib berolasizmi? — Mashhurlikka erishgan yoshlar – Ulug‘bek Rahmatullaev, Jahongir Poziljonov, Sardor Mamadaliev kabi ko‘pchilik xonandalar meni ko‘rganda, “Ustoz”, deb hurmat qiladi. Kerak vaqtda tajribalarimni bo‘lishaman. Lekin suvni ham singiydigan yerga sepish kerak. Biroq qaltis xatolarni ko‘rsam, chetga tortib, tushuntiraman, o‘rni kelsa, “O‘zingni biroz bosib ol”, deb tanbeh ham beraman. Shou-biznesdagi yoshlarimiz olqishlardan sarmast bo‘lib, “sakrab” yurishibdi, yillar o‘tsa, qanday balandlikkacha “sakrash”larini ko‘raman. Chet ellarga borib, konsertlar berishsin, turli noqulay vaziyatlarni yengib o‘tishni uddasidan chiqishsin. Shundagina yillar sinovidan o‘tgan haqiqiy san’atkor, deb e’tirof etsak arziydi. — Shou-biznes qachon san’at darajasiga ko‘tariladi? — Hech qachon! Shou-biznes o‘z nomi bilan biznes. O‘zini “Zo‘r san’atkorman”, deydiganlarning qaysi yo‘nalishda ijod qilishiga e’tibor qaratish kerak. Yoshlar nazari bilan qaralsa, tarozi pallasini shou-biznes bosadi albatta. Bu yo‘nalishning zararlari yetarlicha ekanligini ham unutmaslik lozim. Kerakli tashkilotlar san’atga ham keragicha e’tibor qaratishsagina tarozi pallasi tenglashadi. Televidenieni gohida “Ma’naviyat o‘chog‘i”, deyishadi. Lekin ularning targ‘iboti qaysi tomonga qaratilgan? Bu savolga javob beradigan odamning o‘zi yo‘q. Lekin baribir haqiqiy san’atga yillar o‘z ta’sirini ko‘rsatolmaydi. Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi. Fotomuxbir: Alisher XOLXO‘JAEV
Manba: "darakchi.uz"
| |
|