00:05 Malikam endi qara: Hayot (Xande Erchel) haqida ma'lumotlar (Biografiya) | |
“Mening yurtim” telekanali o‘z tomoshabinlari uchun yangi mavsum sovg‘asi sifatida turk seriali — “Malikam, endi qara”ni taqdim etayotganidan xabaringiz bor. Ushbu sahifada serialning bosh qahramonlaridan birini Hayot obrazini gavdalantirgan Xande Erchel haqida ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin... Bolalik Xande Erchel 1993 yil 24 noyabr kuni Turikiyaning Bandirma shaharchasida tug‘ilgan. Bo‘lajak aktrisa bolaligidan sho‘x va shaddod qiz bo‘lgan. “Yodimda, kichkinaligimda sinfdosh va mahalladagi tengdoshlarim bilan yarim tungacha turli o‘yinlar o‘ynrdik. Bugun poytaxt bolalarini kuzatyapman, ular bizdek emas. Ammo men tug‘ilib o‘sgan kichik shaharcha — Bandirmaning bolajonlari haligacha turli ko‘cha o‘yinlarini o‘ynashadi. Nazarimda, ana shundagina haqiqiy bolalik baxtini his etish mumkin” deydi aktrisa, o‘zining intervyularidan birida. Xande kichkinaligidan maktabda o‘tkaziladigan barcha bayramlarda faol bo‘lib, sahnalashtiriladigan spektakllarda doim bosh rollarni ijro etgan. Xande oilada yolg‘iz san’atkor emas. Uning opasi Gamze ham aktrisa sifatida ozmi-ko‘pmi tanilgan. Aktrisalarning dadasi savdo sohasida ishlaydi, onasi esa uy bekasi. Omad olib kelgan go‘zallik tanlovi Xande o‘zidagi iqtidorni rivojlantirish uchun Turkiyaning Tasviriy san’at universitetining Ana’naviy turk san’ati bo‘limiga o‘qishga kirgan. Ilk bor sahnaga 19 yoshida Ozarbaydjonda o‘tkazilgan go‘zallik tanlovi sabab qadam qo‘ygan va o‘shanda ikkinchi o‘rinni egalagan. Ushbu tanlov aktrisaning kelajagini ham o‘zgartirib yubordi. U Turkiyaning eng mashhur jurnallari o‘tkazgan reklama fotosessiyalarda faol ishtirok eta boshladi. Bolalikdan aktrisa bo‘lishni orzu qilgan Xande modellik ishi bilan birga turli kino kastinglarda ham ishtirok etishni kanda qilmagan. Hatto bir serialning kastingi uchun yetti kunda 5 kg. vazn tashlashiga to‘g‘ri kelgan lekin afsuski, bu urinishlari zoe ketgan. Aktrisa televideniega birinchi marta “Choliqushi”ning yengil opera janri namoyishida chiqqan. Unda epizod rolni ijro etgan aktrisa, keyinchalik mashhur kino prodeyuserning nazariga tushgan. Shundan so‘ng “Gyuneshning qizlari” serialida Selin obrazini ijro etgan. Serial Xande Erchelga haqiqiy mashhurlik olib kelganini o‘zi ham ko‘p bora ta’kidlaydi. Kino olamida tezda o‘z yo‘lini topgan aktrisaning ikkinchi katta roli — “Malikam, endi qara” seriali bo‘ldi. Ayni kunlarda Xande Turkiyaning “Star TV” telekanalida namoyish etilayotgan “Qora marvarid” serialida band. Seriallardan tashqari... Xande Erchel 2016 yildan boshlab mashhur kosmetik firmaning Turkiyadagi yuziga aylangan. Soch bo‘yog‘i reklamasi uchun suratga tushgan aktrisa bir yil davomida sochining rangini o‘zgartirmaslik haqidagi shartnomani ham imzolagan. Shuning uchun aktrisa “Malikam, endi qara”ning prodyuserlarining tashqi ko‘rinishni o‘zgartirish haqidagi taklifini o‘sha zahoti rad etgandi. Shaxsiy hayot Aktrisani hamkasbi Tolgoy Saritash bilan ahdu paymon qilgan deyishadi. Bu aktyor “Muhtasham yuz yil”, “Gyunesh qizlari”, “Mening ismim Gyulchatoy” seriallari orqali tanilgan. Aktrisaning o‘zi qachon turmushga chiqishi haqidagi savollarga quyidagicha javob bermoqda: Xande Erchel: — Oila bu jiddiy qadam! Uni shunchaki, shoshma-shosharlik bilan hal qilib bo‘lmaydi. Men hayotimda bir marta turmushga chiqib, hayotimni faqat o‘sha inson bilan o‘tkazishni istayman. Oila qurish haqida hozircha, jiddiy qarorga kelganim yo‘q. Lekin o‘sha kun yaqinlashsa birinchi navbatda o‘zim suyunchi olaman (kuladi). FAKT Xande Erchil sayohat qilish, musiqa tinglab raqsga tushishni yoqtiradi. Ta’svirga olish ishlaridan bo‘sh vaqtida aerobika bilan shug‘ullanadi. Sevimli xonandasi Beyonse. Aktrisalardan esa Natali Portmanni yoqtiradi. Yaqindagina 25 yoshni qarshilagan Xande Erchil boshqa hamkasblaridan farqli o‘laroq jurnalistlar bilan muloqotda bo‘lishni juda yoqtiradi. Shuning uchun jurnalistlarning savollari hech qachon javobsiz qolmagan.
Manba: "tarona.net"
| |
|