12:57 Mansab, obro‘, lavozim tanlamas balo: Koronavirus qaysi mashhurlarga yetib bordi? | |
Koronavirus dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda va hech kimni chetlab o‘tayotgani yo‘q. Kun sayin taniqli aktyorlar, sportchilar, siyosatchilarning COVID-19 virusini yuqtirganliklari haqidagi xabarlar ortib bormoqda. Xususan ispaniyalik opera qo‘shiqchisi va dirijyor Plasido Domingo koronavirus yuqtirgani ma’lum bo‘ldi. 79 yoshli musiqachi Facebook’da bu haqda gapirishni axloqiy burchi deb bilishini yozdi. Mashhur odamlardan yana kimlar koronavirus bilan kasallangan?
Plasido Domingo isitma va yo‘tal kabi simptomlar bilan shifokorga murojaat qilgan. Unda koronavirus aniqlangan. Shundan so‘ng Domingo o‘zi va uning oilasi zarur deb topilgan vaqtgacha yolg‘iz qolishini ta’kidladi.
"Yuventus"ning 25 yoshli himoyachisi Daniele Rugani 11 mart kuni koronavirus testining javobi ijobiy chiqqanini ma’lum qildi. Ushbu mavsumda Rugani "Yuventus" safida 7 ta o‘yinda maydonga tushgan.
Koronavirus bilan kasallangan birinchi Gollivud aktyori Tom Xenks edi. U va uning rafiqasi Rita Uilsonning test natijalari 13 mart kuni ijobiy deb topilgan. Biroq ko‘p o‘tmay, 17 mart kuni shifoxonadan uyiga javob berilgan. Ammo hamon juftlik hamon karantinda.
Dunyoning eng qimmat futbolchilaridan biri Paulo Dibala ham 21 mart kuni virus bilan kasallangan. Virus uning qiz o‘rtog‘ida ham aniqlangan. U buni shaxsan ijtimoiy tarmoqlarda:
Bir necha kun oldin Britaniyalik aktyor Idris Elba virus yuqtirgani haqida xabar bergan edi. Keyin u o‘zini yaxshi his qilayotgani va hozirgacha kasallik belgilari yo‘qligini ham ma’lum qilgan. Aktyor virus yuqtirgani uchun hozir yolg‘izlikda. Biroq uning xotini Sabrina eridan ajratishlarini rad etdi va oxir oqibat virus unga ham yuqqani aniqlandi.
Olga Kurilenkoga 16 mart kuni koronavirus tashxisi qo‘yilgan edi. Hozirda u deyarli kasallikni yengib o‘tdi. "Bond qiz"ning ta’kidlashicha, birinchi haftada u isitma va bosh og‘rig‘i bilan yuqori haroratda yurgan, ikkinchi haftada isitma o‘tib, ozgina yo‘tal davom etmoqda.
"Taxtlar o‘yini" serialidagi Tormunda roli bilan tanilgan norvegiyalik aktyor Kristofer Xivyu koronavirus bilan 17 martda kasallangan edi. Aytilishicha, virusning sovuq belgilari unda haliyam sezilib turibdi. Ya’ni hamon tuzalgani yo‘q.
Qirollik oilasini ham bu dard chetlab o‘tmadi. O‘tgan haftaning boshida 62 yoshli monarx Monako shahzodasi Alber II test sinovidan o‘tdi va unda koronavirus aniqlangan edi. Biroq Alber II o‘z idorasida ishlashni davom ettirmoqda, u sog‘lig‘i haqida tashvishlanmayapti.
25 mart kuni Buyuk Britaniya qirolligi taxt vorisi shahzoda Charlzda COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Aytilishicha, shahzodaning omma oldidagi vazifalari ko‘pligidan u virusni qayerda yuqtirib olganini aniqlashning imkoni yo‘q. Ma’lumot uchun, 71 yoshli Uels shahzodasi Charlz Filipp Artur Jorj Qirolicha Yelizaveta II ning to‘ng‘ich o‘g‘li va Birlashgan Qirollikning taxt vorisi hisoblanadi.
Koronavirus tufayli birinchi yulduzli yo‘qotish bu "Real Madrid"ning sobiq prezidenti Lorenso Sans edi. Sans klubni 2 marta Chempionlar Ligasida g‘oliblikka erishishida ko‘mak bergan. Ma’lumot o‘rnida, dunyo miqyosida koronavirusga chalinganlar 472 076 kishini tashkil etmoqda. Ushbu kasallikdan bugungacha 21 308 kishi vafot etdi. Kasallanganlarning 114 870 virusdan butkul forig‘ bo‘lgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|