Главная » 2016 » Ноябрь » 19 » Mikroto‘lqinli pechdan to‘g‘ri foydalanayapsizmi?
14:17

Mikroto‘lqinli pechdan to‘g‘ri foydalanayapsizmi?


Xonadonlarda yildan-yilga elektr jihozlar soni ortib bormoqda. Bir tomondan ular ishimizni yengillatib, vaqtimizni tejashda yordam beradi. Boshqa tarafdan esa ularning salomatlikka ta’siri yoki to‘g‘ri foydalanish borasida turli fikrlarga duch kelish mumkin.Keling, ko‘p uchraydigan savollarga aniqlik kiritamiz.

Nurlari salomatlik uchun zararlimi?

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mikroto‘lqinli pechdan to‘g‘ri foydalanilsa, u inson salomatligi uchun xavf tug‘dirmaydi. Unda ovqat isitilayotgan (pishirilayotgan) paytda qarshisida turmaslik lozim. Pechning eshigi mustahkam yopilishiga ahamiyat bering. Uni eshigi ochiq holatda ishga tushirib yubormang. Aynan mana shu hollarda mikroto‘lqin nurlari salomatlikka xavf tug‘dirishi mumkin. Ishlatishdan avval albatta qo‘llanmasi bilan tanishib chiqing.

Hajm muhimmi?

Mikroto‘lqinli pechda biror taom pishirishni istasangiz, mahsulotlar (masalan, go‘sht yoki kartoshka)ni uncha katta bo‘lmagan to‘rtburchak shaklda va bir xil hajmda to‘g‘rang. Shunda ular bir tekisda pishadi. Mikroto‘lqinli pechning issiqlik harorati mahsulotga 5 sm. singadi. Agar mahsulot hajmi bundan kattaroq bo‘lsa, pishmay qolishi mumkin.

Qanday idish lozim?

Mikroto‘lqinli pech uchun mo‘ljallangan maxsus idishlardan foydalaning. Bunday idish bo‘lmasa, kerakmika yoki shishali idishlarni ishlatib ko‘rish mumkin. Ammo avvaliga idish chidamliligini sinang: buning uchun idishga suv solib, uni harorat ko‘rsatkichi eng balandiga qo‘yilgan  mikroto‘lqinli pechga 5 daqiqaga soling. Agar suv sovuqligicha qolib, idish qizib ketsa, demak, bunday idishni mikroto‘lqinli pech uchun ishlatib bo‘lmaydi. Oltin suvi yugurtirilgan va metall qisqichli idishlarni ham pechda qo‘llab bo‘lmaydi. Mikroto‘lqinli pech uchun dumaloq idishlar ishlatgan ma’qul. Burchakli idishlar cheti issiqlikni ko‘proq tortgani bois ovqatning cheti kuyishi mumkin.

Nima pishirish mumkin?

Ba’zi mahsulotlarni mikroto‘lqinli pechda pishirib bo‘lmaydi. Masalan, unga namligi kam bo‘lgan nonni solsangiz, qotib qolishi, sosiskalar esa «portlab» ketishi mumkin. Shu bois sosiskaning bir necha joyini sanchqi bilan teshib, keyin pechga qo‘ying. Tovuq, tuxumli va qiymali taomlarni oddiy gaz pechida pishirgan ma’qul. Lekin go‘shtli ovqatlarni mikroto‘lqinli pechda pishirish istagidan voz kechmagan bo‘lsangiz, go‘shtni suyaklaridan ajratib, so‘ngra pishirgani qo‘ying. Aks holda mikroto‘lqin nurlari suyakka o‘tmagani bois go‘sht yaxshi pishmay qolishi mumkin. Shuningdek, mutaxassislar bolalarga mo‘ljallangan ovqatni ham mikroto‘lqinli pechda isitmaslikni tavsiya etishadi.

Yoqimsiz hidu dog‘lar qanday ketkaziladi?

Mikroto‘lqinli pechni yoqimsiz hiddan tozalash uchun idishga bir necha bo‘lak limon qo‘shilgan suv solib, pechda qaynating. So‘ng pech ichini yaxshilab artib, tozalang. Ichi to‘la qurimaguncha uni ishlatish mumkin emas.

Mikroto‘lqinli pechdagi yog‘li dog‘lardan qutulish uchun esa suvga 1 choy qoshiq ichimlik sodasi qo‘shib qaynating. Keyin namlangan latta bilan pech ichini tozalang. Ventilyatsiya teshikchalariga suv tushishidan ehtiyot bo‘ling. Har gal ovqat isitgandan so‘ng pech ichini namlangan latta bilan tozalash unda yoqimsiz hid va yog‘li dog‘lar hosil bo‘lishidan saqlaydi.

Bu kabi qoidalarga amal qilsangiz, mikroto‘lqinli pechingiz sizga uzoq yillar davomida xizmat qiladi. Salomatligingizga ham xavf tug‘dirmaydi.

Shirin AKBAROVA tayyorladi


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: to‘g‘ri foydalanayapsizmi, Mikroto‘lqinli pech | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz