21:01 Milliy gvardiya institutiga o‘qishga qabul qilish tartibi tasdiqlanadi | |
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi. Institutga o‘qishga kirishni xohlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan Butlash rejasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining Institutga qabul o‘rinlarini ajratish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan amalga oshiriladi. Institut kursantlari kontingentini sifatli butlash uchun: harbiy-professional yo‘nalish; dastlabki tanlash; harbiy-professional tanlash; test sinovlarini nazarda tutuvchi kompleks bosqichma-bosqich tanlash amalga oshiriladi. Institutga o‘qishga kirish uchun nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 12 sentyabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi zarur. Institutni bitirgandan keyin o‘qishni tugatgandan so‘ng tuzilgan kontrakt bo‘yicha ko‘zda tutilgan muddat tugamasdan harbiy xizmatni o‘tashdan bosh tortgan, shuningdek kontrakt shartlarini bajarmaganligi, sodir etgan jinoyati uchun sudlanganligi sababli bo‘shatilayotgan yoki bunday kontraktni tuzishdan bosh tortgan harbiy xizmatchi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq uni o‘qitish uchun sarflangan byudjet mablag‘larini davlatga qoplab berishi to‘g‘risida nomzodlar va ularning ota-onalari muvofiq shaklda yozma ravishda ogohlantiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan har yilning 1 dekabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga kelgusi yil uchun Institutga qabul qilinuvchi nomzodlar soni to‘g‘risida ma’lumot taqdim qilinadi. Institutga qabul qilinuvchi nomzodlarni dastlabki tanlash tadbirlarini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan mudofaa ishlari boshqarmalariga topshiriq beriladi. Institutga o‘qishga qabul qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining buyrug‘i bilan qabul komissiyasi tuziladi va ularning tarkibi tasdiqlanadi. Qabul komissiyasiga Institut boshlig‘i rahbarlik qiladi. Qabul komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tegishli tarkibiy tuzilmalarining mutaxassislari kiritiladi. Qabul komissiyasi qabul yilining 10 martidan 1 sentyabriga qadar faoliyat yuritadi. Nomzodlardan arizalar (bildirgilar) qabul yilining 1 fevralidan 1 apreliga qadar qabul qilinadi. Fuqaro yoshlar tomonidan mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: ariza (bildirgi); pasport (harbiy guvohnoma) nusxasi; tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi; chaqiriluvchining chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi; nomzod tomonidan qo‘lda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol; anketa; o‘qish, ish yoki xizmatni o‘tash joyidan (agar o‘qiyotgan, ishlayotgan yoki xizmatni o‘tayotgan bo‘lsa) tavsifnoma hamda ma’lumotnoma; ota-onasining ish joyidan ma’lumotnoma (agar ishlayotgan bo‘lsa); ota-onasining Institutga o‘qishga kirishiga rozilik xati; ma’lumoti to‘g‘risidagi (umumiy o‘rta, akademik litseylar va o‘rta maxsus professional ta’lim) hujjatlar (asli va nusxasi) hamda reyting daftarchasi (baholar tabeli) nusxasi; Institutga o‘qishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (asli va nusxasi); yaqin qarindoshlar orasida vafot etganlar bo‘lsa, ularning o‘lim haqida guvohnomasining nusxasi; 3 x 4 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz) hamda 4,5 x 6 sm o‘lchamdagi 4 ta fotosurat (bosh kiyimsiz); davlat sirlaridan foydalanishga ijozat berishning tegishli shakli uchun zarur bo‘lgan hujjatlar; nomzodning yashash joyidagi hududiy ichki ishlar organidan jinoiy javobgarlikka tortilmaganligi va sudlanmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma (harbiy xizmatchilar mazkur ma’lumotnomani taqdim qilishi talab etilmaydi). Nomzoddan ayrim hujjatlarga aniqlik kiritish uchun qo‘shimcha ravishda zarur hujjatlar va ma’lumotlar talab qilinishi yoki tegishli tashkilotlardan so‘rab olinishi mumkin. Nomzodlar tomonidan hujjatlarni taqdim etishda pasport, tug‘ilganlik haqida guvohnoma, chaqiriluvchining chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yoxud chaqiriluvchining harbiy guvohnomasi shaxsan ko‘rsatiladi. Harbiy xizmatchilar tarkibidagi nomzodlar tomonidan o‘z xizmat o‘tash joyiga nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi: Institutga o‘qishga kirishga tavsiyalovchi hujjatlar (muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga — harbiy bo‘linmaning umumiy yig‘ilishi bayonnomasidan ko‘chirma, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga esa — harbiy qismning attestatsiya komissiyasi yig‘ilish bayonnomasidan ko‘chirma); Davlat sirlaridan foydalanish uchun tegishli shakl bo‘yicha ijozatnoma (ruxsatnoma) mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotnoma (faqat tegishli shakl bo‘yicha ijozatnoma (ruxsatnoma)si mavjud bo‘lganlar uchun); harbiy qismlar (muassasalar) va bo‘linmalarning komandirlari (boshliqlari) tomonidan berilgan iltimosnoma. Fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilarga davlat sirlaridan foydalanishga ijozat berishning tegishli shakli bo‘yicha ijozatnoma (ruxsatnoma) Mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘lim va boshqarmalar tomonidan rasmiylashtiriladi. Ijozatnomasi (ruxsatnomasi) mavjud bo‘lmagan harbiy xizmatchilar uchun ijozatnomani (ruxsatnoma)ni rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan materiallar belgilangan tartibda harbiy qismlar (muassasalar) komandirlari (boshliqlari) tomonidan Mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘lim va boshqarmalariga har yilning 5 apreliga qadar yuboriladi.
Manba: "sof.uz"
| |
|