01:40 Monitor qarshisida: bu insultga olib keladimi? | |
«Monitor kasalligi» tushunchasini yaponlar o‘tgan asr 70-yillarida kiritishgan. Ammo ular chin ma’noda kasallikni nazarda tutishmagandi — endi esa bu kasallik bor va xunuk oqibatlarga olib kelishi bilan xavfli. Nomi ham aytib turibdi: qimmatli vaqtini monitorga bag‘ishlaganlarga yopishadigan kasallik. Monitor bu nafaqat kompyuter, shuningdek, televizor, videokamera, smartfon — tasviriy axborotni beruvchi istalgan qurilma. Kasallikka sabab aynan ulkan axborot oqimi. Bir-ikki martada miyaga zo‘riqish bilinmas, ammo kunbo‘yi, yilbo‘yi monitor qarshisida o‘tiraverish yaxshi emas. Miya ham qaysidir ma’noda oshqozonga o‘xshaydi, farqi — axborotni hazm qiladi. Tibbiyot mutaxassislarining aytishicha, bironta filmni tomosha qilgandan keyingi taassurot xotirada 2-3 haftagacha aylanib yurarkan. Agar shunaqangi kinolar yoki aytaylik seriallar har kuni ko‘rilsa nima bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi? Axborotni hazm qilolmagan miya ham borib-borib charchaydi. Oqibati esa keyinroq yuzaga chiqadi: «qizil chegara» bosib o‘tilganidan so‘ng monitor kasalligi paydo bo‘ladi. Albatta, bu kasallikning ham alomatlari bor, bular — doimiy charchoq, zaiflik, yaxshi uxlay olmaslik, bosh og‘rig‘i, ko‘zlarning tinishi, quloqdagi shovqin, ko‘ngil aynishi, ishtahaning pasayishi, qo‘llarning qaltirashi, tana muvozanatining buzilishi. Agarda bir necha kunlik hordiqdan so‘ng ham charchoq ketmasa — bu monitor kasalligi alomati. Bir oy, sutkasiga sakkiz soatlab monitor qarshisida mixlanib o‘tirish kasallikning yengil ko‘rinishini chaqirishi mumkin. Hatto ana shu «yengil» kasallikda ham boshda og‘riq paydo bo‘lishi, yengil bosh aylanishlari kuzatiladi. Og‘ir ko‘rinishi esa insult va infarktga yaqinlashtiradi. Shifokorlar me’yorga rioya qilishni, monitor qarshisida ham tanaffus, dam olishni tashkil etishni tavsiya qilishadi. Qolaversa, tartibli ovqatlanish, jismoniy faollik ham juda kerak. Insultning alomatlari Sezuvchanlikning buzilishi va majolsizlik, ayniqsa, tananing bir tomonida. Nutqning buzilishi yoki o‘ziga aytilgan so‘zlarni tushuna olmaslik. Bir yoki ikkkala ko‘z ko‘rish qobiliyatining buzilishi, narsalarning qo‘shaloq ko‘rina boshlashi. Bosh aylanishi. Hech qanday sababsiz keskin va kuchli bosh og‘rig‘i. Muvozanatni yo‘qotish boshqa alomatlar: nutqning buzilishi, narsalarning qo‘shaloq ko‘rina boshlashi, majolsizlik bilan birga kechishi. Hushdan ketish.
Manba: "xabar.uz"
| |
|