21:06 Murod Xonto‘rayevning shogirdi “avariya” qanday bo‘lganini so‘zlab berdi | |
Xabaringiz bor, joriy yilning 19 iyul kuni "Osiyo ayig‘i" nomi bilan tanilgan MMA jangchisi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida YTHga uchrab, voqea joyida vafot etdi. Xonto‘rayevning vafotidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda u haqida turli gap-so‘zlar tarqalmoqda. Kimdir Xonto‘rayev spirtli ichimlik ichgan ekan desa, yana boshqa birov Bo‘stonliqdagi do‘kon egasiga qurol o‘qtalganini aytib chiqdi. Bu gaplar esa quruq bo‘hton ekani esa vaqt o‘tgani sayin o‘z isbotini topmoqda. YTH yuz bergan kuni Murod Xonto‘rayevning yonida shogirdi, MMA jangchisi Jasur Anorboyev ham bo‘lgan. U YTH yuz bergandan so‘ng, zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetkazilgan. Xonto‘rayevning dafn marosimi o‘tganidan keyin esa avtomobilda bo‘lgan Anorboyevning ham komaga tushgani, undan hech kim xabar olmayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ bu gaplarga ham aniqlik kiritish maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetib bordik. Feruza Najmiddinova, jurnalist: — YTH oqibatida Murod Xonto‘rayevning vafot etishi ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi va bu xabar juda tez tarqaldi. Shuningdek, “Murod Xonto‘rayevning yonida bo‘lgan bola ham vafot etibdi yoki ahvoli og‘ir ekan”, degan norasmiy xabarlar tarqalib ketdi. Shundan so‘ng, “Sportchining yonida bo‘lgan shaxsning ahvoli biroz og‘ir va shifoxonaga olib ketildi”, degan rasmiy ma’lumot berildi. Ijtimoiy tarmoqlarda bolalayotgan ba’zi gap-so‘zlarga nuqta qo‘yish maqsadida sizning oldingizga keldik. Ahvolingiz u qadar yaxshi bo‘lmasa-da, sizni intervyuga taklif qildik, buning uchun uzr so‘raymiz! Vafot etgan insonning ortidan gapirish noto‘g‘ri. Ammo turli xil asossiz gaplar ko‘paymasligi uchun sizga bir-ikkita savol bilan yuzlanmoqchimiz. O‘sha kuni shifoxonaga olib kelingandagi holatingizni qanchalik eslay olasiz? Jasur Anorboyev, Murod Xonto‘rayevning shogirdi: — To‘g‘risi, shifoxonaga olib kelishganini umuman eslay olmayman. Esimda yo‘q. Hammasi tez bo‘lib ketdi. Akam [Murod Xonto‘rayev] va men yo‘lda kelayotgandik. Odam baribir tanigan insoniga ishonadi-da. Mashinada tog‘ga borayotganimizda qanday ishongan bo‘lsam, qaytayotganda ham shunday ishonib, bemalol, xotirjam telefonimni o‘ynab kelayotgandim. Nimadir bo‘ldi, shunday oldimga qaradim, Lacetti bizni qisib qo‘ydi. Davlat raqami va belgisi esimda yo‘q, lekin Lacetti edi. Biz o‘z yo‘limizda “ kak polojeniye” ketayotgandik, u bizni qisib qo‘ydi. Uyog‘ini eslay olmayman. Keyin ko‘zimni ochganimda, tepamda shifokorlar turgandi. Boshimni esa tikishayotgandi. Mana, kecha o‘zimga keldim va hammasini esladim. Allohning o‘zi saqlab, meni tirik qoldirdi. Akamning joyi jannatda bo‘lsin. Oxiratlari obod bo‘lsin. F.N.: — Ijtimoiy tarmoqlarda “Murod Xonto‘rayev vafot etganidan keyin yonidagi do‘sti shifoxonaga olib ketildi va unga hech kim ahamiyat bermayapti, ahvolidan hech kim xabar olmayapti”, degan gaplar ham tarqalyapti. Bunga qanday fikr bildirgan bo‘lardingiz? Mana oradan ikki kun o‘tdi. Sizdan kimlar xabar oldi va ahvolingiz qanday? J.A.: — El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi, deyishadi-ku! Odamlar hamma narsani gapiraveradi. Men bitta narsani bilaman: Murod akamdek inson yo‘q edi. U shunday inson ediki, bitta gap bilan yuragingizni teshardi. Gapirgan gaplaridan keyin o‘zingizdagi bor kuchni chiqarib berasiz. Kamoliddin akam [Kamoliddin Boboyev, M.Xonto‘rayevning eng yaqin do‘sti – tahr.] kelib, har kuni mendan xabar olib turibdilar. O‘rtoqlarim yonimda. Endi o‘zimga keldim. Hammasi yaxshi. Shifokorlar davolashyapti. Allohga shukur, soppa-sog‘miz! Hamma joyimiz but. QALAMPIR.UZ’ning MMA jangchisi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayevning vafotiga sabab bo‘lgan YTH bo‘yicha surishtiruvlari davom etadi. Eslatib o‘tamiz, 34 yashar Murod Xonto‘rayev olilaning to‘ng‘ich farzandi edi. U 3 farzandning otasi edi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|