19:35 Nechun chaqaloqlar ko‘chaga tashlab ketilayapti? | |
Bir vaqtlar dunyo xabarlarini kuzatar ekanmiz, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ko‘chaga, chiqindixonaga yoki hojatxonaga tashlab ketilgani to‘g‘risidagi yangiliklarni tuyg‘ularimiz junbushga kelib qabul qilganmiz. Bu noinsoniy ishga qo‘l urganlarni la’natlagan, ayblagan edik. Biroq, ming afsuski, o‘z yurtimizda ham shu kabi holatlar tez-tez sodir bo‘lmoqda. Yaqinda ana shunday xabarlardan biri O‘zbekiston ahlini qalqitib yuborgan bo‘lsa ajab emas. Bu safar 1 aprel kuni tungi 22:00 lar atrofida Toshkentning Chilonzor tumani 17-mavzesida dunyoga kelganiga endigina 7-10 kun bo‘lgan qizaloq ko‘chaga tashlab ketilgani xabar qilindi. Bu yil boshidan beri Toshkentda chaqaloqlarning tashlab ketilishi bilan bog‘liq OAVga ma’lum to‘rtinchi, O‘zbekistondagi beshinchi hodisa bo‘ldi. Undan avvalroq, aniqrog‘i 13 martda Sergelida, 5 mart kuni Namanganda va Sergelida, 30 yanvar kuni yana Sergelida murg‘ak go‘daklar tashlab ketilgan edi. Nima uchun bu kabi hodisalar soni ortib bormoqda? Chaqaloqlarni ko‘chaga tashlab ketishga haddi sig‘ayotganlar kimlar? Ularning yoshi nechida, oilaviy ahvoli, sharoiti qanday? Bolani boqa olmaslikdan qo‘rqib ko‘chaga tashlab ketayaptimi yoki bir vaqtlar qo‘l urgan gunohining achchiq mevasini tatishga yuzi chidamay, qilmishlarini yashirish uchun jigarbandidan voz kechayaptimi? Aslida bu kabi hodisalarning sabablari insonlarning iymon-e’tiqoddan uzoqlashishi yoki uzoqlashtirilishi, ta’lim-tarbiya va odob-axloqdagi bo‘shliqlar va uzilishlar bilan bog‘liq. Ammo bu haqda gapirsangiz, «biz dunyoviy davlatda yashayapmiz. Har kim istaganicha yashashi, xohlagan ishini qilishi mumkin, eng muhimi — o‘zgalarning huquqlari, qonun me’yorlari buzilmasin», — deydiganlar topiladi. Nima ham derdik. Bu hayotda nima eksang shuni o‘rasan. Ammo meni ko‘chalarga tashlab ketilayotgan begunoh go‘daklarning qismati ko‘proq tashvishga solayapti. Afsuski, ular har doim ham sog‘-salomat holda topilib, davlat yoki yaxshi odamlar qaramog‘iga topshirilayotgani yo‘q. Bir go‘dakning bu holda hayotdan ko‘z yumishiga befarq qarab bo‘lmaydi axir. Mayli, O‘zbekiston dunyoviy davlat. Ammo dunyoviy davlatlarda barchaning huquq va erkinliklari kafolatlanishini ham inobatga olaylik. Yoshlar jinsiy aloqaga kirishishga tayyor bo‘lsa ham «qonuniy nikoh qurishga tayyor bo‘lmas ekan», erta nikoh, erta homiladorlikning oldini olishga jiddiy qarshilik bo‘layotgan ekan, jinsiy tarbiya, istalmagan homiladorlikdan saqlanish usullari va vositalari ham keng targ‘ib qilinsin. Zino uyat bo‘lmas ekan, kontraseptik vositalarni sotib olish va ulardan foydalanish ham uyat ish hisoblanmasin. Bu bo‘yicha ma’lumot, maslahat, moddiy va ma’naviy yordam olish yo‘llari oson, bepul va mutlaqo anonim bo‘lsin. Bir hududdagi shifoxonaga borishdan uyaluvchilarga boshqa hududlar mutaxassislari konsultatsiya berishi yo‘lga qo‘yilsin. Yaqinda Kanadaning Kalgari shahrida istiqomat qilayotgan hamyurtimiz Farhod Fayzullaev O‘zbekistonda chaqaloqlarning ko‘chalarga tashlab ketilayotganiga munosabatini bildirib, u yerdagi holatni namuna qilib keltirgan edi. O‘z farzandini shifoxonaga olib borgan yurtdoshimiz shunday yozadi: «Poliklinika homiladorlik testidan bepul o‘tish, teri-tanosil kasalliklari uchun analiz topshirish, «avariyaviy» kontraseptik vositalarni olishni taklif qilmoqda. Bularning barchasi konfedensial (murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanadi – bloger izohi)». «Kecha «Daryo»da Sergelida so‘nggi uch oy ichida tashlab ketilgan uchta ko‘dak haqidagi maqolani o‘qidim. O‘ylaymanki, bu muammoni «ma’naviyat», ginekologlarning qizlarning bokiraligini tekshirish uchun kollejlarga borishi, ommaviy so‘kish, stigmatsiya (tamg‘a bosish – bloger izohi) bilan hal qilib bo‘lmaydi», — deya davom ettiradi u. Maktab hamda kollejlarda erkak va ayolning nozik munosabatlari, salomatlik darslarini kiritish lozim. Erta jinsiy aloqalarning qanday xatarlari borligi, qanday kasalliklarni yuqtirib olish mumkinligi aytilishi kerak. Prezervativlar nima ekanini va qanday himoyalanishni ko‘rsatish kerak. Himoyalangan yoki himoyalanmagan holda jinsiy aloqa sodir bo‘lgan bo‘lsa, maslahat, kontraseptivlar uchun qaerga borish, umuman nima qilish kerakligini tushuntirib berish zarur. Oqibatlari haqida o‘ylamasdan himoyalanmagan jinsiy aloqa bilan shug‘ullanayotgan qizlar esa bu haqda aytishdan qo‘rqib (ota-onalarga aytib bo‘larmidi, o‘ldirishadi), tug‘ishadi va keyin, mana chaqaloqni tashlab ketishmoqda». Men ham Farhod Fayzullaevning takliflarini qo‘llab-quvvatlayman (garchi «ma’naviyat» haqidagi gaplariga qo‘shilmasam ham). Aytish kerakki, bu borada juda ko‘p ish qilinayapti. Internetda qidiruvga bersangiz, minglab tadbirlar, tushuntirish ishlari olib borilgani haqidagi xabarlarni o‘qiysiz. Ammo sodir bo‘layotgan voqealar bu kabi ishlar samarali yo‘lga qo‘yilmagani, gap egasiga yetib bormayotgani, juda ko‘p kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganidan dalolat beradi. Nazarimda jinsiy tarbiya, zinoning haromligi borasida tushunarliroq va ochiqroq gapirish vaqti keldi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|