12:38 O‘n to‘rt yil avval bashorat qilingan ofat | |
ali 2006 yildayoq, bugungi koronavirus pandemiyasining sodir bo‘lishi haqida ogohlantirgan amerikalik epidemiolog olim Larri Brilliant hozirgi kasallik xuruji u kuzatgan epidemiyalar orasida eng xatarlisi ekanligini aytmoqda. “Biz kasallikni yengishimiz mumkin, biroq buning uchun ko‘p ishlarni qilishimiz lozim. Bu bizni sinovdan o‘tkazadigan o‘ta murakkab davr bo‘ladi”, deydi u. O‘tgan asrning oxirlarida chechak kasalligini yengib chiqishda boshchilik qilgan bu shifokor kelajakda yana nimalar bo‘lishi haqidagi o‘z fikrlarini bildirdi. Larri Brilliantning aytishiga ko‘ra, unda bashoratgo‘ylik qilish da’vosi yo‘q. Ammo u bundan 14 yil avval TED (noyob g‘oyalar konferensiyasi) majlisida so‘zga chiqib, bo‘lg‘usi pandemiyaning qay shaklda bo‘lishi to‘g‘risida ma’ruza qilgan va uning fikrlarini ko‘pchilik “ortiqcha vahima” deya baholagan edi. U o‘shanda quyidagilarni aytgandi: “Milliardlab odamlar kasallik yuqtiradi, 165 million atrofidagi odam o‘ladi, 1-3 trillion dollarlik zarar oqibatida iqtisodiy inqiroz va tanazzul yuzaga keladi. Bu esa halok bo‘lgan millionlab odamlarning fojiasiga qaraganda og‘irroq bo‘ladi. Chunki shunchalik ko‘p odam ham ishidan, ham davolanishdan mahrum bo‘ladiki, buning oqibatlarini tasavvur qilish qiyin”. Mana, bugun o‘sha xayolga sig‘dirib bo‘lmaydigan voqea yuz berdi. Shu bois “Pandemiyani to‘xtatamiz!” tashkiloti kengashi raisi Brilliant bu boradagi o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqchi. Insoniyat hali 100 millionlab o‘limlarni boshdan kechirmagan bo‘lsa-da, yangi koronavirus allaqachon dunyoning «oyog‘ini osmondan» qilishga ulgurdi. Bunda Brilliant: “Ana, men aytmabmidim?!”, deya o‘zini ko‘rsatish fikridan yiroq. Biroq shunisi aniqki, nafaqat minbar va matbuot orqali, balki bugungi kunda uyda majburan o‘tirganlar o‘rtasida yanada ommalashib borayotgan “Maraz” (“Zarajeniye”) filmining bosh texnik konsultanti sifatida ham u yaqinlashib kelayotgan ana shu balo-qazo haqida odamlarni ogohlantirgan edi. Chechak kasalligini yo‘qotishda Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotiga yaqindan yordam bergan 75 yoshli bu shifokor bir vaqtlar gripp, qoqshol va yuqumli kasalliklar oqibatida ko‘r bo‘lib qolishga ham qarshi kurashgandi. Biz u bilan Donald Trampning kasallik haqidagi: “Tashvishlanishga hojat yo‘q” degan fikridan qaytib, pandemiya xurujini tiyish haqida ko‘rsatma bergan kunlar, ya’ni 17 mart kuni telefon orqali bog‘landik. Suhbatni boshlaganimizda, Brilliant bir yuqori martabali hukumat mulozimi bilan telefon orqali suhbatlashdi. U kishi Brilliantdan: “Bizga bu kasallik qanday yopishib qoldi?”, deya so‘rabdi. – Men esa bu kasallikdan qanday qutulish yo‘lini so‘raydi deb kutgan edim, - deydi shifokor (suhbat tahrirlangan va qisqartirilgan shaklda berilmoqda). – 2006 yilda TED anjumanidagi ma’ruzangiz paytida men zalda o‘tirgan edim. Siz o‘shanda mas’ullardan: ”Menga pandemiyani to‘xtatishga yordam beringlar”, deb so‘ragandingiz. Shu iltimosingiz bajarildimi? – Yo‘q. Lekin men o‘shanda aytgan tizimlar keyinchalik yaratildi va hozirda foydalanilmoqda. Bunda shunisi ajoyibki, biz shu bahonada “Maraz” filmini suratga olgandik. – Endi hammamiz uni qiziqib tomosha qilyapmiz. – Ko‘pchilik “Maraz”ni bashorat film deya atashmoqda. Buning sababi shundaki, biz uni ilmiy dalillar asosida suratga olganmiz. So‘nggi 10-15 yil ichida butun epidemiologik hamjamiyat aholini bunday pandemiyaga sodir bo‘lishiga shubha yo‘qligi haqida ogohlantirib keldi. Savol faqat uning qachon boshlanishida edi. Odamlarni bunga ishontirish juda qiyin bo‘ldi. Masalan, prezident Tramp AQSh milliy xavfsizlik kengashidagi admiral Simerni ishdan bo‘shatdi. Holbuki, u pandemiyadan himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan yuqori darajadagi yagona odam edi. U bilan birga uning qo‘l ostidagi barcha xodimlar va aloqador shaxslar ham ketishdi. Keyin Tramp boshqa mamlakatlardagi avvaldan ogohlantirish tizimini moliyalashtirishni to‘xtatdi. – Sizni bu mutlaqo yangi virus bo‘lishi mumkinligi haqida ta’kidlaganingizni eshitdim. – To‘g‘ri, biroq bu – ixtiro qilingan virus degani emas. Chunki u adabiy yoki huquqiy to‘qima hikoyamas. – Afsus. – Haqiqatan ham bu yangi virus. Shuning uchun hali dunyodagi biror kishida unga qarshi immunitet shakllangan emas. Bu esa ushbu kasallik dunyodagi har bir odamga yuqishi mumkinligini anglatadi. – U yangi bo‘lganligi uchun ham kishida bir qancha savollar paydo bo‘ladi. Aytaylik, ushbu virus bilan og‘rigan bemorda keyinchalik unga nisbatan immunitet paydo bo‘ladimi? – Virus yangi bo‘lsa ham, bunga to‘siq bo‘ladigan biror omilni ko‘rmayapman. Ba’zi kishilarda kasallik qaytalanayotgani haqidagi gaplarga kelsak, bu qayta og‘rish emas, balki tekshiruvlar noaniqligi deb o‘ylayman. Million, milliard odamlar og‘rib o‘tganlaridan so‘ng virus yana yuqishi mumkinmi, degan savolga ijobiy javob bersa bo‘ladi. Ammo o‘shanda bu holat sog‘liqni saqlash va epidemiologiya uchun bugungidek katta muammo kasb etmaydi. - Siz kuzatgan kasalliklar xuruji orasida bu eng yomonimi? - Bu – mening hayotimda kuzatganim o‘ta xavfli pandemiya. - Hozir odamlardan uyda o‘tirish, bir-biriga yaqinlashmaslik, bir joyga to‘planmaslikni talab qilishmoqda. Bu ortiqcha ehtiyotkorlik emasmi? - Mening o‘zim ham Kaliforniyaning Marin okrugida karantinda o‘tiribman. Biz epidemiyaning dastlabki o‘n ikki haftasida prezidentdan nuqul ijobiy tavsiyalar eshitdik. Bu qattol virusni avval feyk, ya’ni demokratlarning to‘qigan yolg‘oni deya taqdim qilishdi. Ba’zi fuqarolarimiz haliyam bu gaplarga ishonib yuribdi. Men sog‘liqni saqlash vakili sifatida, saylab qo‘yilgan amaldorning bunday mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganini birinchi marta ko‘rib turibman. Bu borada uning keyingi ko‘rsatmalarini to‘g‘ri deb hisoblayman. Haqiqatan ham, o‘quv muassasalarini yopish, har xil tadbirlarni to‘xtatish kerak. Bu choralar bizni to‘liq muhofaza qila oladimi? Dunyoni tamoman xavfsiz qila oladimi? Albatta, yo‘q. Biz bu bilan kasallik yuqish sur’atlarini sekinlashtirib, vaqtdan yutishimiz mumkin, xolos. - Zarbasini yumshatish ma’nosidami?.. - Uni sekinlashtirib yoki vaqtni cho‘zib, bemorlar sonini albatta, kamaytira olmaymiz. Ammo kelajakda kasallanajak odamlarga vaksina yaratish uchun vaqtdan yutamiz. Bu uchun bir-bir yarim yillar zarur bo‘ladi. Epidemiologlarning bu maqsadga erishuvlariga ishonaman. – Bu nimani anglatadi? – Birinchidan, og‘rib o‘tgan kishilarda kasallikka nisbatan immunitet paydo bo‘ladi. Ikkinchidan, u paytga qadar vaksina yaratiladi. Bularning uyg‘unlashuvi 70-80 foiz aholida “jamoaviy immunitet” paydo qiladi. Men COVID-19ni nafaqat davolaydigan, balki uning oldini oladigan preparat yaratilishidan umid qilyapman. Hozircha mening gaplarim asoslanmagandek tuyulishi mumkin. Shu bois ko‘pchilik bunga ishonmaydi. Mana, deylik SPID kasalligini davolab bo‘lmaydi, deb bemorga o‘lim hukmi o‘qilar edi. Keyinchalik shu narsa ma’lum bo‘ldiki, antivirus preparatlarning ba’zilari ushbu kasallikning oldini olish xususiyatiga ega ekan. – Shunday qilib, qachon uydan chiqib, ishga qaytishimiz mumkin bo‘ladi? – Quyidagi uch ishni amalga oshirmasdan turib, biz odatiy dunyomizga qayta olmaymiz. Birinchidan, kasallik ko‘lami haqida to‘la ma’lumotga ega bo‘lmog‘imiz lozim. Ikkinchidan, uni davolash uchun vaksina yoki preparat yaratishimiz kerak. Uchinchidan, eng muhimi: koronavirus bilan og‘riganlarning barchasida immunitet hosil bo‘lganligiga, ulardan qayta kasallik tarqalmasligiga qat’iy ishonch hosil qilmog‘imiz darkor. Bu haqda ularga sog‘liklari haqida guvohnoma beriladimi, yoki muhr bilan tasdiqlangan ma’lumotnomami, nima bo‘lganda ham, o‘qituvchilar, vrachlar, hamshiralar, polisiyachilar, o‘t o‘chiruvchilar va boshqalarning sog‘lom ekanliklariga to‘liq ishonch hosil qilishimiz kerak bo‘ladi. Ana shundagina bolalarimizni maktabga yuborishimiz mumkin. Yuqoridagi uch shart bajarilgan holdagina biz o‘zimizni tamoman bexavotir seza olamiz. – Ushbu vaziyatning biror-bir yaxshilik tomoni ham bormi? – Men olim bo‘lishim bilan birga xudojo‘y odamman va kasallikni o‘rganish davomida biz ilohiy bir kuchning ezgu madadiga umid qilib ishlaymiz. Mana, qarang, garchand ko‘chalarimiz huvillab qolgan bo‘lsa-da, kishilarimiznig ijtimoiy hamkorligi kutganimdan ham ko‘ra ziyoda. Men yoshlarning keksalarga g‘amxo‘rliklari ortganini ko‘ryapman, kasalxonalardagi shifokorlarimizning har qachongidan ham fidoyiliklariga guvoh bo‘lmoqdaman. Ular hech narsadan qo‘rqmasdan, maraz virusga qarshi kurashmoqdalar. Men hech qachon bu miqiyosdagi volontyorlik (hojatbarorlik)ni kuzatmagan edim. Ammo ularni bugungi yuzaga kelgan og‘ir vaziyat shunga majbur qilyapti, degan fikrdan ham yiroqman. Nima bo‘lganda ham bugungi murakkab davr hammamizni sinovdan o‘tkazmoqda. Biz ushbu muammoni bartaraf etsak, xuddi Ikkinchi jahon urushi mamlakatimizdagi siyosiy farqlarni bir chekkaga surib, hammamizni birlashtirganini yodimizga soladi, deb o‘ylayman. Bu virus teng huquqlikni da’vo qilmoqda. U barchani kimligidan qat’i nazar, ajratmasdan o‘z komiga olmoqda. Shu bois bizlar ham oramizdagi farqlarni bir chekkaga surib qo‘yib, o‘zimizni yanada tuzatib, bir-birimizni teng ko‘rishimiz sari eng oqilona yo‘lga tushib olishimiz lozim. Stiven Levi suhbatlashdi. (Rus tilidan Xudoyberdi Komilov tarjimasi)
Manba: "aniq.uz"
| |
|