16:00 O‘zbekistonda 14 yashar bolakay koronavirusga chalindi | |
Avval xabar berganimizdek, bugun, 30 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq yana bir holat qayd etilib, mamlakatda ushbu kasallik chalinganlar soni 145 taga ko‘tarildi. Qayd etilishicha, koronavirusni yuqtirib olgan navbatdagi bemor 14 yashar bolakay. Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Tursunov virus yuqtirgan 14 yoshli bemorni Chiroqchi tumanida istiqomat qilishini tasdiqladi. Doniyor Tursunovga ko‘ra, bemor koronavirusdan vafot etgan ikkinchi fuqaro bilan Toshkent shahrida muloqotda bo‘lgan. Hozirda u Qarshi shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. 14 yoshli bemorning yaqinlari va oila a’zolari karantinga olingan. Eslatib o'tamiz, koronavirusni yuqtirib olganlar orasida ikkinchi o‘lim holati joriy yilning 28 mart kuni qayd etilgan edi. Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|