Inson hayoti davomida tanovul qiladigan oziq-ovqatlar orasida poliz ekinlarining o‘rni beqiyos. Ulardagi vitaminlar odam organizmi uchun juda muhim hisoblanadi. Mana shunday sabzavotlardan biri kartoshkadir. Kartoshkadan nafaqat oziq-ovqat hamda yem-xashak sifatida, shuningdek, kraxmal, spirt, glyukoza, dekstrin va boshqa mahsulotlar olishda xomashyo sifatida foydalaniladi. Kartoshka tuganagi tarkibida 75-80 foiz suv, 23,7 foiz quruq modda, shu jumladan, 17,5 foiz kraxmal, 1-2 foiz oqsil, 0,5 foiz qand moddasi, 1 foiz mineral tuzlar, shuningdek, V1, V2, V6, S, RR, D vitaminlari va provitamin A (karotin), po‘stida esa zaharli modda salonin bor. Kartoshka kishilarning oziq-ovqat rasionida muhim o‘rin tutadi. Fiziologik tavsiya normalariga ko‘ra, bir kishi uchun yillik kartoshka iste’moli miqdori 45 kiloni tashkil etadi.
Ko‘rinib turibdiki, bunday sabzavotni doimiy iste’mol qilish foydali. Ammo bugungi kunda yurtimizda kartoshkaning narxi keskin ko‘tarilib ketgani barchamizni tashvishga solmoqda. Xo‘sh, bunga sabab nima?
Biz mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida bir nechta bozorlarga tashrif buyurib, bozor ma’muriyatiga murojaat etdik. Savollarimizga Sergeli tumani yarmarkasiga qarashli "Elga xizmat" savdo majmuasi direktori Qudrat Boltaev javob berdi.
– Bu yil kartoshkaning narxi oshib ketishiga kartoshka mahsulotining yetishmovchiligi sabab bo‘ldimi yoki sifat darajasimi?
– Har yili mamlakatimizda odamlar ehtiyoji uchun yetarli darajadagi hosildor yerlarga kartoshka ekiladi va o‘z mahsulotimiz bilan xalqimizni ta’minlab kelamiz. Bu yil ham xuddi shu zaylda ish olib borildi. Ammo ob-havo ta’siri tufayli kartoshkaga kasallik tegdi va sabzavot zaharlanish holatiga uchradi. Shu sababli O‘zbekistonda kartoshka mahsuloti tanqisligi ro‘y berdi.
– O‘zbekistonda bunday tanqislik kechayotgan bir paytda aholi ehtiyojini qondirish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?
– Bu kabi masalalarni mutasaddi tashkilot vakillari ko‘rib chiqqan holda import faoliyatini kuchaytirdi va Rossiya, Pokiston, Belorussiya, Qozog‘iston mamlakatlaridan kartoshka mahsulotlarini olib kelib,"O‘zbekoziqovqat" zaxira uyushmasi tomonidan arzonlashtirilgan holatda aholini ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Bunga muvofiq, Toshkent shahar hokimiyati huzuridagi Savdo, xizmat ko‘rsatish sohasi va xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish departamenti aholining moddiy holatidan kelib chiqqan holda har oyning boshida sabzavotlar narxini belgilab bermoqda. Bu faoliyat "Elga xizmat" savdo majmuasi nazorati ostida tadbirkorlar orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida aholiga bir qancha qulayliklarni yaratadi.
– Chetdan olib kelinayotgan kartoshkalarni O‘zbekistonda yetishtiriladigan kartoshka sifatiga taqqoslay olamizmi? Agarda sifat darajasi teng bo‘lsa, arzonlashtirilgan bu sabzavot uchun davlat byudjeti zarar ko‘rmayotganmikin?
– O‘zbekistonda yetishtiriladigan to‘yimli va vitaminga boy bu sabzavotni chetdan olib kelayotgan sabzavotga taqqoslab bo‘lmaydi, albatta. Ammo bu import mahsulotlari sifatsiz degani emas. Chunki u yerda ham sifatli poliz ekinlari yetishtiriladi. Aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun qilinayotgan bu chora- tadbirlar uchun davlat byudjeti zarar ko‘rmaydi, deb o‘ylayman. Bu narsalarning barchasi hisob-kitob orqali amalga oshiriladi.
Biz kuzatuv natijasida Chorsu dehqon bozori, Sergeli tumani yarmarkasi, supermarketlari va ulgurji bozorlarda sotilayotgan kartoshkalarning narxlarini solishtirganimizda turli tafovutlarga duch keldik. Masalan, kartoshka narxlari Chorsu dehqon bozorida 1800 so‘mdan 4000 so‘mgacha, supermarketlarda 3798 so‘mdan 4698 so‘mgacha, ulgurji bozorlarda 3500 so‘mdan 4500 so‘m narxlarda sotilmoqda. Faqatgina Sergeli bozorida sotilayotgan barcha kartoshkalarning narxi 1800 so‘mdan 2000 so‘mgacha. Bunday holatni ko‘rib, tadbirkor Akmal Yusupovga murojaat etdik.
– Ayting-chi, nima uchun Sergeli yarmarka bozorida kartoshkalarning narxi boshqa bozorlarga qaraganda ancha arzon? Bunday imkoniyat faqatgina shu bozorda mavjudmi yoki bunga boshqa sabab bormi?
– Haqiqatan ham, bizning bozorimizda kartoshkalarning narxi arzonlashtirilgan holda sotiladi. Har oyning boshida tegishli tashkilot vakillari nafaqat kartoshka, balki barcha poliz ekinlarining kelishilgan holatdagi narxlarini belgilab beradi. Shuningdek, barcha tadbirkorlarni ushbu belgilangan narxlar bilan tanishtirib o‘tadi va biz shu asosda o‘z ish faoliyatimizni yuritamiz. Bizning bozorimizda qimmat narxga pullaydigan olib-sotar sotuvchilar uchramaydi. Shu sababli, bozorimiz rastalarida sotilayotgan barcha mahsulotlarimiz sifatli va tartibli. Lekin bu yil kartoshkaning o‘zi ham ancha tanqis bo‘lib ketdi. Chunki har yili 20 tonna olinadigan joydan bu safar 6 tonna kartoshka olindi, 14-15 tonna zarar zarar ko‘rildi. Balki shungadir.
Bundan ko‘rinib turibdiki, barcha bozorlarimizda ham tartibga, qonun-qoidaga rioya qilinmas ekan. Bu kabi tartibsizliklarning oldini olish uchun qilinayotgan chora-tadbirlarni nima uchun ma’sul xodimlar o‘z nazorati ostiga olmayapti? Aholi bu kabi tartibsizlikdan aziyat chekaversinmi?! Axir hammaning ham imkoniyati yetarli emasligi barchamizga ma’lum-ku. Mamlakatimizda qabul qilinayotgan barcha qonunlar, ishlab chiqarilayotgan chora-tadbirlar xalq farovonligi uchun xizmat qilishi kerak emasmi? Bu kabi savollarga javob topish maqsadida bir necha tadbirkorlarga yuzlanganimizda, ular savollarimizga javob berishni xohlashmadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha bir yilda yetishtiriladigan kartoshkaning qiymati shu muddat ichida qazib olinadigan oltin va kumush qiymatidan ko‘pdir. Darhaqiqat, odam salomatligi oldida har qanday oltinu kumush hech bir qiymatga ega emas. Faqat o‘z cho‘ntagini o‘ylab, aholining manfaatlariga putur yetkazayotgan "tadbirkorlar"ning olib borayotgan savdo ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish xalq dardiga quloq solayotgan bir davrda ayni muddaodir!
Madina Muhammadiyeva