16:42 O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 5500 nafardan oshdi | |
O‘zbekistonda koronavirusga chalingan yana 73 nafar bemor tuzaldi va mamlakatda kasallikdan tuzalganlarning umumiy soni 5500 kishidan oshdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, 30-iyun kuni Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 28 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2 nafar, Xorazm viloyatida 43 nafar, jami 73 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘ayib, o‘z uyiga kuzatildi. Shunday qilib, ayni paytgacha Toshkent shahri va viloyatida koronavirus infeksiyasidan jami 3262 nafar bemor tuzaldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa COVID-19’dan tuzalganlarning umumiy soni 143 nafarga yetdi. Xorazm viloyatida koronavirusdan sog‘ayganlar soni 301 nafarni tashkil qilmoqda. Shu tariqa, O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayganlarning umumiy soni 5569 nafarga yetdi. O‘zbekistonda 30-iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 76 kishiga ko‘payib, kasallanganlarning umumiy soni 8298 nafarga yetdi. Hozirga qadar mamlakatda 25 kishi COVID-19 qurboniga aylangan. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora jiddiylashayotganini hisobga olib, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020-yil 1-iyuldan boshlab, qator karantin cheklovlari kuchaytiriladi. O‘zbekistondagi barcha buyum bozorlari haftaning har shanba va yakshanba kunlari yopiladi. “Qizil” va “sariq” hududlarda soat 23:00 dan keyin ko‘chada yurish taqiqlandi. “Sariq” hududlarida soat 22:00 dan keyin maxsus ruxsatnomasiz yurgan avtomobillarga qarshi nazorat kuchaytiriladi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|