O‘zbekistonda eng ommaviy taom – “Palov indeksi” ma’lumotlari shakllantirilishi joriy etilmoqda.
Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan mamlakatning barcha hududiy markazlarida joylashgan yirik umumiy ovqatlanish muassasalari (jumladan, “Osh markazlari”)dagi 1 kg palov uchun sarflanadigan masalliqlar ro‘yxati, shuningdek, ularning narxlari (qiymati) to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantirilib borilmoqda. Ushbu ma’lumotlarning shakllanish jarayoni bir necha bosqichdan iborat hisoblanadi.
1. Respublikaning barcha hududlarida 1 kg palov tayyorlash uchun sarflanadigan masalliqlar miqdori o‘rganib chiqilib, mamlakat bo‘yicha o‘rtacha masalliqlar ro‘yxatini shakllantirildi. Unga ko‘ra:
• O‘simlik yog’i (300 gr.);
• Piyoz (300 gr.);
• Mol go‘shti (700 gr.);
• Sabzi (1 kg.);
• Guruch (1 kg.);
• No‘xat (100 gr.);
• Mayiz (50 gr.);
• Ziravorlar (10 gr.);
• Osh tuzi (5-10 gr.).
2. Hududlardagi (ilovaga muvofiq) umumiy ovqatlanish muassasalarida “1 porsiya” palovning o‘rtacha narxini ro‘yxatga olish (1 hududdan kamida 3 ta muassasa).
3. 1 kg tayyor palovning qiymatini hisoblash (barcha sarf-xarajatlarini inobatga olgan holda).
4. Ma’lum davriylikda 1 kg palov tayyorlash uchun sarflanadigan xarajatlar narxlarining o‘zgarishi.
5. Shakllangan tahliliy ma’lumotlarni ma’lum davriylikda e’lon qilib borish.
Shu kabi bosqichlarda “Palov indeksi” ma’lumotlari shakllantiriladi.
Eslatib o‘tamiz har bir hudud (mamlakat)ning o‘ziga хos “хususiyatlari”ni inobatga olib, Yevropaning aksariyat mamlakatlarida “Big-Mak indeksi”, Rossiya Federatsiyasida “Olive indeksi” ma’lumotlari shakllantiriladi.
Ma’lumot uchun, jahon mamlakatlari orasida aniq yoki doimiy iste’moldagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi bilan o‘zlarining “shaxsiy inflyatsiya” darajalarini baholashgan. Mazkur baholash turlari har bir hududning individual sharoitlarini inobatga olgan holda shakllanib borgan. Shulardan dunyoda deyarli keng miqiyosda tarqalgan usul – “Big-Mak indeksi” hisob-kitobidir. Unga ko‘ra, bir xil standartga (tarkibiy masalliqlari jihatidan) taalluqli “gamburger”ning turli mamlakatlardagi narxlari ro‘yxatga olinadi. Narxlarni ro‘yxatga olishning aniq davriyligiga asosan, aynan shu mamlakatlarda mazkur turdagi “taom”ning o‘rtacha narxlari qayta ro‘yxatga olinadi. Shakllangan ma’lumotlar asosida narxlar o‘zgarishi dinamikasi tahlil qilinadi.
Bu turli davlatlar valyutalarining haqiqiy ayirboshlash kurslarini aniqlash maqsadida, iqtisodchilar tomonidan 1986 yildan e’tiboran bunday tadqiqotlar olib borilib, “The Economist” jurnalida e’lon qilinadi.
“The Economist” jurnalining mutaxassislari ikkita sababga ko‘ra ushbu ma’lumotdan foydalanadilar: “McDonald’s” dunyoning aksariyat mamlakatlarida taqdim etilgan va “Big-Mak”ning o‘zi uni milliy iqtisodiyotning universal omili deb hisoblash uchun yetarlicha oziq-ovqat masalliqlarini
(non, pishloq, go‘sht, sabzavotlar va h.k) o‘z ichiga oladi. Uning narxi har bir mamlakatda ishlab chiqarish, ijara narxlari, xom-ashyo, ishchi kuchi va boshqa omillarga bog‘liq. Mutaxassislarning fikricha, ushbu usul daromadning o‘xshash darajasi bo‘lgan mamlakatlarda, ayniqsa qimmat valyuta, noqulay bo‘lgan inqiroz sharoitida valyutalar qiymatidagi tafovutlarni ko‘rishga imkon beradi.