19:34 O‘zbekistonda shajarani aniqlaydigan ekspertiza turi joriy etiladi | |
O‘zbekistonda Y-xromosoma orqali insonlarning genetik kelib chiqishini, shajarani aniqlovchi yangi ekspertiza turi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Respublika sud ekspertiza markazining laboratoriya mudiri Dilobar Ahmedova 5 mart kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. “O‘zbekiston prezidentining 4125-sonli qaroriga asosan markazimizda pulli xizmatlar soni ko‘paytirilmoqda. Jumladan, Y-xromosoma orqali genetik kelib chiqish tadqiqotlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti. Bu borada laboratoriyamizda nafaqat pulli xizmatlar ko‘rsatamiz, balki ekspertiza jarayonida ham Y-xromosomalar orqali ko‘p jinoyatlarni ochishda yordam beramiz. Y-xromosoma bu odatda erkak jinsidagi shaxslarda ota avloddan nasldan naslga o‘tadigan genetik belgi hisoblanadi va u ota avlod bo‘yicha o‘tib boradi. Umuman, DNK shunday moddaki, u nafaqat odamning shaxsini, qarindoshligini, balki uning kelib chiqishini, hayoti davomida mavjud bo‘lgan kasalligi haqida ma’lumotlar olish imkoniyatini beruvchi modda hisoblanadi. Shu tadqiqotlar yo‘li orqali bizga murojaat qilgan fuqarolarning ota avlod bo‘yicha kelib chiqishi kimlarga borib taqalishini aniqlashimiz mumkin”, deya Dilobar Ahmedovaning so'zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Manba: "sof.uz"
| |
|