Главная » 2020 » Февраль » 16 » O‘zbekistonga har kuni o‘rtacha 30—40 nafar xitoylik kirib kelmoqda
19:42

O‘zbekistonga har kuni o‘rtacha 30—40 nafar xitoylik kirib kelmoqda


O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi profilaktik tadbirlar xalqaro tibbiy sanitariya qoidalar talablari asosida amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi ma’lum qildi.

Agentlik tomonidan Rossiyaning “Rospotrebnadzor” xizmati taqdim etgan koronavirus diagnostikumi olib kelinib, markaziy va hududiy virusologik laboratoriyalarga taqsimlab berilgan. Bugungi kunda barcha hududiy laboratoriyalarda PSR yordamida koronavirusga tekshirish yo‘lga qo‘yilgan.

Koronavirus infeksiyasini O‘zbekiston hududiga kirib kelishini oldini olish maqsadida IIV tomonidan Xitoydan kelayotgan O‘zbekiston va Xitoy fuqarolarining ro‘yxati kunlik olinish tizimi yo‘lga qo‘yilgan va mazkur ro‘yxatda bo‘lgan barcha shaxslar uy sharoitida tibbiy kuzatuv ostiga olinmoqda.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan joriy yilning yanvar oyidan 14-fevralgacha bo‘lgan muddatda Xitoydan kelgan 4 305 nafar fuqaro ro‘yxati olingan, ulardan 3 058 nafarda 14 kunlik tibbiy kuzatuv davri yakunlangan bo‘lib, bugungi kunda 634 nafar fuqarolar salomatligi ustidan tibbiy nazorat davom ettirilmoqda.

Fuqarolarni yashash joyidagi davolash muassasasi xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, harorati o‘lchanib, epidemiologik ko‘rsatmalar bo‘lgan hollarda koronavirusga laboratoriya tahlili o‘tkazilmoqda. Shu kungacha Xitoyda bo‘lgan 154 nafar fuqaroda shamollash belgilari qayd etilib, ularda koronavirusga laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazildi va koronavirus inkor etildi.

O‘zbekistonda Xitoy bilan jami 495 ta qo‘shma korxona mavjud bo‘lib, ularda 2 845 nafar xitoylik ishlamoqda. Xitoyda Yangi yil bayramini o‘tkazib, O‘zbekistonga qaytib kelayotgan xitoyliklarning (o‘rta hisobda kuniga 30—40 nafar) boradigan manzili aniqlanib, korxonalar va mehmonxonalarda kelgan kunidan boshlab 14 kun mobaynida tibbiy kuzatuvga olinmoqda.

“Ushbu shaxslar orasida shamollash belgilari qayd etiladigan bo‘lsa, hududiy tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limlarida karantinga olish uchun sharoitlar yaratilgan”, — deyiladi markaziy shtab axborotida.

Ma’lumot uchun, 14-fevral kuni Toshkent aeroportiga xorijdan 26 ta reys orqali 4 186 nafar, temiryo‘l orqali 5 ta poyezdda jami 958 nafar shaxs, shuningdek, davlat chegara bojxona postlari orqali 1 828 ta avtotransport egalari va 33 937 nafar yo‘lovchi termometriyadan o‘tkazildi, shulardan 35 nafari Xitoy fuqarolari hamda 22 nafari Xitoyda o‘qiydigan o‘zbekistonlik talabalardir.

1—14-fevral kunlari davomida 451 nafar Xitoy fuqarosi O‘zbekiston hududiga kirib kelgan va ular o‘rtasida kasallik aniqlanmagan (tibbiy kuzatuv olib borilmoqda). Bundan tashqari, 4—6-fevral kunlari O‘zbekistonga Xitoydan kelgan 584 nafar O‘zbekiston fuqarosi “Bo‘ston”, “Energetik” sanatoriylari va 6-sonli shahar klinik shifoxonasiga joylashtirilgan bo‘lib, ular o‘rtasida ham koronavirus aniqlanmagan.

Ayni vaqtda, 14—15-fevral kunlari 6-sonli klinik shifoxona va “Energetik” sihatgohiga joylashtirilgan fuqarolar va ularga xizmat ko‘rsatuvchi ishchi-xodimlardan jami 389 ta qayta laboratoriya tahlili uchun namuna olindi. Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish tadbirlari davomida epidemiologik ko‘rsatmaga asosan 15-fevraliga qadar jami 1 352 ta namuna koronavirus infeksiyasiga tekshirildi va koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan.


Manba: "daryo.uz"
| Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz