22:00 Odil Ahmedov: «Davlat klublariga ajratilgan pullarning yarmi ham manzilga yetib kelmaydi» | |
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori – Odil Ahmedov "Sport.uz TV"ga eksklyuziv intervyu berdi. Odil ushbu suhbatda futbolimizdagi bir nechta og‘riqli mavzular haqida fikr bildirdi. – Siz xorij futboli bilan yaxshi tanishsiz. Ayting-chi, O‘zbekistondan boshqa yerda davlat qarmog‘idagi klublar mavjudmi? Agar klublarimiz o‘z aravasini o‘zi tortsa, bu futbolimizda qanday o‘zgarishlarga olib keladi? – Boshqa davlatlarda klublarning hammasi xususiy. Xorijda har bir jamoaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi mavjud. Ularning aksariyati transferlar orqali jon saqlashga o‘rganib qolgan. Aslida, futbol klublarimizning xususiy bo‘lishi juda ham yaxshi, ammo homiy masalasida muammo mavjud. Bizda futbol jamoalariga pul tikishdan naf yo‘q. Tasavvur qiling, homiy «Buxoro» yoki «Andijon»ni sotib oldi. U bundan nima foyda qilishi mumkin? Bu klublarni qo‘lga kiritishdan qanday naf? Transferlardan umid qilmasa ham bo‘ladi. Muxlislar tashrifi ham klub g‘aznasiga katta daromad olib kelmaydi. Balki, bu sohadagi odamlarning fikri o‘zgachadir. Mamlakat qaramog‘ida klublarning qolishi juda ham yoqimsiz holat. Afsuski, davlat moliyalashtirayotgan jamoalarda pul o‘g‘irlanishi juda ko‘p kuzatiladi. Ajratilgan pullarning yarmi ham manzilga bormaydi. Futbolda eng muhimi, unga bo‘lgan mehr. Agar jamoa rahbarlari futbolni sevsa, o‘g‘riliklar kam bo‘ladi. Futbolga pul tikish foydali. Birgina mening transferimdan «Paxtakor» qancha daromad oldi?! «Anji»ga o‘tganimda, «Krasnodar»ga o‘tganimda va hatto, Xitoy klubi bilan shartnoma imzolaganimda ham «sherlar» kattagina summa ishlab oldi. Buning uchun klubdagi barcha ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi kerak. – Bundan ancha yil avvalgi intervyungizda «O‘zimdan ham kuchliroq futbolchilar bor edi, ammo ularning qayerga ekanligini bilmayman»,- degan edingiz?.. – Qishloqda to‘p tepib yurgan paytlarimda, mendan iqtidorliroq yigitlar bilan shug‘ullanganman. Afsuski, futbolda qolish uchun katta tavakkal qilish kerak. O‘sha yigitlarning ota-onasi «Nima qilasan, agar Toshkentga ketsang, yo‘l kiraga qanday pul topib beraman»,-deganini o‘zim eshitganman. Ular buni yengib o‘tganda ham professional darajaga o‘tishda katta muammoga duch keladi. Bizda murabbiylar yoshlarga ishonch bildirmaydi. O‘zbekistonda yosh yigitlarga imkon beruvchi mutaxassislar juda kam. Ular ertaga hosil berishi aniq bo‘lgan yoshlardan ko‘ra, hozir natija beradigan tajribali futbolchilarga suyanadi. Ishonchsizlik sababli ko‘plab iqtidorli yigitlar futbolni tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda. O‘zbek futbolidagi eng katta kamchiliklardan biri ham shu. «Navbahor» va «Metallurg» o‘rtasidagi o‘yinni ko‘rdim. Serbiyadan legioner olib kelishgan ekan. Uning o‘rniga zaxiradan 20 yoshli o‘zimizning qora ko‘z maydonga tushdi. To‘g‘risi, agar men «Navbahor»da bo‘lganimda, serbning o‘rniga o‘zimizning futbolchini asosiy tarkibda maydonga tushirgan bo‘lar edim. Bu holat juda ko‘p yosh iqtidor egalarini sindirib qo‘ymoqda. Murabbiy tomonidan bo‘lgan ishonch juda muhim. Agar yoshlarga motivasiya berilsa, ular 180 daqiqa yugurishi mumkin. Bu ko‘plab o‘zbek murabbiylarining kamchiligi.
Manba: "aniq.uz"
| |
|