17:07 Olxo‘ri murabbosidan «PAY» - mehmon kelsa... | |
Zarur masalliqlar: xamiriga: 200 grammdan un va yumshoq tvorog, 125 gr. sariyog‘, 1-3 osh qoshiq muzdek suv, 1 osh qoshiq shakar, tuz; ichiga solishga:500 gr. olxo‘ri murabbosi, 100 gr. shokolad, 3 osh qoshiq shakar, 2 choy qoshiq dolchin; yuziga surtish uchun: tuxum sarig‘i yoki qaymoq. Tayyorlanishi: 1. Sariyog‘ni to‘rtburchak shaklda to‘g‘rab, muzxonaga 10-15 daqiqaga qo‘ying. 2. Unni tuz, shakar bilan aralashtirib, tvorog qo‘shing. So‘ngra sariyog‘ bo‘laklarini solib, qo‘lingiz bilan aralashtiring-da, muzdek suvni qo‘shing. Agar zarurat bo‘lsa un ham. Xamir yumshoq bo‘lishi kerak. 3. Xamirni ikkita katta-kichik zuvalaga ajrating. So‘ngra sellofan paketga o‘rab, yarim soatga muzlatkichga qo‘ying. 4. Olxo‘ri murabbosidan mevalarni ajratib, maydalab to‘g‘rang-da, shokolad bo‘laklari, shakar va dolchinni qo‘shing. 5. Xamirning katta bo‘lagini aylana shaklida yoying. Yog‘langan qolipga joylashtirib, atrofini ko‘tarib chiqing. Olxo‘rili aralashmani soling. 6. Ikkinchi zuvala xamirni yupqaroq qilib yoying. Eni 3-4 sm.lik tasmalar kesib oling. Va pirog yuzini xamirli tasmalar bilan yoping. So‘ngra tuxum sarig‘i yoki qaymoq surting-da, 35-45 daqiqaga 200 darajada qizdirilgan gaz pechiga qo‘ying. Pishgach, olovni o‘chirib, yana o‘n daqiqa gaz pechida qoldiring. Tayyorlanish vaqti: 2 soat. 6 kishilik.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|