Главная » 2020 » Март » 24 » Osiyodagi yana 4 mamlakat koronavirusga qarshi kurashda muvaffaqiyat qozonmoqda
16:15

Osiyodagi yana 4 mamlakat koronavirusga qarshi kurashda muvaffaqiyat qozonmoqda


Janubiy Koreyadan tashqari, Tayvan, Singapur, Hongkong va Xitoy ham pandemiyaga qarshi samarali kurasha olmoqda. Ular koronavirus ustidan to‘la g‘alaba qozonishga yaqin turgan davlatlar hisoblanadi.

Koronavirus pandemiyasi tarqalishi ham, unga qarshi samarali kurash ham ilk marta Osiyo davlatlarida kuzatildi. Ammo bu kurashda osiyoliklarning g‘alabasi 2002-2003 yillarda tarqalgan SARS pnevmoniyasidan orttirilgan tajribaga asoslanadi. Negaki, ular virusga qarshi samarali kurashdan so‘ng, shu turdagi tahdidlardan munosib himoyalanish uchun sog‘liqni saqlash milliy tizimini qayta tashkil etishga qat'iy qaror qilgandi.

Bir necha kunlar farqi bilan Tayvan, Hongkong va Singapur koronavirusga qarshi kurash yo‘lida uch turdagi chorani qo‘lladi, ulardan ayrimlari ayni vaqtda O‘zbekistonda ham tatbiq etilmoqda.

Birinchidan, infeksiya tarqalgan hududlar bilan aviatashuv bekor qilindi. Ikkinchidan, virusni yuqtirib olgan va shunga gumon qilingan barcha shaxslar majburiy karantinga olindi. Nihoyat, ijtimoiy masofalanish choralari, ya'ni o‘zini izolyatsiyaga olish, ommaga qo‘shilmaslik va shaxsiy gigiyenaga rioya etish qoidalari amal qila boshladi.

Tayvan

 

Rasman Xitoy Xalq Respublikasi tarkibiga kiruvchi, ammo o‘z hududi ustidan suverenitetga da'vo qiluvchi Tayvan ko‘p masalalarda Xitoyga bog‘langan. Masalan, 850 mingga yaqin tayvanlik (orolning taxminan 3,6 foiz aholisi) Xitoyning materikdagi qismida mehnat qiladi. Bundan tashqari, ularni kuchli iqtisodiy aloqalar bog‘lab turadi. Shunga qaramay, Tayvanda SARSr-CoV-2 koronavirusi bilan kasallanganlar soni 215 kishini tashkil etgan, Covid-19’dan esa faqat ikki kishi vafot etgani qayd etilgan.

Tayvan hukumati kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha boshqa davlatlardan ko‘ra qat'iyroq choralar ko‘ra oldi.

Uhanda koronavirus qayd etilishi bilan Tayvan virus tarqalgan shaharlardan uchib keluvchilarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni majburiy qilib qo‘ydi. Shu tufayli, Xitoyning bir qator yirik shaharlaridan kirish bekor qilindi, Makao va Hongkongdan tashrif buyuruvchilar esa 14 kunlik karantinga olindi.

Fevral oyi boshidanoq Tayvanda tibbiy niqoblar eksportiga taqiq qo‘ydi, ularning taqsimlanishi nazoratga olindi. Shu bilan rasmiylar aholi o‘rtasida ko‘tarilgan vahimadan foydalanishga uringan opportunist ishbilarmonlarga imkoniyat bermadi. Tibbiy niqoblar taxminan 1700 so‘mdan (mahalliy kupyuradagi 5 dollar) cheklangan miqdorda sotuvga chiqarildi. Ommaviy joylar, tashkilot va markazlarda antiseptik geldan bepul foydalanish sharoiti yaratildi. Aholi istagiga ko‘ra, tana haroratini tekshirib beruvchi mobil-qurilmalar faoliyat ko‘rsata boshladi. Hukumat virusga qarshi kurashda zarur tibbiy anjomlar, xususan niqob ishlab chiqarishni jadallashtirdi.

Orolda 23 million aholi bo‘la turib, mamlakatda kuniga 10 million dona tibbiy niqob ishlab chiqarilmoqda.

Singapur

 

2000-yillar boshida SARS bilan kurashgan shahar-davlat ham tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha tajribaga ega edi. O‘tgan yili 31 dekabr kuni Xitoy rasman infeksiya tarqalganini e'lon qilishidan uch kun o‘tib, Singapur Uhandan keluvchi barchani sinchkovlik bilan tekshirishni boshladi. Virus yuqtirib olgan birinchi yo‘lovchi aniqlanishi zahoti Uhan bilan aviaqatnov bekor qilindi.

Singapur mintaqadagi yirik aviatransport habi hisoblanadi, shuningdek, mamlakat aholisining 10 foizi etnik xitoylik bo‘lib, ularning ish faoliyati Hongkong va Xitoy bilan aloqador. Shunga qaramay, Singapur karantin joriy etib, gumondor shaxslarni karantinga ola boshladi. Bundan tashqari, infeksiya aniqlangan bemor bilan alohida ishlab, u bilan aloqada bo‘lgan barcha shaxslarni aniqlashtirdi.

Hongkong

 

Uhandan 900 km masofada joylashgan Xitoyning maxsus ma'muriy birligi – Hongkongda, birinchi galda, koronavirusni tekshirish uchun barcha yirik shifoxonalarda test markazlari tashkil etildi. O‘z hukumati va pul birligiga ega ushbu shaharda fervaldayoq 12 ming kishi karantinga olingandi. Shuningdek, 7,5 million aholiga ega shahar ma'muriyati bir vaqtning o‘zida 1200 nafar bemorni qabul qilish imkoniyatiga ega yuqumli kasalliklar shifoxonasini shay holatga keltirdi.

Janubiy Koreya

 

Janubdagi Koreya aholisi Tayvandan ikki baravar ko‘p, ammo mamlakatda virusga chalinganlar soni deyarli 60 marta ortiq - ayni vaqtga kelib 9 mingdan ortiq kishida virus aniqlandi. Shu paytgacha 120 o‘lim holati qayd etildi. Tayvan va Janubiy Koreya o‘rtasidagi farq siyosiy xatolik hamda kechiktirilgan choralar bilan izohlanadi.

Prezident Mun Je In pandemiya boshidanoq Xitoy bilan aviatashuvni to‘xtatish, chegaralarni yopishga shoshilmadi. Uning beqarorligi Xitoy rahbari Si Tszinpining qoldirilgan tashrifidan umidvorligi bilan bog‘liq edi. U saylovoldi kampaniyasida Shimoliy Koreya bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatishga va'da bergandi, shu maqsadda u mintaqa davlatlari bilan yaqindan hamkorlikni ko‘zlab turgandi. Bundan tashqari, asosiy savdo sheriklaridan birini xafa qilishni istamagan Koreya 13 yanvarda koronavirus tarqalishi nazoratga olinganini ma'lum qildi. Ammo bir hafta o‘tmay, infeksiyani yuqtirib olganlar soni 100ga yaqinlashdi, oy oxiriga borib, bemorlar 3 mingdan oshdi. Koreyslar davlat rahbarining iste'fosini so‘rab, petitsiya imzolay boshladi.

Shunga qaramay, hukumat kurashda dadil qadam tashladi: Janubiy Koreyada koronavirusga tekshirtirish test markazlari ko‘paytirildi. Tahlil natijalari ikki soatda, ayrim holatlarda bir sutkada uyali aloqa vositasiga yuborildi. Shunday qilib, kuniga 20 ming kishi test topshirish va sog‘lig‘i haqida ma'lumot olish imkoniga ega bo‘ldi.

Rasmiy Seul baxtiga koronavirus keng tarqagan o‘choqlaridan biri Tegu shahridagi ibodatxona bo‘lgan. Gap shundaki, ibodatxona ma'murlari ko‘proq yoshlarni, xususan talabalarni ishga yollagandi. Covid-19 bilan kasallangan bemorlar orasida o‘lim holati esa aynan yoshga ham bog‘liq bo‘lib, u yoshlarda nisbatan oson kechadi. Shu tufayli, o‘lim holati kamroq, ya'ni bemorlarning 1 foizi atrofida kuzatildi.

Xitoy

Albatta, Xitoyning koronavirusga qarshi kurash choralari ancha samarali bo‘ldi. Pekin eng radikal usullarni tanladi: avval, 60 million aholi yashab turgan butun provinsiya karantinga olindi, keyinroq butun mamlakat yopildi. Shifokorlar va tegishli soha vakillarining jonkuyarligi bilan yangi shifoxonalar tezkor qurilib, bemorlarni davolash ishi kuchaytirildi. Xitoy buning tovonini katta iqtisodiy yo‘qotish bilan to‘ladi, oqibatda bu tovon jahon iqtisodiyotiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatdi.

Xitoy hukumati 25 martdan Xubey provinsiyasini karantindan chiqarmoqda. Shu bilan birgalikda, virus o‘chog‘i Uhan shahri 8 aprelga qadar yopiqligicha qoladi.

Xubey va Uhan 23 yanvardan buyon tashqi dunyodan uzilgan holda yashamoqda.

Xitoyda so‘nggi haftalarda kasallik tarqalishi sezilarli darajada pasaygan. So‘nggi bir kunda butun mamlakat bo‘ylab virusdan zararlanganlar soni 78 nafarni tashkil etdi, 7 kishi vafot etdi. Virus tarqalishi boshlanganidan buyon jami 81171 kishi virus yuqtirgan, ulardan 73159 nafari to‘liq sog‘ayib ketgan, 3277 kishi vafot etgan.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz