20:49 Ostrogojskayaning o‘lib ketgan ota-onasida nima ayb? | |
Balki o‘qigandirsiz, bir muddat avval O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) saytida milliy internet-jurnalistikaning hozirgi ahvoliga bag‘ishlangan katta bir maqola e’lon qilindi. O‘sha ziddiyatli maqolada muallif o‘zbek internet-nashrlarini “sun’iy reyting ortidan quvish”da ayblab, bunga misollar keltirgan. Maqola chop etilgan sahifaning biror joyida bu haqda eslatilmagan bo‘lsa-da, muallif bilan O‘zA tahririyatining fikrlari bir-biridan farqli bo‘lishi mumkin, albatta. Baxtga qarshi, O‘zA sayti o‘sha maqolada “keskin tanqid”ga uchragan saytlarning “kamchiliklari”ni takrorlayotgandek, nazarimda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ayovsiz tanqidiga uchragan Ella Ostrogojskaya haqida agentlik saytida e’lon qilinayotgan materiallar sarlavhasi, ularni taqdim etish usuli bu fikrni bir qadar tasdiqlaydi, deb o‘ylayman. O‘zA saytida Ella Ostrogojskaya haqida e’tiborga molik dastlabki ma’lumot (O‘zA aytmoqchi, “rasmiy ma’lumotlar”) 27-dekabr kuni, katta bir maqolaning ichida “Ella Ostrogojskaya aslida kim bo‘lgan?” degan kichik sarlavha bilan berildi. “Daryo” bu ma’lumotlar Prezidentning Murojaatnomasidan so‘ng paydo bo‘lgan savollarni kamaytirish o‘rniga yanada ko‘paytirgani haqida yozgan edi. 9-yanvar kuni O‘zAda “Ella Ostrogojskaya haqidagi eng so‘nggi, eng aniq ma’lumotlar” sarlavhali axborot chiqdi. Jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan o‘qilgan (bu axborotning “Daryo”da qayta chop etilgan talqini yarim kunda 100 ming martadan ziyod o‘qildi) bu “eng so‘nggi, eng aniq ma’lumotlar” bor-yo‘g‘i Ella Ostrogojskayaning shaxsiy ma’lumotnomasi bo‘lib chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, unda “Daryo” 28-dekabr kuni bergan bir-ikki savolga javob bor — u qachon, qayerda, qancha muddat ishlagan, degandek. Yana qo‘shimcha ikki axborot ham bor — Ostrogojskayaning surati hamda u olgan davlat mukofotlari ro‘yxati. Ayni vaqtda, birinchi maqoladan so‘ng paydo bo‘lgan asosiy savollar (davlat budjetiga qancha zarar yetkazgan, aynan qaysi yillardagi ko‘rsatkichlarni soxtalashtirgan, Davlat rahbariga qanday yolg‘on hisobotlar bergan va hokazo, va hokazo) ochiq qolib, nazarimda, bir o‘rinsiz ma’lumot — Ella Ostrogojskayaning onasi, otasi, shuningdek, eri, qizi va o‘g‘li haqida qisqacha axborot berilgan. Unga ko‘ra, Ella Ostrogojskayaning onasi Lyudmila Popova 1959-yili, Ella uch yasharligida vafot etgan. Otasi — Ilya Kogan esa uzoq yillar “Foton” zavodida usta bo‘lib ishlagan, 2002-yili vafot etgan. Ellaning turmush o‘rtog‘i — Igor Ostrogojskiy “ATEKS” firmasida menejer bo‘lib ishlaydi, 1984-yilda tug‘ilgan qizi Anastasiya Moskvadagi moliya-yuridik akademiyasida, 1986-yilda tug‘ilgan o‘g‘li Kirill TATUda tahsil olgan. Nega Ostrogojskayaning eng yaqin qarindoshlari haqidagi bu ma’lumotlar mening nazarimda o‘rinsiz? Ostrogojskayani Prezident qattiq tanqid qildi — buni hamma ko‘rdi; Prezident va boshqa mutassaddilar tomonidan berilgan bayonotlarda, shuningdek, O‘zA e’lon qilgan birinchi maqolada Ostrogojskayaga nisbatan katta ayblovlar ilgari surildi (birgina “Davlat rahbariga yolg‘on hisobotlar bergan” degan gapning o‘zi qanchalik og‘ir). Bu bayonotlar, ayblovlar ortidan tegishli organlar Ostrogojskayaga nisbatan qandaydir ish ochdimi-yo‘qmi — bexabarman (har holda ular biror ochiq bayonot bilan chiqish qilganicha yo‘q). Katta ehtimol bilan, u — qonunbuzar, uning aybi bor, har holda “shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi”. Mana shu — “u aybdor” degan taassurot hosil bo‘layotgan bir vaqtda, Ostrogojskayaning ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlari haqida bunday quruq axborot berish ularni aybsiz aybdordek ko‘rsatib qo‘yadi va bu, kamida, oddiygina insoniylikka zid. Vaziyatni juda jo‘n izohi shunday: agar men biror jinoyat qilgan bo‘lsam va bunga faqat o‘zim aybdor bo‘lsam (ya’ni, otam, onam, ukam, singlim, ayolim va boshqa qarindoshlarim aralashmagan bo‘lsa), bu jinoyat tafsilotlarini ovoza qilyotganlarida faqat meni tilga olishlarini istardim, aybsiz boshqalarni emas. Bu holatda qonun va jamiyat meni jinoyatchi deb turganining o‘ziyoq begunoh qarindoshlarim uchun yetarlicha og‘ir (ruhiy) jazo, ularni nomma-nom, aybi bor-yo‘qligiga qaramay jamoatchilikka tanishtirish — juda jiddiy, og‘ir asoratlarga olib keladigan zarba bo‘lur edi. Agar ular orasida men sabab bilib turib aybdorga aylanganlar bo‘lsa, ularning-da ayblari aytilsin, lekin beayblarini tinch qo‘ygan ma’qul. Zavodda usta bo‘lib ishlash, biror firmaga menejerlik qilish, Moskva yoki Toshkentdagi oliygohda o‘qish, bilishimcha, biror yomon yo noqonuniy harakat emas — minglab odamlar zavodlarda ishlayapti, poytaxtning birgina tumanida yuzlab menejerlarni topish mumkin, ming-minglab o‘zbekistonlik yoshlar Rossiya oliy ta’lim muassasalarida o‘qimoqda. Ostrogojskaya qilgani ta’kidlanayotgan noma’qul ishlarga uni 2002-yilda vafot etgan otasi boshlaganmi? Qizi yo o‘g‘li onasidan davlat budjetidan qaytarmasa ham bo‘ladigan uncha-muncha pul olib berishni so‘raganmi? Igor Ostrogojskiy xotinining mansabidan foydalanib, biror noqonuniy ishini bitirganmi? Shunday yoki shunga o‘xshash holatlar bo‘lsa — aytilsa yaxshi, aksincha bo‘lsa, qonunbuzar deb gumon qilinayotgan inson bilan uning eng yaqin qarindoshlari ism-familiyalarini bir ro‘yxatda besabab sanash o‘rinsiz. Shu o‘rinda qatag‘on yillarida yashab, ijod qilgan mashhur shoir va yozuvchilarimizning tarjimai hollaridan g‘oyat achinarli, juda ta’sirli, o‘qisang o‘sha davr hukmdorlariga nisbatan nafrating jo‘sh uradigan voqea-hodisalarni misol qilib keltirish mumkin, lekin rejissor Zulfiqor Musoqovning “Vatan” filmidagi bir lavha nisbatan tushunarliroq, chamamda. Urushdan qaytib, militsioner bo‘lgan Hamid yomg‘ir vaqti odamlarni paxta dalasidan olib chiqib ketgani uchun Gunafshaning ustidan yumaloq xat tushgani, endi u 15 yilgacha qamalishi mumkinligini aytadi, uni sabotajda ayblaydi. Gunafsha bu gaplarni xavotir bilan eshitsa-da, o‘zini yo‘qotmaydi (hatto 15 yilga qamalishi mumkinligi haqidagi gapni eshitganida ham). Ammo Hamid Gunafshaga: “Sen XDX, ya’ni — Xalq Dushmanining Xotinisan” deganida, ayol jon holatda chinqirib yuboradi. Shundan ham tushunarliki, odamlarni paxta terimiga olib chiqmaclikdan ko‘ra XDX bo‘lishning aybi og‘irroq. Bu bechora nafaqat XDX ekanligi, balki urushga ketgan eri hali ham tirikligidan shu vaqtgacha bexabar, ismini Hamid tilidan so‘lagi oqib aytayotgan Stalin hamda front uchun sidqidildan mehnat qilib yurgan bir ayol edi. U davlatning million-million pulini o‘g‘irlamagan, u brigadir bo‘lib, xizmat mansabini suiiste’mol qilmagan, u qotillik yoki shunga o‘xshash haqiqatan-da og‘ir biror jinoyatni sodir etmagan; asosiy aybi — undan minglab chaqirim naridagi tirikligi ham dargumon bo‘lgan eri konslagerdan ko‘ra nemis sovuni va korjomasini ma’qul ko‘rganida edi. Bunday holat — o‘g‘il uchun otaning, er uchun xotinning, aka uchun singilning (va hokazo) javob berishi, aybdor qilinishi, “xalq dushmani”ning xotini, “xalq dushmani”ning farzandi, “xalq dushmani”ning onasi degan tamg‘alar bilan begunoh, beayb odamlarni yakkalab, kamida ruhiy iztirobda qoldirish 1937-yilda to‘liq quvvat bilan ishga tushgan va aynan Stalinning o‘limi bilan “yaroqlilik muddati” tugagan “qatag‘on mashinasi”ning asosiy belgisi; hozirgi dorulomon kunlarda tasodifan shunday holatlarga duch kelib qolsang, yana o‘sha Stalinning zamondoshlari tomonidan Stalinning o‘limidan so‘ng yozilgan qatag‘on davri xotiralari yodga tushadi. Buni hammamiz bilamiz. Buni, baxtimizga, Prezident ham biladi. Shuning uchun ham u O‘zbekiston Konstitutsiyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekistondagi 1937-yillarga xos “buning akasi qamalgan, buning otasi bir balo bo‘lgan, undan bo‘lgan” degan gaplarga sababchi muhitni yo‘q qilish kerakligi haqida gapirgan edi. Bunday noma’qul yondashuv tufayli ko‘plab yoshlarimiz, malakali mutaxassislarimiz beayb aybdor bo‘lib, yaqin qarindoshlarining qilmishlari uchun jabr tortib keldi. O‘zingiz ayting, bu adolatdanmi? Men o‘ylaymanki, adolatdan emas. Nima sababdan bir jinoyat uchun butun bir avlod javob berishi kerak? Aka uchun ukaning javob berishi to‘g‘rimi? Men buni mutlaqo noto‘g‘ri, deb o‘ylayman... Bu illat O‘zbekistonda yo‘q bo‘lishi kerak. Aka boshqa, uka boshqa, farzand boshqa, ota boshqa — har biri o‘z jinoyati bo‘yicha o‘zi javob berishi kerak. Bunday adolatsiz tizimdan butunlay voz kechishning vaqt-soati keldi. Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti “Daryo”dagi avvalgi maqolada ham ta’kidlangan edi — jamoatchilikka Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan so‘ng tanilgan Ostrogojskaya va uning atrofidagilar haqida to‘liq bilishni va, agar aybdor bo‘lsa, ularning javobgarlikka tortilishi tarafdori. Masalan, Murojaatnoma vaqtida Prezident viloyatlar chegarasidagi yo‘l-patrul postlariga hojat yo‘qligini ta’kidlagan edi — ularning olib tashlanayotganini ko‘ryapmiz; Murojaatnoma davomida Prezident moliya vaziriga vazirlikni “kalamushlar”dan tozalash haqida topshiriq bergandi — 500 dan ziyod kishi ishdan olinib, ular o‘rniga, xususan, Yoshlar Ittifoqi orqali kadrlar tanlab olinayotganidan xabardormiz. Lekin Murojaatnoma vaqtida odamlarni eng qiziqtirgan narsa — Ostrogojskaya masalasi edi. Shunday ekan, bu vaziyatda davlat axborot agentligi berayotgan “rasmiy ma’lumotlar” yetarli emas. Endi navbat tergov va sud idoralariga — mansabdor shaxslar va ommaviy axborot vositalari bergan shov-shuvli xabarlar asosida natijasi jamoatchilikni qiziqtirayotgan masalaga qonuniy baho berish maqsadga muvofiq. Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin
Manba: "daryo.uz"
| |
|