Bola navnihol. Niholga boshidan to‘g‘ri parvarish berilsa, ulg‘ayganda mo‘l hosil beradi. Psixologlarning ta’kidlashicha, bolaga yoshlikdan singdirilgan odatlar uning ulg‘aygandan keyingi moliyaviy ahvoli va tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Hamma ota-ona farzandi ulg‘ayganda badavlat, hech bir kamchiliklarsiz yashashini istaydi, albatta. Xo‘sh, bunday bo‘lishi uchun nima qilish kerak?
1. Internet va TVdan kamroq foydalansin
Bolaning noutbuk, televizor, smartfon kabi zamonaviy gadjetlarga aloqasini cheklash tavsiya etiladi. Negaki, farzandingiz bunday qurilmalarga berilib, ko‘p vaqtini ular bilan o‘tkazib yuborishi mumkin. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, boy insonlarning 67 foizi televizor ko‘rish uchun bor-yo‘g‘i bir soatini sarflar ekan. Ularning 63 foizi internetdagi qiziqishlarga har kuni bir soatdan kam vaqt ajratadi. Ko‘rib turganingizdek, ularda ham bu borada ma’lum chegaralar bor.
2. Foydali kitoblarni ko‘proq o‘qish
Bolangiz har haftada biror bir ilmiy kitobni mutolaa qilishga odatlansin. O‘qib tugatgach, tushunganlarini va yodda saqlab qolganlarini yozma ravishda (yoki og‘zaki) bayon qilsin. Tadqiqotlarda boy odamlarning 86 foizi har kuni biror bir kitobni mutolaa qilishi aniqlangan. Afsuski, kambag‘allarda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 26 foizni tashkil qilgan.
3. Har kuni mashq qilish
Kundalik mashqlar kattalar uchun ham, bolalar uchun ham zarur. Xususan, badavlat insonlarning 66 foizi o‘z salomatligiga qat’iy e’tibor qilishadi. Jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanishadi.
Bu foydali odatni bola ongiga singdirish yoshlikdan sog‘lom o‘sishini ta’minlaydi. Toza havoda sayr qilish ham xuddi shunday ta’sir ko‘rsatadi.
4. Zararli yeguliklarni cheklaymiz
Bolalar tez tayyor bo‘luvchi yeguliklarni juda yaxshi ko‘rishadi. Biroq ularning bu xohishini nazorat qilish yoki bunga umuman chek qo‘yish zarur. Ularni yoshlikdan sog‘lom ovqatlanish tartibiga o‘rgatib boring. Bolalarga meva-sabzavotlar qanchalik foydali ekanligini tushuntiring. Shuningdek, mahsulotlarning saqlash muddati va tarkibiga qarash kerakligini o‘rgating.
5. Yoshlikdan orzu qilish foydali
Bolaning yoshlikdanoq orzu qilishga o‘rganishi kelajakda faqatgina ijobiy natija ko‘rsatadi. Orzuni faqat xayolda emas, amalda bajarish kerakligiga o‘rgating. Kichik ammo shahdam qadamlar ila ularning ro‘yobi tomon borish farzandingizning muvaffaqiyat qozonishiga yordam beradi.
6. Maqsadlar qo‘yish
Bolangizga o‘z oldiga bir nechta maqsadlarni qo‘yib, keyin ularga intilish kerakligini o‘rgating. Uning har bir muvaffaqiyatini pul yoki shunga o‘xshash narsa berib taqdirlab borish noto‘g‘ri. Aksariyat ota-onalar bunday xatolikka ko‘p yo‘l qo‘yadi. Natijada bola faqat pulga ega bo‘lish uchun harakat qilish kerakligiga o‘rganib qoladi. O‘z ustida ishlashdan to‘xtaydi.
7. Minnatdorchilik bildirishga o‘rgating
Bu odat bolangizga ko‘p foyda keltiradi. Unga minnatdorchilikni to‘g‘ri, samimiy bildirish kerakligini anglating. Shunda, bolangiz o‘zini kerakli insondek his qilishni o‘rganadi.
Qolaversa, atrofdagilar unga yordam berishga doim tayyorligini tushunib yetadi va uning ham boshqalarga yordam bergisi keladi.
8. Xatolarni qabul qilish va tahlil qilish
Ko‘pchilik bolalar xato qilib qo‘ygani uchun ota-onasi, ustozlaridan gap eshitishdan cho‘chib turishadi. Ularga xato bu yomon, uni takrorlash noto‘g‘ri deb uqtirishgan. Aslida, buning aksini o‘rgatish to‘g‘ri bo‘ladi. Har bir inson nimagadir erishishda, albatta, xatolikka yo‘l qo‘yadi. Xato qilish, yanglishishdan qo‘rqish kerak emas! Bolaga har bir yo‘l qo‘yilgan xatolikni tahlil qilishga o‘rgatsangiz, shunda u xato qilishni kamaytiradi.
9. Gʻazabni nazorat qilish kerakligini o‘rgating
Gʻazab va xafagarchilik hayotdagi eng “qimmat” hissiyotlardir. Ularni nazorat qilmaslik sizga qimmatga tushadi: ishingizni yo‘qotasiz, do‘stlaringizdan ayrilasiz, pulingiz kamayadi. Shu sabab, farzandingizni g‘azabni, asabni asrashga o‘rgating. Oiladagi sog‘lom muhit bola uchun ideal namuna bo‘lishini unutmang.
10. Ko‘proq muloqot
Ota-ona bolaning ikki qanoti, ildizidir. Ularning mavjudligini sezmagan bola hayotda ko‘p qoqiladi, qiyinchilik ko‘radi. Kattalarga bola bilan ko‘proq muloqot qilib turish tavsiya etiladi.
Boladan uning muammolari, yutuqlari, bugun nimalarni ko‘rgani, nimalarni eshitgani haqida so‘rang. Ularning munosabatini tinglang. Asosiysi, muloqotning sifati yuqori bo‘lishi kerak. Samimiylikni unutmang.