14:14 OTMga kirish imtihoni soddalashtiriladi. Abituriyentlarga 2 marta imkoniyat beriladi | |
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo'yildi. Qaror loyihasida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining (keyingi o‘rinlarda – maktab) bitiruvchilari yakuniy davlat attestatsiyasi hamda respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish sinovlarini birlashtirib, majburiy fanlar va maktab bitiruvchisi tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan bo‘yicha yagona test sinovlarini (keyingi o‘rinlarda – test sinovi) aprel – may oylarida o‘tkazish taklif etilmoqda. Xususan, bunda maktab bitiruvchilari majburiy uchta fan va o‘zi tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan test sinovlarini topshiradilar. Test sinovlarida ishtirok etmagan yoki unda qoniqarsiz baholanganlarga belgilangan tartibda, barcha abituriyentlar qatori iyul-avgust oylarida test sinovlarida qatnashish huquqi beriladi. Xalq ta’limi vazirligi esa test sinovi fanlari bo‘yicha natijani umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestatga qo‘yish va yagona ma’lumotlar bazasiga kiritish uchun minimal ko‘rsatkichni (qoniqarlilik darajasini) belgilaydi, maktab bitiruvchilari haqidagi tegishli ma’lumotlarni har yili 1 fevralga qadar Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritilishini ta’minlaydi hamda test sinovlarini belgilangan talablar asosida tashkil etilishida mas’ul hisoblanadi. Qaror loyihasi 16 aprelgacha muhokamada bo‘ladi. Bu vaqt ichida loyihaga o‘zgartirish kiritilishi yoki butunlay bekor qilinishi mumkin.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|