08:48 OTMlarga qabul bo‘yicha kutilayotgan asosiy yangiliklar ma'lum qilindi | |
10 mart kuni Davlat test markazida korrupsion holatlarning oldini olish mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda OTMlarga qabul jarayonlarida kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ma'lumot berildi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri. Abituriyentlar onlayn tarzda hujjat topshira oladi DTM direktori Majid Karimov: – Shaffoflik va oshkoralikni ta'minlash maqsadida 2020-2021 yilgi qabulda juda katta ishlar reja qilingan. Jumladan, o‘tgan yilgi qabulda hujjat topshirishda navbatlar ko‘payib ketgani yuzasidan ota-onalar va jamoatchilikning shikoyatlari inobatga olindi. Shuning uchun joriy yildan Davlat test markazi sayti orqali OTMlarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish tizimini yaratyapmiz. Abituriyentlar uyida turib ham hujjat topshirish mumkin bo‘ladi. Uchtadan ko‘proq OTMga hujjat topshirish imkoni berilishi mumkin DTM Bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov: – 2020-2021 o‘quv yilida ham abituriyentlarda 3ta OTMdan birini tanlash imkoni saqlanib qoladi. Bu bo‘yicha takliflar ham ishlab chiqilmoqda. Agar ular inobatga olinadigan bo‘lsa, tanlanadigan OTMlar soni 3tadan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. 11-sinf yakunidagi attestatsiya va OTMga qabul imtihonlari birlashtirilishi kutilyapti Barno Rajabov: – 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab, bosqichma-bosqich tarzda umumta'lim maktablaridagi yakuniy davlat attestatsiyasi va OTMga qabul imtihonlarini bitta qilib o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Kelgusida o‘quvchilar maktab attestatsiyasini topshiradi va unda olgan ballari bilan OTMlarning kirish imtihonlarida qatnashishadi. Bu bilan o‘quvchilarga yengillik va qulaylik yaratiladi. Maktablardagi yakuniy davlat attestatsiyalari ham hozirgi kirish imtihonlari kabi katta sig‘imli binolarda, DTM va boshqa mas'ul vazirliklar nazoratida o‘tkaziladi. «2019 yili DTM faoliyatidan norozilar ming nafarga kamaydi» DTM direktorining aytishicha, o‘tgan yil tahlillariga ko‘ra, apellyatsiyalar va DTM faoliyatidan norozilik bildirilgan murojaatlar soni kamaygan. «Agar 2018 yilda 4 mingga yaqin murojaat qabul qilingan bo‘lsa, 2019 yilda ular mingtaga kamaydi», – dedi DTM direktori Majid Karimov. Bosh boshqarmasi boshlig‘i Barno Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilda apellyatsiya shikoyati kiritgan abituriyentlarning taxminan 20-30 nafari talabalar safiga qabul qilingan. «Qolgan abituriyentlar orasida ham asosli murojaat qilganlari bo‘lgan. Biroq ular to‘plagan ball yetarli bo‘lmagani tufayli talabalikka qabul qilinishmagan», – deydi Barno Rajabov.
Manba: "kun.uz"
| |
|