Главная » 2017 » Январь » 17 » Pankreatit - qand kasalligiga olib keladimi?
16:16

Pankreatit - qand kasalligiga olib keladimi?


— Yoshim 60 da. Kindik atrofida, chap biqinimda sanchiqli og‘riqlar turadi. Oshqozonim ko‘p bezovta qiladi. Ayniqsa, kuzda oshqozon og‘rig‘idan qiynalaman. Ba’zilar “Oshqozon kasalliklari asabdan”, desa, boshqalar “Sizning kasalingiz pankreatit bo‘lishi ham mumkin”, deyishayapti.

Olovuddin Ziyoev, Xatirchi tumani

SABABI

Pankreatit – oshqozon osti bezining yallig‘lanishi oqibatida kelib chiqadigan jiddiy kasallik. Bunda oshqozon osti bezi ishlab chiqarayotgan, ovqat hazmlanishi uchun zarur bo‘lgan fermentlar o‘n ikki barmoqli ichakka tushmay qoladi va o‘z-o‘zini yemira boshlaydi. Shuningdek, ajralayotgan ferment va zaharli moddalar qonga tushib, boshqa a’zolarga ham zarar yetkazishi mumkin. Shuni ham unutmaslik kerakki, oshqozon osti bezi qondagi qand moddasi miqdori oshib ketmasligi uchun mas’ul bo‘lgan gormon - insulinni ishlab chiqaradi.  

Pankreatitning kelib chiqish sabablari ko‘p:

Spirtli ichimliklar ichish; 

Zaharlanish (aytaylik, dori vositalaridan);

safro haydash tizimi kasalliklari (o‘t pufagida toshlar bo‘lishi);

yog‘ almashinuvining buzilishi;

oshqozon osti bezining shikastlanishi (qoringa qattiq zarba berilganda);

qon tomirlari kasalliklari yoki yuqumli xastaliklar rivojlanishi

sovuq taomlar iste’mol qilish.

Kasallik xuruj qilishiga esa yog‘li, qovurma ovqatlar yeyish, to‘yib ovqatlanish, gripp, ruhiy siqilish va asabiylashishlar ham sabab bo‘lishi mumkin.

Kuz va qish mavsumlarida inson tanasi harorat ko‘tarilib-tushishi oqibatida zaiflashadi. Shu sababli ko‘pchilik surunkali kasalliklar qatori pankreatit ham qayta xuruj qilishi mumkin.

 ALOMATLARI

Pakreatitning o‘tkir va surunkali turi mavjud. O‘tkir pankreatitda oshqozon osti bezi sohasi va kindik atrofida qattiq, o‘tkir og‘riq turadi. Shuningdek, bemor biror narsa tanavvul qilgach, qayt qilishi mumkin. Tana harorati ko‘tariladi, teri oqarib, nafas siqadi, qorin kattalashadi.

Surunkali pankreatitda og‘riq vaqti-vaqti bilan, ovqatlanishdan so‘ng 30-40 daqiqa o‘tgach paydo bo‘ladi. Og‘riq ko‘pincha o‘tkir, achchiq, sho‘r va qovurma ovqatlar iste’mol qilgandan so‘ng paydo bo‘ladi. Bemorning ko‘ngli ayniydi, og‘zida taxir ta’m sezadi, quvvati kamayadi, kayfiyati yomonlashib, lanjlik sezadi.

Kasallik qo‘zg‘alganda og‘riq kuchayadi, ayniqsa, kechqurun bir necha soatgacha bezovta qilishi mumkin. Ko‘pincha pankreatitga chalingan bemorlarning ichi yumshaydi, oshqozon, ichakda yel yig‘iladi, og‘zi quriydi.

XAVFLIMI?

Kasallikni o‘z vaqtida davolamaslik oshqozon osti beziga katta zarar yetkazadi. Oshqozon osti bezi yaxshi ishlamasligi natijasida modda almashinuvi ham buziladi. Shu asnoda oshqozon osti bezi inson salomatligida muhim o‘rin tutuvchi insulin gormonini ham ishlab chiqarishini unutmasligimiz zarur. Ushbu bez faoliyati buzilganda esa insulin kam miqdorda ishlab chiqarish funksiyasi buziladi, natijada qondagi qand moddasi miqdori oshadi.   

O‘tkir pankreatit bilan og‘rigan bemor zudlik bilan shifokorga murojaat etishi va uning nazorati ostida davolanishi shart. To‘g‘ri, og‘riq qoldiruvchi dorilar yordamida kuchayib borayotgan og‘riqni yo‘qotishi mumkin, ammo  bu vaqtinchalik holat, xolos.

«Qanday davolanay?»

Surunkali pankreatitdan aziyat chekuvchi bemorlar yog‘li va qovurilgan ovqatlarni, tarkibida kofein bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilishlari mumkin emas.    

 Kasallik qo‘zg‘algan vaqtda bemor 2-3 kun mobaynida achchiq choy, kam gazlangan mineral suv (ilitilgan) va na’matak damlamasidan boshqa narsa iste’mol qilmasligi lozim. 4 kundan keyingina kuniga 5-6 marta oz-ozdan ovqatlanish mumkin. Shirinliklar tanavvuli ham cheklanishi kerak.  Yog‘siz go‘sht, baliq, qatiq, chuchuk tvorog, tuzsiz pishloq, turli dukkaklilardan pishirilgan bo‘tqalar va sabzavotli  taomlarni tanavvul qilish kerak.

Mevalardan—po‘stlog‘i archilgan olma, banan quruq mevalar, kompot, nordon bo‘lmagan sharbatlar ichish mumkin.

Surunkali pankreatit bilan og‘rigan bemor muntazam parhez qilib, dorilarini o‘z vaqtida ichishi talab etiladi.  

Qoqi o‘ti ildizi, moychechak, tillabosh, mavrak, arpabodiyon, bo‘ymadaron, kiyik o‘ti, qariqiz, yalpiz, dalachoy, qora zira va makkajo‘xori popugini damlamasi pankreatitda yaxshi foyda beradi.

Ermon o‘tidan 1 choy qoshig‘ini, bir stakan qaynagan suvda damlang, 2 soat davomida tindirib, kun davomida yarim stakandan iching.    

Sulini yormasini (ovsyanka) kechqurun 1 osh qoshig‘ini bir stakan qaynagan suvda ivitib qo‘ying va ertalab nonushtadan avval bu suvni iching.

Maqola oliy toifali shifokor- endoskopist Ochilova Xolida Hakimovna bilan tayyorlandi.

Madina LUQMONOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Salomatlik | | Теги: qand kasalligi, Pankreatit, olib keladimi | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz