21:58 Prezident Navro‘z umumxalq bayramini o‘tkazish bo‘yicha qarorni imzoladi | |
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 mart kuni “2020 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarornim imzoladi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori Xalqimiz milliy yuksalish va milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan hozirgi vaqtda barcha ezgu qadriyat va an’analarimiz qatori Navro‘z bayramining ham hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yasharish va yangilanish, yaxshilik va bag‘rikenglik, tabiatni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash kabi o‘lmas g‘oyalar bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi va ma’no-mazmuniga g‘oyat hamohang ekanini ta’kidlash lozim. Xalqimiz asrlar davomida katta shodu xurramlik bilan nishonlab kelayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida belgilangan Navro‘zi olamning ana shunday beqiyos ahamiyatini hisobga olib hamda bu ayyomni yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasi, obro‘-e’tibori va nufuziga har tomonlama munosib tarzda o‘tkazish maqsadida: 1. 2020 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Tashkiliy qo‘mita Navro‘z bayramini Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha “Navro‘zing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan Navro‘z umumxalq bayramini o‘tkazish konsepsiyasi va tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirsin. 2. Mazkur konsepsiya va dasturni tayyorlashda barcha tadbirlarni tom ma’noda umumxalq sayli va shodiyonasi sifatida o‘tkazish, ularda keng xalq ommasining faol ishtirok etishini ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari: a) bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Navro‘z umumxalq sayillarini o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, ko‘chalar, xiyobonlar va maydonlarni bezatishda katta mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, ijodkorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin; v) O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Navro‘z umumxalq sayillariga xorijiy va mahalliy turistlarning tashrifini tashkil etish maqsadida keng targ‘ibot va tayyorgarlik ishlarini amalga oshirsin. 4. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:
5. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin. 6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|