Главная » 2017 » Июнь » 19 » Qadr kechasini qanday kutib olamiz?
11:31

Qadr kechasini qanday kutib olamiz?


Ramazonning oxirgi o‘n kunligi uchun o‘n nasihat:

1. Bu o‘n kechadagi tarovih va tahajjud namozlarida to‘liq qatnashishga qat’iy niyat qilib, bu ishda Allohdan yordam so‘rang. Natijada Alloh bergan kuch-qudrat bilan muborak tun — Qadr kechasi ahlidan bo‘lasiz, Insha Alloh. Yaxshilikka qasd qilish va Allohdan yordam so‘rash tavba va istig‘for bilan bo‘ladi, zero bu amallar muvaffaqiyat sababi va bir umrlik vazifadir.

2. Har tunda bu Qadr kechasi bo‘lishi mumkinligini hisobga oling — qalbingiz unga mushtoq bo‘lib, ibodatga qiziqishingiz ortadi.

3. Bu kechada Alloh O‘z Kitobini nozil qilganini eslang. Shunda Allohning Kalomini o‘qiyotganingizda, namozda turganingizda, qiroat asnosida Qur’on xuddi hozir sizga tushayotgandek bir hisni tuyasiz:

إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ

"Albatta, Biz u(Qur’on)ni Laylatul Qadrda tushirdik". ("Qadr" surasi, 1-oyat).

4. Ushbu kechaning ulug‘ligini qalban his qiling. Chunki uning qanchalar barakali, buyuk ekanligini bilmaysiz:

وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ

"Laylatul Qadr qanday narsa ekanini senga nima bildirdi?" ("Qadr" surasi, 2-oyat).

5. Bu o‘n kecha mobaynida namoz, ro‘za, sadaqa, zikr, odamlarga yaxshilik qilish kabi ibodatlarda bardavom bo‘lib, Qadr kechasini topadigan bo‘lsangiz, uyqu, yeyish-ichish kabi ishlar bilan orasi bo‘linmaydigan 83 yilu 4 oylik ibodat savobini olasiz. Allohu Akbar! Bundan ortiq ne’mat, fazilat, saxovat bo‘lishi mumkinmi?! O‘zingizni shunday ulug‘ ajrdan mahrum qilmang:

لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ

"Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir". ("Qadr" surasi, 3-oyat).

6. Bu kecha davomida qanchalik ko‘p maloika-farishtalar yerga tushishini tasavvur qila olasizmi? Nurdan yaratilgan, hurmatga sazovor bu maxluqotlar osmonu yerni, bu ikkisi o‘rtasidagi kengliklarni, yo‘llar, ko‘chalar, uylar, masjidlarni to‘ldiradi. Ularning ichida qadri eng ulug‘i, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam vafotlari bilan yerga doimiy tushishdan to‘xtagan vahiy farishtasi — Jibril alayhissalom ham shu muborak kechaning obro‘-sharafi tufayli yerga tushadi. Bu Alloh Ta’oloning rahmati komilligidandirki, ayni kechada farishtalarga yerga tushish uchun ruxsat beradi:

تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ

"Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir". ("Qadr" surasi, 4-oyat).

7. Shuni bilingki, bu kechada kelgusi bir yillik taqdiringiz — rizq, sog‘liq, mol-dunyo, atrofdagilar bilan muomala, ilm, baxt-saodat, muvaffaqiyat, yutuq, farzandlar — o‘lchab-yozib qo‘yiladi. O‘zingizga, ahli oilangiz, yaqin va yaxshi ko‘rgan kishilaringiz haqqiga duo qilishda baxillik qilmang. Har bir duongiz so‘ngida farishtalar "Omiyn! Senga ham xuddi shundayi bo‘lsin", deb turishini ham unutmang. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam Oisha onamizga o‘rgatgan duo bu kechada qilinadigan duolarning eng afzalidir:

اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي

"Allohumma innaka afuvvun tuhibbul-afva fa’fu ‘anniy" (Ey Alloh! Albatta sen afv qilguvchisan, afv qilishni yaxshi ko‘rasan. Meni afv qil (gunohlarimni kechir).

Barcha olamlar podshohi, ne’mat berguvchi, qudrat egasi bo‘lgan Alloh sizga afvi bilan muomala qilsa, Uning fazli, rizqi, roziligi va rahmati ham ustingizga quyilib kelayotganini aniq ko‘rasiz.

8. Bu kecha salomatlik-omonlik kechasidir. Undan qalbingiz, jismingiz, fikringiz, amalingiz, hozirgi kuningiz va kelajagingiz uchun nasibangizni olib qoling:

سَلَامٌ هِيَ حَتَّىٰ مَطْلَعِ الْفَجْرِ

"U to tong otguncha salom bo‘lib turadir". ("Qadr" kechasi, 5-oyat).

9. Tavfiq (hidoyat) Alloh tomonidan bo‘lgan rizqdir. Unga faqat rostgo‘ylar erishadi. Alloh bilan muomalangizda rostgo‘y bo‘ling, U ham sizga shunday muomala qiladi. Shar’iy uzr sababli biron ibodatni bajara olmay qolsangiz ham yodda tuting: natija peshqadam bo‘lgan, amallari bilan boshqalardan o‘zib ketganniki emas, rostgo‘y — niyatni to‘g‘ri qilgan kishinikidir. To‘g‘ri niyat kishi vafot etganidan keyin ham uni kerakli manzilga yetkazaveradi. Niyatni to‘g‘rilang, ixlosli bo‘ling, o‘zingizdan boshqalar, ularning amallari bilan chalg‘imang. Shunda Alloh sizdan rozi bo‘ladi, qadringizni ko‘tarib, yaxshiliklaringizni o‘stiradi.

10. Ey birodar, sizga Allohning rahmati bo‘lsin! Shuni bilingki, amallar oxiri qanday bo‘lganiga qarab baholanadi. Oldingizda turgan kunlarda solih amallarni ko‘paytiring — o‘tgan kunlardagi xato-kamchiliklaringiz mag‘firat qilinadi. Natija ishlarning boshlanishi emas, aynan nihoyasi bilan yuzaga chiqadi. Shu kungacha qilgan amalingiz bilan aldanib qolmang. Chunki Robbingiz buni qabul qildimi, yoki rad etdimi, bilmaysiz. Aksincha, niyatni xolis qilib, solih amallarda davom eting. Allohdan roziligi va amallarimizni O‘z huzurida qabul qilishini so‘raymiz.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Ro'za, Ramazon oyi, Ramazon, Qadr kechasi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz