Главная » 2017 » Январь » 3 » Qahratonni mehringiz bilan mahv eting!
18:00

Qahratonni mehringiz bilan mahv eting!


Bilasizmi, menga qolsa, kuzni emas, qishni eng romantik fasl deb atardim! Axir deraza osha qor yog‘ishini tomosha qilib, issiqina qahva yoki murabboli choy ichgancha, xotiralar ummoniga sho‘ng‘ish kishiga romantik kayfiyat bag‘ishlamasdan qolmaydi. Balkim ayni daqiqalarda siz ham issiq choydan bir ho‘plab, gazetamizni varaqlayotgandirsiz. E’tiboringizga havola etilayotgan hikoyalarning hammasi ham romantik kayfiyat baxsh etmasa-da, qahratonning qahrini mehr bilan ilitish mumkinligiga sizni ishontiradi, deb o‘ylaymiz.   

Qalin qor yog‘ganda...

«Qishni juda yomon ko‘rardim. Ayniqsa, qor yog‘sa! Axir qorbo‘ron qilishlaridan qo‘rqardim-da. Hatto kechasi bilan gupillab yog‘ayotgan qorga qarab, «Qaniydi, isitmam chiqib qolsa-yu, maktabga bormasam», deya o‘y surardim. Ammo aksiga olib sovuq kunlarda hech betob bo‘lmasdim... Tabiat fanidan dars beruvchi o‘qituvchimiz qish kelmaydigan mamlakatlar borligi haqida aytganida, u yerda yashovchi bolalarga juda havasim kelgandi. Hozir esa...

O‘sha kuni ham qor qalin yog‘gandi. Yo‘llar sirpanchiqligidan qadamlarimni sanab tashlayapman. Aksiga olib, poshnam juda nozik va baland. «Olifta bo‘lmay ket», deya o‘zimni urishib qo‘yaman. Ko‘chada o‘ynayotgan bolalar qor otib qolishsa, qanday qochaman degan qo‘rquv sovuqdan ham battar titratardi meni. Oxiri ming ehtiyot bo‘lmay, sirpanchiq yo‘ldan toyib yiqildim. Chap oyog‘imda kuchli og‘riq his qildim. Birdan atrofimda odamlar to‘plandi va «Tez yordam» chaqirishdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, travmatolog-shifokor sobiq mahalladoshim Muzaffar! Tikilib qolganimdan uyalib nigohimni olib qochgandim, ismimni so‘radi-yu, «Buxoraliksiz-a?», dedi. Muzaffarning dadasi harbiy bo‘lgani uchun bizning tumanda yashashgan va bir sinfda o‘qigandik. Oyog‘imni gipslab qo‘ygach, «Kichikligingda rosa qordan qo‘rqarding-a? Sinfdoshlar qor o‘ynashga chiqsak, sinfxonada yashirinib o‘tirarding. Men esa sening chiqishingini rosa kutardim», deya tabbassum qilib, xonadan chiqib ketdi. Sovuqdan qizarib, shifoxonaning issiqligidan endi o‘z rangiga qaytgan yuzlarim yana qizara boshladi. Uning yana boshqa viloyatga ko‘chib ketishayotganida, menga bergan maktubini yirtib, eriy boshlagan qor ustiga uloqtirganim eslab juda uyaldim...

Hozir esa...

Qishni juda yaxshi ko‘raman! Ayniqsa, qalin qor yog‘sa! Axir u meni birinchi muhabbatim bilan qayta yuzlashtirgan va baxt ostonasiga yetaklagan! Tezroq qalin qor yog‘a qolsa edi, bolajonlarimiz bilan maza qilib qor o‘ynardik...»

Dunyoning tomi soyabonmi yo vijdon?

«Ertalab ishxonamga kirdim-u, xonani egallab olgan soyabonlar oralab yurarkanman, sumkamga qo‘l uzatdim. Yo‘q! Yangi yilda farzandlarimiz uchun Qorbobo chaqirgan turmush o‘rtog‘im meni ham hayratlantirish istagida sovg‘a to‘la qopga soyabon solib qo‘ygan ekan. Qor-yomg‘ir yog‘sa, yuzasida gulchalar paydo bo‘ladigan binafsharang soyabonni qo‘limga olganimda, qanchalik xursand bo‘lganimni bilsangiz edi. Qarang, esipastlik qilib, erimning kutilmagan sovg‘asini qaerdadir — bekatda yoki taksida unutib qoldiribman. Bugun birinchi bor taqishim edi-ya! Endi... Endi nima qilaman? Azboroyi ishdan keyin soyabonsiz yomg‘irdan ivib ketishimga emas, turmush o‘rtog‘im bilib qolsa, xafa bo‘lishidan tashvishlanardim. Tushlik payti ishxonamizga yaqin magazinga borib, xuddi shunaqasini qidirib ko‘raman. Topolmasam, bozorga chopaman. Xayolimda kechgacha soyabonni «iziga qaytarish» yo‘llarini izlab, rejalar tuza boshladim. Va kayfiyatsiz ish boshladim. Hamkasblarimdan biri odamlarda vijon tuyg‘usi yo‘qolib borayotganidan gap ochdi. Kecha do‘konga kirganida kassa oldida hamyonini unutib qoldirganini va 15 daqiqadan keyin ortiga qaytib topolmaganini aytdi. Beixtiyor hammamiz unga qo‘shildik. Ammo soyabonim haqida og‘iz ochmadim. Shunchaki tushlikda men ham do‘konga o‘tib kelmoqchiligimni, soyabon olmasam bo‘lmasligini gap orasida qistirib o‘tdim. Tezroq tushlik bo‘lishini intiq kutib o‘tirganimda, ofisimiz qorovulxonasidan ko‘ng‘iroq bo‘ldi. Meni so‘rab kelishibdi. «Kim ekan, shoshib turganimda», deya uf-uflab pastga tushdim. Kiraverishdagi xollda taksichi yigit turardi, qo‘lida soyabonim! Mashinaning orqa o‘rindig‘iga chiqqan yo‘lovchi «Ayolingizning soyaboni shekilli», deya yuqoriga olib qo‘yayotgan ekan, haydovchi hayron qolibdi. Keyin ertalab meni shu ofisga tashlab o‘tgani esiga tushibdi va mijozini manziliga yetkazgach, iziga qaytibdi. Biroq yo‘lda aeroportga shoshayotgan yana ikki yo‘lovchiga xizmat qilishiga to‘g‘ri kelibdi. Shu sabab oradan ikki soatcha o‘tib, ishxonamga yetib kelibdi. Soyabonimni qo‘limga olarkanman, «Haqiqiy Qorbobo ekansiz», dedim jilmayib. «Yo‘g‘ey», degancha yaxshi inson mashinasi tomon chopdi».

Jon qo‘shnining iltifoti

«Ertalab ko‘zguga qarab eski paltomni kiyarkanman, Yangi yilda kutganlarim amalga oshmaganidan xafa bo‘lib ketdim. Negadir hammasi o‘zgarishiga ishonayotgandim. Kechasi bilan yo‘talib chiqqan o‘g‘limning kiyimlarini kiydira turib, bugun akamga qo‘ng‘iroq qilib, qarz so‘rashim kerakligidan yuragim xijil bo‘ldi. Axir qachongacha shunaqa davom etadi? O‘g‘limning otasi esa aliment tugul, bolasidan xabar olishni ham xayoliga keltirmaydi. Shu o‘ylar iskanjasida «qovrilayotganimda», eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Ko‘z yoshlarimni artib, ochsam, pastki qavatda turuvchi qo‘shnim. Yana nima bo‘libdi? Bilaman, hammomdan suv toshgandi o‘tgan kuni, kecha shuning ustida ikki ayol biroz tortishgandik ham. «Oylikkacha sabr qiling, devoringizni ta’mirlatib beraman, deb, kecha asabiylashganim uchun uzr so‘rayman», deya o‘yladim. Qo‘shni ayol salom-alikdan so‘ng biroz tortinib gap boshladi.

— Kecha erimga dori kerakligini aytsam, qog‘oziga qaramay sotib olibdi. Yosh bolalarga mo‘ljallangan ekan. Shunga sizga olib chiqdim. Uyda turgani bilan, saqlash muddati o‘tib ketadi, — deya qo‘limga yo‘talga qarshi sirop tutqazdi.

— Rahmat, hozir pulini olib chiqaman, — deb shoshib uyga kirdim-u, faqatgina yo‘lkiraga pulim borligi esimga tushib kalovlanib qoldim. Nima qilishni bilmay ostonaga qaytganimda, qo‘shnimning o‘z eshigini ochgani eshitildi».

Tugallanmagan tabriknoma

«Kecha uylarni yig‘ishtirayotib, qizimning yostig‘i ostidan bir uyum qog‘oz topib oldim. Hammasi g‘ijimlanib ketgan. Nima ekan, deya qiziqib qarasam, bayram tabrigi. «Dadajon, oyijon bayramingiz bilan!» degan yozuvni qayta-qayta yozgan. Oxirgi varaqdagi jumla «Dadajon, oyijon, bayramingiz» degan joyida uzilib qolgan. Yangi yildan uch kun oldin yarim kechasi uyg‘onib, qizimning xonasi chirog‘i yoniqligidan hayratlangandim. Uyqusirab eshigini ochsam, dars stoliga cho‘kka tushgancha nimadir yozayapti.

— Bonu, nima qilayapsan? — deyishga dedim-u, cho‘chib ketgan qizalog‘imning javobini kutmasdan, — Qani, tez joyingga yot-chi? — deb buyruq berdim. Bolaginam indamay karavoti tomon yurdi. Men esa chiroqni o‘chirdim-da, xonamga kirib ketdim.

Bonu kenjatoyimiz, uch o‘g‘ildan keyin tug‘ilgan qizalog‘im! Bu yil birinchi sinfga chiqdi. Akalarining yozuvchi shunchalik chiroylikki, xuddi ipga marjon tuzilgandek. Qizimning xusnixati esa juda xunuk. Kun bo‘yi maktabda dars berib, kechki payt u bilan shug‘ullanayotganimda, hech chiroyli yozishni o‘rgana olmayotganidan xunobim oshardim. Erim esa «Yozaversin, xuddi menikidek», deya erkatoyining yonini oladi nuqul. Shularni eslab, qizalog‘im tuni bilan chiroyli xusnixatda tabrik yozishni mashq qilganini-yu, endi o‘xshatdim deganida, men chiroqni o‘chirib qo‘yganimni anglab, o‘zimdan xafa bo‘lib ketdim. Va bolalarimizga imkon bermasdan, ularning istaklarini so‘ndirishga sabrsizligimiz sababligini tushunib yetdim».

Buvi va chevara

«Buvimning yoshi saksondan oshgan. Oxirgi paytda xotiralari yomonlashgan. Bizni tanimayapti. Farzandlari, nevaralari kelishsa, ularning kimligini eslolmay, mehmonlar ketishgach, xijolat tortadi. Buning ustiga, hammamiz qani meni tanirmikan, deya savolga tutaveramiz.

— Bu, men — Mansurman! Nahot tanimayapsiz? Ismimni o‘zingiz qo‘ygansiz-ku, — o‘pkalanadi amakimning o‘g‘li.

— Meni tanib turibsiz, faqat boshqalar xafa bo‘lmasin, deya indamayapsiz-a? Jalolman-ku! Kenjatoyingiz! — deydi dadam quvlik bilan.

— Oyi, bitta-yu bitta qizingizni eslamaysizmi? — deya ko‘z to‘kadi ammajonim.

— Meni eslaydi, buvim! — deb singlim Nafisa albomimizni ko‘tarib chiqib suratlarni ko‘rsata boshlaydi.

Bari befoyda! Buvijonimiz bosh chayqab o‘tiraveradi. Yangi yil ham shu alfozda o‘tdi. «Men kimman?» degan ashula qayta-qayta yangrashdan to‘xtamadi. Bir payt buvimning katta chevarasi, to‘qqiz yashar Najot bidirlab qoldi:

— Nega hamma buvimning atrofida to‘planib olib, men kimman, deyaveradi? Axir hammasi buvimning bolalari-ku!

Birinchi xonadan kulgu ko‘tarildi, keyin sukunat cho‘kdi va hamma birdan buvimni quchoqlashga shoshdi».

Shoira ShAGIAHMEDOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: mehringiz bilan, Qahraton, mahv eting | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz