15:53 Qalin va uzun kipriklar sari 6 qadam | |
To‘yimdan avval go‘zallik salonida kiprik ulatgandim.Natijadan ko‘nglim to‘ldi, biroq ikki oy o‘tganidan keyin sun’iy kipriklarim to‘kilib tusha boshladi. Ular yakkam-dukkam ko‘rinishga kela boshlagach, olib tashlashimga to‘g‘ri keldi. Biroq endi boshqa muammo qiynayapti, o‘zimning kipriklarim avvalgidan ham zaif va siyrak bo‘lib qolgan. Ularni hech bo‘lmaganda dastlabki holiga qaytarishni istayman. Buning uchun nima qilsam bo‘ladi? Bahora, Samarqand viloyati
1. To‘g‘ri olib tashlash kerak Odatda yopishtirilgan kipriklar to‘g‘ri olib tashlansa, tabiiy kipriklarga ziyon yetmaydi. Biroq ko‘pgina ayollar ortiqcha xarajatdan qochibmi yoki vaqtlarini qizg‘onibmi, sun’iy kipriklarni uy sharoitida olib tashlashga urinadilar. Natijada ularga ziyon yetgani qoladi, xolos. Kipriklar yulinib, sinib, ko‘rkamligini yo‘qotadi. Go‘zallik salonida esa mutaxassis yelimni erituvchi maxsus vositadan foydalanadi va tabiiy kipriklaringizga ziyon yetmaydi. 2. Sinalga usuldan foydalanamiz Sizning ham xayolingizga kanakunjut moyidan foydalanish keldimi? Yashang, to‘g‘ri firkrlayapsiz. Kipriklarni qalinlashtirishda bu moyga teng keladigan yo‘q. Xo‘sh, uni qanday ishlatgan afzal? Agar uxlash oldidan paxtali disklarni moylab, ko‘z ustiga qo‘ysangiz, ertalab qovoqlaringiz shishib ketishi mumkin. Buning oldini olish uchun bo‘shagan tushingizning idishini yaxshilab tozalab, ichiga kaknakunjut va chakanda moylarini teng miqdorda aralashtirib, oddiy shpris yordamida solib qo‘yishni tavsiya etamiz. Demak, aralashmani kiprikning o‘zigagina surtsangiz, ko‘z atrofidagi nozik terida shishlar paydo bo‘lmaydi. 15-20 daqiqadan keiyn ortiqcha yog‘ni qog‘oz sochiqchalar yordamida artib olasiz. Aralashmani muzlatkichda saqlash yodingizdan ko‘tarilmasin. Shuningdek, boshqa yog‘larni ham qo‘llab ko‘rsangiz bo‘ladi. Masalan, bodom moyi kiprik to‘kilishining oldini olib, o‘sishini tezlashtiradi. Atirgul moyi esa qovoqlarning nozik terisiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ajinlarga qarshi ajoyib profilaktikadir. 3. O‘sma qo‘yishga erinmang! Momolarimiz necha asrlardan beri qo‘llab kelayotgan o‘sma qosh va kipriklar uchun tengi yo‘q vosita ekanini hammamiz bilamiz. Unda nimaga unda o‘smani qo‘yib, boshqa usullarni qo‘llab, o‘zimizni qiynashimiz kerak? Bugunning o‘zidayoq qoshlaringiz va kiprigingizni oziqlantirishni boshlang. Ular albatta sizdan minnatdor bo‘lishadi. 4. Tabiiy usulda bo‘yaymiz Agar kipriklaringizni qora rangga bo‘yashni istasangiz, sun’iy bo‘yoqqa murojaat qilib o‘tirmang. Buning tabiiy va sinalgan usuli mavjud. Demak, bir choy qoshiq kanakunjut moyiga xuddi shuncha miqdorda achchiq qilib damlangan qora choydan aralashtirib, kipriklarga surtasiz-da, 20 daqiqadan so‘ng qog‘oz sochiqcha bilan artasiz. Amaliyotni haftada ikki marta bajarib tursangiz, kipriklaringiz qora tusga kira boshlaydi. 5. Zardob va dorilar vaqtinchalik chora Muammoning chorasini internet tarmog‘idan izlashga qaror qilgan bo‘lsangiz, birinchi navbatda, sizniki singari muammoga duch kelgan ayollarni ko‘plab uchratishingiz mumkin. Shuningdek o‘zlarining go‘zallik borasidagi maslahatlarini ayamaydigan bloggerlar ham bu borada o‘ziga xos fikrlarni aytib o‘tishadi. Ular orasida qimmatbaho zardoblar va ko‘z bosimini tushurish uchun mo‘ljallangan dorilardan foydalanishni tavsiya qiladiganlar ham uchraydi. Zinhor-bazinhor ularning tavsiyalariga amal qila ko‘rmang. Birinchidan, bunday vositalarning natijasi uzoq muddatli emas. Foydalanishdan to‘xtasangiz, bir oy o‘tib, mo‘’jiza tugaydi. Ikkinchidan, ularning tarkibida gormonlar mavjud bo‘lib, dori vositalari xastalikni davolashga mo‘ljallangan. Muntazam qo‘llanganda qarshi ta’sir ko‘rsatish ehtimoli mavjud. Biroq shifokor bilan maslahatlashgan holda V guruhi vitaminlarini qabul qilsangiz bo‘ladi. 6. Borini chiroyli ko‘rsatamiz Kipriklarni avvalgi holiga keltirgandan so‘ng esa albatta, tushdan foydalana boshlaymiz. Bunda tushning sifati bilan birga chyotkasining turiga ham alohida e’tibor qarating. Masalan, silikondan tayyorlangan chyotkalar kalta va qalin kipriklarga mos keladi. Іammamiz biladigan tukli chyotkalar esa uzun kipriklarga mo‘ljallangan. Chunki bunday chyotkada ko‘p miqdorda tush chiqadi va kalta kipriklarni bir-biriga yopishtirib qo‘yadi. Tushning qay turi aynan sizning kipriklaringizga mos kelishini esa faqat sinab ko‘ribgina aniqlaysiz. Shuningdek, dunyo go‘zallari bir marta tush surtgandan keyin kiprikka upa surtib, ustidan yana bir bor tush bilan bo‘yashar ekan. Bu usul ham kipriklarni uzunroq ko‘rsatadi. MAFTUNA tayyorladi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|