19:16 Qarindosh bo‘lmaganlarni “propiska”dan chiqarish osonlashdi | |
Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab bir qator tartib va talablar bekor qilinyapti: 1) mulkdor bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmagan shaxslarni (tanishlar, uzoq qarindoshlar) ushbu turar joydan doimiy ro‘yxatdan – “propiska”dan chiqarish uchun ularning roziligini olish talab etilmaydi. Tegishli organlar maʼlumotlariga ko‘ra, oxirgi 2,5 yilda fuqarolik sudlariga shaxsni turar joydan ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha 8 954 ta daʼvo arizalari kiritilgan, shundan 7 311 tasi (82 foizi) qanoatlantirilgan. 2) sud tomonidan turar joyni sotib olgan shaxs insofli egallovchi deb topilganda, jismoniy shaxsdan ushbu turar joyni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab uch yil o‘tgach natura shaklida talab qilib olish taqiqlanadi. Yaʼni, agar turar joy UZKAD tizimidagi noto‘g‘ri maʼlumotlarga ishonib xarid qilingan bo‘lsa, 3 yildan keyin sotib oluvchidan (insofli egallovchi) ushbu uyni talab qilib olish mumkin emas. Dastlabki mulkdorga yetkazilgan zarar davlat tomonidan qoplanib, keyinchalik aybdordan undiriladi. Yana bir o‘zgartirishlardan biri – bu “snos” jamg‘armalari, ular Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha respublika va hududiy maqsadli jamg‘armalarga aylantirildi. 2023 yil 1 yanvardan boshlab, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan quyidagi zararlar shu jamg‘armalardan to‘lab beriladi: • ko‘chmas mulk obʼektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat ryestriga noqonuniy yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan maʼlumotlarning kiritilishi natijasida unga ishonib harakat qilgan shaxslarga yetkazilgan zarar; • davlat organi, mansabdor shaxs, xususan, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning qonunga xilof harakatlari natijasida mulkdorga yetkazilgan, sud qarori bilan aniqlangan zarar; • turar joy insofli egallovchidan talab qilib olinmasligi natijasida uning haqiqiy egasiga yetkazilgan zarar. “Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi” (UZKAD) 2023 yil 1 yanvardan ko‘chmas mulkka oid yagona axborot bazasi hisoblanib, UZKAD tizimiga Garov ryestri, “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, Ko‘chmas mulk obʼektlari manzillari yagona ryestri va boshqa tegishli barcha davlat axborot tizimlari integratsiya qilinadi hamda real vaqt rejimida onlayn maʼlumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur tizim kelgusida turar joyni sotish bilan bog‘liq, “taqiq” muammolarini va shu sohadagi firibgarliklarni oldini oladi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|