Главная » 2022 » Октябрь » 26 » Qaysarlik, dangasalik, parishonxotirlik... Bunga genlar “aybdor”mi?
12:10

Qaysarlik, dangasalik, parishonxotirlik... Bunga genlar “aybdor”mi?


Ayrim insonlar noqobil harakat qilib qoʻysa, oʻzlarini oqlab, “nima qilay, tabiatdan shundayman-da”, deb qoʻya qolishadi. Axir inson hayotiga, yurish-turishiga va hattoki, xush koʻrgan narsalariga ham genetikaning taʼsiri bor.
Irsiyat bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, insonlar ikki guruhga boʻlinadi. Birinchi guruhdagilar divanda yotib, kundalik odatiy, oʻziga yaxshi tanish boʻlgan narsalardan lazzat olishni xush koʻradi. Ikkinchi guruhdagilar uchun esa doimo yangilik kerak: yangi joylar, yangi insonlar, yangi taomlar kabi...
Ularda yangidan yangi hissiyotlarni qidirish odati feʼl-atvorning oʻziga xos xususiyatidir. Bunda ham genlar “aybdor”mi?

Yangilikka intilish hissi

Aslida, bizni yangi taassurotlarni axtarishga bosh miyadagi asab hujayralariga taʼsir koʻrsatuvchi oqsil-retseptorlari, deb nomlangan hujayralar “majbur qiladi”. Ular ichidagi eng muhim retseptor D4, yaʼni lazzat olish (dofamin) retseptori deb ataladi.

Tadqiqotlarga koʻra, aynan mazkur hujayra turi xatti-harakatlarimizga, tavakkal va lazzat olish bilan bogʻliq harakatlar, taomlar, iqtidor bilan bogʻliq. Ushbu genni “er-xotinlar geni” deb ham atashadi. Chunki ushbu gen er-xotinlarga oʻzaro muhabbat, mehr-oqibat tuyishga ham yordam beradi.
 

“Boyqush” yoki “toʻrgʻay”

Odamlar orasida boyqush va toʻrgʻayga xos turli fikrlar yuradi. “Men boyqushman-da, shu sababli kechasi koʻproq ishlayman”, degan fikrlar quloqqa chalinib qoladi. Chindan ham shunday tushuncha bormi? Albatta, bor.
Insonlarni bunday ikki xronotipga, yaʼni kunning qay bir qismida faollikning oshishiga qarab ajratish gendagi xususiyatlarda yashirin. Tadqiqotlarga koʻra, kunning maʼlum bir qismida faollashish xususiyati PER1 deb nomlangan genga bogʻlangan. Aynan mazkur gen tetiklik va uyquga javob beradi. Toʻrgʻaylarda ushbu gen oʻz faolligini kunduzi namoyon etadi. Boyqushlarda buning aksi kuzatiladi.

Taʼbga koʻra...

Siz atirgul tarovatini yoqtirmaysizmi? Tabriklaymiz, demak, sizning irsiyatingizda NDUFA10, deb nomlangan kamyob retseptor mavjud ekan. Mazkur retseptor turi atirgul hidini yoqtirmaydigan modda ishlab chiqaradi va shu tufayli siz ayrim hidlarni xushlamaysiz. Ayrimlar atirguldan tashqari qizilmiya, binafsha kabi gul iforlarini yoqtirmaydi. Bunga ham irsiyatga jo boʻlgan retseptorlar aybdor. Ammo tarovatga boʻlgan munosabat har kimda turlicha rivojlangan. Masalan, barcha millatlar oshxonasida keng qoʻllaniluvchi kashnich koʻkati va uning urugʻi kimlargadir umuman xush kelmaydi.

Shuncha koʻp qoʻllanilganiga qaramay, ular ushbu koʻkat turi qoʻshilgan yeguliklarni tanovul qilmaydilar. Nima uchun dersiz? Ushbu oʻsimlik mazasi taʼbiga xush kelmaydiganlar genida ham yuqorida aytib oʻtilgan kamyob retseptor mavjud.
 

Kitobga qaraymiz...

Ayrim bolalar bilim olishda tengdoshlariga qaraganda ortda qoladi. Baʼzi bolalarga esa hech kitob oʻqittira olmaysiz. Faqat “hozir kaltaklayman yoki urishaman”, desangizgina, oʻzini majburlab kitobini qoʻlga oladi. Ammo bu holatda bolani ayblash notoʻgʻri, jazolash esa ikki karra yanglish xatti-harakatdir.

Negaki, har bir insonda kitob mutolaa qilishga javob beruvchi gen — DYX1C1 boʻladi. Aynan mazkur gen yozilgan narsani yengil va oson qabul qilishni boshqaradi. Agar homila rivojlanish vaqtida bolada ushbu gen mutatsiyasi (oʻzgarishi) kuzatilsa, yozilganni qabul qilish xususiyati sustroq rivojlanadi. Yaʼni qabul qilish biroz mushkulroq kechadi hamda mutolaadan lazzat ola bilish xususiyati ham shunga mos kuchsiz boʻladi.

Hech kitob oʻqimaydigan, kitob oʻqishni xush koʻrmaydigan oilalar ham uchrab turadi. Bunga hayron qolmasangiz ham boʻladi. Mutolaa qilish xususiyati 50 foiz holatlarda nasldan naslga oʻtadi.


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Qiziqarli | | Теги: genlar, Qaysarlik, aybdormi?, bunga, parishonxotirlik, Dangasalik | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz