15:24 Qonunchilikka "lafzsizlik to‘lovi" atamasi kiritilishi mumkin | |
O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining yangi tahriridan neustoyka termini chiqarilib, uni «lafzsizlik to‘lovi» atamasiga almashtirish taklif etilmoqda. Ammo Bosh prokuratura bunga qarshiligini bildirdi.10 senyatbr kuni Fuqarolik kodeksining yangi tahriri loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olgan Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori Jamshid Qo‘shilov neustoyka terminini o‘zbekcha muqobiliga almashtirish masalasi ko‘rilayotganini ma'lum qildi. «Neustoyka atamasini «lafzsizlik to‘lovi» deb o‘zgartirish bo‘yicha ijrochilar tomonidan taklif kiritilyapti. Bu sal noo‘rin bo‘lardi. Chunki neustoyka undirish masalasi boshqa xorijiy davlatlar qonunchiligida ham bevosita bor. Neustoyka faqat yozma huquqiy munosabatlarda qo‘llaniladigan atama hisoblanadi. Lafzsizlik degan tushunchani o‘zbek imlo lug‘atidan ko‘rdik, bu so‘z xalq orasida aynan og‘zaki kelishuvlarda qo‘llanilishi ma'lum bo‘ldi. Bu masalani qayta ko‘rib chiqib, sodda shaklda neustoyka terminining o‘zini qoldirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bosh prokuratura keyingi muhokamalarda ham Fuqarolik kodeksining yangi tahriri bo‘yicha o‘z fikrlarini berib boradi», – dedi Jamshid Qo‘shilov. Neustoyka nima? Neustoyka – shartnomadagi biror majburiyatni vaqtida bajarmaganlik uchun ikki tomonning biridan olinadigan jarima. Amalda Fuqarolik kodeksining 260-moddasiga ko'ra, qonun hujjatlari yoki shartnoma bilan belgilangan, qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdipda kreditorga to‘lashi shart bo‘lgan pul summasi neustoyka hisoblanadi.
Manba: "kun.uz"
| |
|