19:01 Ramazonga yaqin qoldi, bu oyga taalluqli yolg‘on xabarlardan ogoh bo‘laylik | |
Muborak Ramazon oyiga ham oz fursatlar qoldi. Ammo uning aniq sanasi hali e’lon qilinmadi. Ammo internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali uning sanasi va bu bilan bog‘liq yolg‘on ma’lumotlar uchrayapti. Shu munosabat bilan Islom.uz saytida e’lon qilingan maqolada bu haqda atroflicha to‘xtalib o‘tilgan. Avvalo, shuni eslatib o‘tish lozim, Ramazon oyi yaqinlashgach, quyidagi matndan iborat “eslatma” internet foydalanuvchilari orasida keng tarqaladi. Matn ma’nosi quyidagicha: Azizlar, Ramazon 2018-yilning 17-mayida “Bu kabi xabar har yili Ramazon boshlanishiga bir necha oy qolganda tarqala boshlaydi. Avvalo, bu xabarning g‘irt savodsizlarcha, hadisi shariflarga hurmatsizlarcha yozilganiyoq odamni shubhaga soladi. Ahli ilmlar bunday xom-xatala matn yozmaydilar. Shuningdek, hadisi shariflardan iqtibos keltirganda ularni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitib, qolganlarga yetkazgan sahobaning ismi hamda bu hadisni rivoyat qilgan muhaddis imomlarimizdan birining ismi shariflari hamda bu hadisning qaysi kitobda keltirilgani ko‘rsatilishi kerak. Qolaversa, bu gap mutlaqo hadis emas, balki uydirma, yolg‘on gap bo‘lib, naq bid’atning o‘zginasidir. Hech qaysi mo‘’tabar asarlarda, sahih hadis to‘plamlarida bunday hadis yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas”, deyiladi maqolada. Ammo nima uchun bunday bema’ni narsa internetda tarqalib ketyapti? Bir tomondan, buning sababi ba’zi kimsalarning o‘taketgan ilmsizligi, johilligi, noinsofligi va qaysarligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan ba’zi kanal va sahifalarning dindan piar va reklama uchun munofiqlarcha foydalanishidir. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan: «Meni sizlarga ko‘p hadis aytishdan faqatgina Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Kim menga nisbatan qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan joyini olaversin», deganlari to‘sadi». Bu hadisni buyuk vatandoshimiz imom Buxoriy o‘zlarining dunyoga mashhur «Jome’us sahih» to‘plamlarida keltirganlar («Oltin silsila». «Sahihul Buxoriy», 1-jild, 108-hadis). Dinini yaxshi biladigan, diniy ilmlardan ozmi-ko‘pmi boxabar bo‘lgan mo‘min-musulmon odam bu hadisni, albatta, eshitgan bo‘ladi. Shuning uchun yuqoridagiga o‘xshagan yolg‘on-yashiq, tag-tugi yo‘q gaplarni nafaqat hadis deb tarqatishga, hatto uni hadis deyishga ham hazar qiladi. Buni hadis deb qandaydir maqsadlar bilan tarqatayotganlar bilmaydiki, aynan mana shu kabi gaplarni tarqatganlar yuqoridagi hadisga binoan og‘ir azob-uqubatlarga duchor bo‘ladi.
Manba: "kun.uz"
| |
|