16:48 Rasman: O‘zbekistonda besoqolbozligi uchun qamalganlar qanchaligi ochiqlandi | |
O‘zbekistonda oxirgi 5 yilda Jinoyat kodeksining 120-moddasi (besoqolbozlik) bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar qancha? QALAMPIR.UZ ushbu savol bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi (JIEBB)ga murojaat qildi. Bosh boshqarmadan joriy yilning 12 aprel kuni tahririyatga yo‘llangan javob maktubida 2016-2020 yillar davomida ushbu jinoyat turi bilan javobgarlikka tortilgan shaxslar 44 nafarni tashkil etishi aytilgan. Jumladan: • 2016 yilda 6 nafar; “Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB tizimidagi jazoni ijro etish koloniyalarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 120-moddasida nazarda tutilgan ushbu jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, sudlangan shaxslar soni 49 tani tashkil etadi. Ushbu jinoyat turini sodir etgan shaxslarga nisbatan chiqarilgan sudning hukmi qonuniy kuchga kirganidan so‘ng, ular o‘rnatilgan tartibda sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tash turiga qarab jazoni ijro etish koloniyalariga yuboriladilar. O‘zbekiston Respublikasi IIVning me’yoriy hujjatlar talablariga asosan tizim va tasarrufidagi jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar tomonidan takroriy jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, ularning xulq-atvorlarini psixologik jihatdan o‘rganish, ko‘nikish davrida moslashishga ruhiy jihatdan yordamlashish maqsadida psixologik ishlarni olib boruvchi psixolog xizmati tashkil etilgan. Shuningdek, bu toifadagi mahumlar bilan doimiy ravishda psixologik ishlar individual tarzda olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan”, deyiladi IIV JIEBBning QALAMPIR.UZ’ga yo‘llagan maktubida. Avvalroq, Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat bilan chiqqandi. Shundan so‘ng, bu masala kun tartibiga chiqdi va ayni vaqtda keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinyapti. Besoqolbozlik bo‘yicha Human Rights Watch so‘roviga deputat Rasul Kusherboyev va Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy, taniqli olim Mubashshir Ahmad ham munosabat bildirdi. Ular besoqolbozlikka oid moddaning jinoyat kodeksidan chiqarib yuborilishi ham siyosiy, ham diniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini urg‘ulagandi. Joriy yilning 28 mart kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida mamlakatda besoqolbozlikni qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslar va ularning g‘oyalariga qarshi namoyish o‘tkazildi. Keyinchalik Toshkent shahar IIBB “Skver”dagi namoyishda 12 kishi hibsga olingani haqida xabar berdi. Shuningdek, O‘zbekistonda LGBT huquqlarini himoya qilayotgan Miraziz Bozorov o‘lasi qilib do‘pposlandi. Shundan so‘ng AQSH elchisi Bozorovning do‘pposlanishini surishtirishni so‘radi. Uning ortidan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tim Torlot Toshkentda besoqolbozlik – LGBT g‘oyalarini himoya qilib kelayotgan bloger Miraziz Bozorovning kaltaklanganiga munosabat bildirdi. Xorijlik diplomatlarning munosabatidan keyin Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov xalqaro tashkilotlarga murojaat yo‘llab, har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishi kerakligini ta’kidladi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|