Главная » 2020 » Декабрь » 29 » Rasul Kusherboyev “UzAutoMotors”ni savollarga “ko‘mib qo‘ydi”
23:03

Rasul Kusherboyev “UzAutoMotors”ni savollarga “ko‘mib qo‘ydi”


Avvalroq, “UzAutoMotors” aksiyadorlik jamiyati bosh yuristi Rustam Shaymardonov kompaniyaning daromadi 562 mlrd so‘mga kamayganini ma’lum qilgani va bunda OAV, blogerlar hamda jamoatchilikni ayblagani haqida xabar berilgandi.

Oxirgi oylarda kompaniya bilan narx masalasida ancha kurash olib borgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev “UzAutoMotors”ning aybloviga o‘z munosabatini bildirdi. Deputat kompaniyaga qator savollar ham yo‘llagan.

“UzAutoMotors” masalasi biroz e’tibordan chetda qolgandi. Ammo o‘zlarining bugungi kutilmagan absurd ayblovlari bilan yana e’tibor markaziga tushdi.

Eng qizig‘i, xatto davlat rahbari tomonidan ham fuqarolarning axborot va so‘z erkinligi huquqidan faol foydalanayotgani qo‘llab-quvvatlanayotgan bir vaqtda kompaniya ishi yurishmagani uchun uni tanqid qilgan fuqarolarni ayblash darajasiga yetib kelgani”, deydi Kusherboyev.

Xalq vakili kompaniya bayonotidagi asosiy jihatlardan kelib chiqib, bir qator savollar berib o‘tgan.

“Ularga “halollik vaksinasi” tadbiq etilgan ekan.

Savol: unda nega iste’molchilar ular ishlab chiqargan avtomobillarning sifati va ayrim detallari qo‘yilmay sotilayotganligidan norozi? 

Eksport ko‘rsatkichlari ortib bormoqda ekan.

Savol: avtomobil eksporti, butlovchi va boshqa ehtiyot qismlar importidan qanchalik ortiq, agar ortiq bo‘lsa?

Ular eng yirik soliq to‘lovchilardan ekan.

Savol: unda nima uchun kompaniya 2020 yilning 9 oyi davomida Soliq kodeksining 460-moddasiga asosan to‘lanishi kerak bo‘lgan 582,6 mlrd so‘m miqdoridagi 3 foizlik yig‘imni to‘lamay kelmoqda?

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ularga qarshi “maxsus buyurtma” bilan kimlardir bo‘xton va asossiz xabarlar tarqatib, mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda ekan.

Savol: aynan kimlar, qanday bo‘xton qilishmoqda? Bu aslida fuqarolarning asosli tanqidlari emasmi? Nega mazkur masala bo‘yicha sudga murojaat qilinmayapti? 

Salbiy xabarlarning tarqalishi joriy yilning avgust-sentyabr oylarida kompaniyaning kunlik tushumini 30-40 mlrd so‘mga kamaytiribdi va belgilangan reja 562 mlrd so‘mga kam bajarilibdi.

Savol: tushum kamligi pandemiya davrida aholi to‘lov qobiliyatining pasayishi, kompaniya mahsulotining sifati va narxiga bo‘layotgan e’tirozlar bilan bog‘liq emasmi?

Fuqarolarning chiqishlari O‘zbekistonda investitsiya jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, investorlarning yurtimizga investitsiya olib kirishida ikkilanish paydo qilmoqda ekan.

Savol: bu ikkilanishlar avtomobil sohasi o‘ta monopollashib, ularga katta imtiyozlar berilib, erkin raqobat bozori yo‘qligida emasmi?

150 mln yevro miqdoridagi davlat ahamiyatiga molik hamkorlik kelishuvini kechikishiga ham fuqarolarning kompaniya haqida salbiy xabarlar chiqarishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Savol: bu teng raqobat, bozor qoidalari va zamonaviy boshqaruv qobiliyati yo‘q boshqaruv oqibatida horijlik hamkorlar bilan erisha olinmayotgan kelishuvlar bo‘yicha rahbariyatga izoh berishda hamma aybni o‘z iste’molchilik huquqi va Konstitutsiyaviy so‘z erkinligidan foydalanayotgan fuqarolarga “to‘nkab”, javobgarlikdan qutulish yo‘li emasmi?

Kompaniya axborot sohasidagi qonunlarni va ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks talablari bo‘yicha javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tibdi.

Savol: kompaniya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Raqobat to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunlarning talablaridan ham xabardormi?

Va so‘nggi savol: kompaniyaning ishi yurishmasa aybni bag‘rikeng va sabrli yurt fuqarolariga to‘nkash dunyoning yana qaysi avtomobil kompaniyalari hayotida kuzatilgan?

Yana bir masala: men birorta horij kompaniyasi vakilini ko‘rmaganman, horijda chiqarilgan avtomobilim ham yo‘q, agar eski “Moskvich 407”ni aytmasa. Bu masalada buyurtmachim faqat saylovchilar”, deya ta’kidlagan Rasul Kusherboyev.

Qayd etish kerakki, “UzAutoMotors” AJ bosh yuristi Rustam Shaymardonov kompaniyaning so‘nggi yillardagi yutuqlari haqida “og‘iz ko‘pirtirib”, uning so‘nggi oylardagi yo‘qotishlarida jamoatchilikni ayblagandi. Asosiysi, huquqshunos o‘zining iddaosiga isbot keltirmagan.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: savollarga, Rasul Kusherboyev, ko‘mib qo‘ydi, UzAutoMotors | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz