09:04 Retsidivist Ronaldu yana xohlagan ishini qilyapti: endi jazo muqarrar | |
Krishtianu Ronaldu katta muammoga duch keldi. U sevgilisi Jorjina Rodrigesga syurpriz tayyorlagandi. Bu Italiya politsiyasini qiziqtirib qo‘ydi, deya xabar berdi «MIR 24» telekanali sport sharhlovchisi Aleksandr Brius. Ronaldu sevgilisining tug‘ilgan kunini chang‘i kurortida nishonlashga qaror qildi. Atigi ikki kunlik ta’til yangi mojaroga sabab bo‘ldi. Krishtianu tog‘dagi sayohatini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi, ammo uni shu zahoti o‘chirib tashladi. Ortidan yana-da qiziqarli videoni joyladi — unda oy shu’lasi ostida qaynar buloqda cho‘milayotgani tasvirlangan. Hamma muammo shundaki, Krishtianu Kurmayor tog‘larida bayram uyushtirdi. Vaholanki, bu hudud koronavirus tufayli «to‘q sariq» zonada joylashgan. Sayyohlarning borishi taqiqlanadi. Ustiga-ustak, ziyofat bo‘lib o‘tgan mehmonxona ham rasman yopilgan. Hozircha politsiya voqea yuzasidan izoh bermadi. Lekin karantin qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy ish ochilgudek bo‘lsa, Ronaldu ham, Jorjina ham 400 yevrodan jarimaga tortiladi.
Faqat «Yuventus» klubi olovga yog‘ sepmasa bo‘lgani. Negaki, futbolchi koronavirus xavfsizlik qoidalarini birinchi marta buzmayapti. Italiya sport vazirligi ham bundan norozi. Yulduzning xatti-harakati muxlislarning ham, sport mutasaddilarining ham g‘ashiga tega boshladi. Oktyabr oyida Ronaldu o‘zboshimchalik bilan karantinda bo‘lgan Turin klubini tark etib, Portugaliya terma jamoasi safiga qo‘shilgandi. Uning tarkibida kapitan bitta o‘yin o‘tkazdi. Shundan so‘ng koronavirusga topshirgan test natijasi musbat chiqqach, Italiyaga qaytdi. Ehtimol, endi retsidivist Ronaldu minimal jarima bilan qutulmasligi mumkin.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|