Главная » 2016 » Ноябрь » 17 » Ruslan Chagaev: Tez Orada O‘zbekistonimga qaytaman
18:48

Ruslan Chagaev: Tez Orada O‘zbekistonimga qaytaman


Ruslan Chagaev... Bu bokschi haqida ortiqcha ta’rifga hojat yo‘q. Chunki uning havaskor va profi-boksda erishgan natijalaridan barcha boks ixlosmandlari xabardor. Bu bokschimiz yaqinda o‘z faoliyatiga yakun yasadi. Muxlislarimiz ham uni sog‘inganligi sir emas. Shularni inobatga olgan holda “News Arena” gazetasi Ruslan bilan bog‘lanib, suhbat qurdi. Suhbat matnini esa “Olamsport” taqdim qildi.

– Ruslan, sizga quyoshli yurtimizdan alangali salomlar. Shubhasiz, siz ham O‘zbekistonni sog‘ingan bo‘lsangiz kerak?

– Avvalo, barcha yurtdoshlarimga assalomu alaykum. Mening Vatanim – mening O‘zbekistonim. Albatta juda-juda sog‘indim.

– Kutilmaganda faoliyatingizni tugatasiz, deb o‘ylamagan edik. Nahotki ko‘zingiz jiddiy shikastlangan bo‘lsa?

– Vaqt o‘z hukmini o‘tkazadi. Boksda uzoq qolib ketdim. Yetar shuncha ringga ko‘tarilganim. Oxirgi Olimpiadada chempion bo‘lgan bokschi yigitlarimizning janglarini ko‘rib turib, o‘ylab qoldim. Bu yigitlar faoliyatimni boshlagan vaqtlarimda tug‘ilgan edilar. Siz nima, deb o‘ylaysiz? Boksni tark etish vaqtim kelmadimikan?! Hamma ishni o‘z vaqti-soati bor. Navbat yoshlarga!

– Andijonga kelishingiz haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

– Albatta, tez orada boraman. Hamma ishlarimni yo‘lga qo‘yib bo‘lib, qadrdon O‘zbekistonimga qaytaman.

– Germaniyadan Rossiyaga ko‘chib o‘tish rejasi qanday paydo bo‘ldi?

– Shunchaki klubimni almashtirdim. Yaxshi sharoit va shartnoma taklif qilishdi. Bu ko‘chib o‘tishim uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qildi.  Bokschi uchun mukammal sharoit asosiy rol o‘ynaydi. Ajoyib muhit, ajoyib muxlislar va e’tiborga ega bo‘lish albatta yoqimli!

– Hozir nima bilan mashg‘ulsiz?

– Boksdan keyingi hayot tarzimni yo‘lga qo‘yish bilan bandman, desam ham bo‘ladi. Bo‘sh vaqtim ko‘p bo‘lyapti. Oilam davrasida ko‘proq bo‘lishga harakat qilyapman. Asosiy vaqtimni farzandlarimga bag‘ishlamoqdaman.

– Lukas Braun bilan bo‘lgan jang faoliyatingizdagi eng alamli mag‘lubiyat bo‘ldi, to‘g‘rimi?

– Men hakamning qaroriga qo‘shilmayman. Lekin u shunday baholadimi, demak, tortishib o‘tirishga hojat yo‘q. Hech kim hech qachon buni o‘zgartira olmaydi. Bu sport, sportda g‘alaba va mag‘lubiyat yonma-yon yuradi.

– Ramzan Qodirov bilan do‘stlik rishtalari qachondan boshlangan?

– U bilan 2010 yilda tanishganmiz. Shundan beri do‘stona munosabatdamiz. 

– O‘zbek bokschilarining Rio Olimpiadasidagi ishtirokini qanday baholaysiz? Ularning qay biri profi-ringda ham mo‘’jiza ko‘rsatoladi?

– Barakalla, yigitlar! Bu juda og‘ir mehnat – ter va mashaqqatli mashg‘ulotlar samarasi! Fikrim shuki, O‘zbekiston terma jamoasi bokschilari tomonidan namoyish etilgan janglar mamlakatimiz tarixidagi, qolaversa, Rio Olimpiadasining eng yaxshilari bo‘ldi. Ular uchun, yurtimiz uchun juda xursandman. O‘ylaymanki, kelajakda yanada ulkan muvaffaqiyatlarga erishadilar. Ularda xarakter, mahorat, vatanparvarlik tuyg‘ulari mujassam. Ularni yorqin kelajak kutmoqda. Bunga ishonaman! Mehnat qilishdan, o‘z ustida ishlashdan bo‘shashmasa, profi-boksda ham yaxshi natijalar qayd eta oladi. Olg‘a, yigitlar!!!

– Ramzan Qodirov va uning promouterlik kompaniyasining bokschilarimizga qiziqishi qay darajada?

– Ramzan Ahmatovich sportning haqiqiy jonkuyari, buni butun dunyo yaxshi biladi. Jumladan, boksga ham qiziqishi yuqori. Har doim boks olamida nimalar bo‘layotganini kuzatib boradi.  

– Profida faoliyat olib borayotgan hamyurtlarimizning janglarini ham kuzatib boryapsizmi? Ularning qay birini alohida ta’kidlagan bo‘lardingiz?

– Albatta, barchasini kuzatib borishga harakat qilaman. Ayniqsa, Rossiyada bo‘lib o‘tadigan janglarni bevosita tomosha qilishga ham muvaffaq bo‘ldim. Yaxshi bokschilarimiz juda ko‘p. Hali jahonda o‘z so‘zini aytishadi. Omad har doim ularga yor bo‘lsin! Ularning birinchi raqamli muxlisiman!

– Balki endi murabbiylik yoki promouterlik bilan shug‘ullanarsiz?

– Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Buni vaqt ko‘rsatadi(kuladi).

– “Oq Tayson” laqabini qaerda olgansiz va kim bergan bu nomni sizga?

– Bu haqda nimani aytish mumkin. Buning tarixi uzun. Endi bular o‘tmishda qoldi (kuladi).

– Faoliyatingizdagi eng yorqin g‘alaba Nikolay Valuev va Feliks Savon bilan bo‘lgan jangdagi muvaffaqiyatlar, deb hisoblaysizmi?

– Har bir g‘alabaning o‘z o‘rni bor. Savolingizga ha, deb javob beraman. Chunki Savon bilan bo‘lgan jang havaskorlar o‘rtasidagi jahon chempionligi uchun bo‘lgan edi. Valuev bilan esa, profi-boksda shunday titulni qo‘lga kiritish uchun bo‘lgan. Shu bois ham bu esda qolarli va yorqin g‘alaba sifatida e’tirof etiladi. Ajoyib g‘alabalar ko‘p bo‘lgan. Ularni birma-bir sanab o‘tishni lozim topmayman. Chunki yurtdoshlarimiz buni yaxshi biladi va kuzatganliklariga aminman.

– Qayta jang o‘tkazilish imkoniyati paydo bo‘lsa, qaysi biri bilan to‘qnash kelishni istardingiz – Klichko, Povetkin yoki Lukas Braun?

– Endi bularning ahamiyati yo‘q. Baribir qaytib kelmaydi. Hayotga real ko‘z bilan boqish kerak. Faoliyatimni tugatdim. Bularning bari endi o‘tmish, xolos!

– Milliy taomlarimizni sog‘ingandirsiz? Rossiyada ham taomlarimiz tayyorlanadigan oshxonalar ko‘p. Lekin yurt havosi va suvi taomlarga o‘zgacha lazzat beradi. Bu fikrga qo‘shilasizmi?

– Albatta qo‘shilaman. Palovni hech qaysi mamlakatda O‘zbekistonimda tayyorlanadiganday shirin, mazali qilib pishira olishmaydi. Yurtimizdagi har bir oilada payshanba va yakshanba kunlari osh pishiriladi, to‘g‘rimi? Balki boshqa kunlari ham tayyorlanar, lekin men shu an’anaga sodiq qolganman (kuladi).

– Demak, har payshanba va yakshanba palovxo‘rlikka borsak bo‘lar ekan-da?

– Albatta, mehmon kutishning ham o‘zgacha gashti bor (kuladi).

– Boksdagi yagona armoningiz havaskor boksda olimpiya medalini qo‘lga kirita olmaganligingiz, deb aytsak bo‘ladimi?

– Albatta bu yagona armonim.

– Umuman olganda, sportdagi faoliyatingizdan qoniqish hosil qildingizmi?

– Ba’zida qoniqish hosil qilmagan vaqtlarim bo‘ldi. Ba’zan ha. Umuman aytganda, ko‘nglim to‘ldi, deb ayta olaman. Afsuslanmayman. Chunki bularning bari Yaratganning menga bergan in’omi. Peshonamga yozilgani bo‘ldi. Demak, shunday bo‘lishi kerak. Havaskorda natijalar qayd etdim. Profi-boksda ham chempion bo‘ldim. O‘ylamanki, faoliyatim yomon bo‘lmadi.

– Ruslan, xalqimiz sizni yaxshi ko‘radi va faxrlanadi. Yurtdoshlarimizga aytar so‘zingiz...

– O‘z xalqimni juda sevaman! O‘zbekistonim, Vatanimni sevaman! Yurtimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin. Hamma yurtdoshlarimga sog‘lik, baxt-omad tilayman.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Sport olami | | Теги: Ruslan Chagaev | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz