11:44 Saida Mirziyoyeva: “Alloh bizga sinov yuborib, o‘zimizni isloh qilishga undayotgandek” | |
Butun dunyoda karantin. Bunaqasi hali bo‘lmagan, men eslay olmayman. Bugun hayotimizda ro‘y berayotgan voqealarga boshqa rakursdan qaralsa, odamzod qayta tarbiyalanayotganga o‘xshaydi. Uning yuziga ko‘zgu tutilgandek go‘yo. Yaxshi bilan yomonni ajratib olish payti kelgandek. Alloh bizga sinov yuborib, o‘zimizni isloh qilishga, ko‘proq yaxshilik, ezgu ishlarni amalga oshirishga undayotgandek. Koronavirus odamlar o‘z oilasi, yaqinlari bilan birlashib, oqibatni kuchaytirishi, insof, diyonatni targ‘ib etishi uchun yuborilganga o‘xshaydi. Shunday davrda hammani uyda qolishga chorlab, o‘zlari ishlashda davom etayotgan sotuvchi, kassir, dorixonalar va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, harbiy, shifokor, uchuvchilar jamoalari, haydovchilar, novvoylar va eng asosiysi jurnalist va blogerlar – ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda elimiz uchun o‘z sog‘lig‘i, hayotini xavf ostiga qo‘ygan barcha fidoyi insonlar! Sizga boshimiz yerga tekkuncha ta’zimdamiz. Siz ham uyingizda o‘tirishingiz mumkin edi. Ammo siz xalq xizmatida bo‘lishni tanladingiz. Buning savobi juda katta bo‘lsa kerak. Siz bor ekansiz, biz xavotir olmasak ham bo‘ladi. Ilohim bu sinov davridan birgalikda eson-omon o‘tib olaylik! Saida Mirziyoyeva, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari
Manba: "daryo.uz"
| |
|