08:51 Saudiya Arabistoni Eronni butun dunyo bo‘ylab koronavirus tarqatishda aybladi | |
Saudiya Arabistoni Tehronni saudiyaliklarning pasportida Eronga tashrif buyurgani haqida belgi qo‘ymaslik qarori sababli mintaqa va butun dunyo bo‘ylab koronavirusni tarqatishda aybladi.Bu haqda Saudiya Arabistoni hukumati vakilining SPA axborot agentligiga tayyorlangan bayonotida aytilgan. “Saudiya Arabistoni butun dunyoda koronavirus tarqalayotgan bir paytda saudiyaliklarga Eronga pasportda belgi qo‘ymasdan kirishga ruxsat bergani uchun Eronni qoralaydi. Shu tariqa, Eron butun dunyo bo‘ylab koronavirus tarqalishi va odamlar hayotiga xavf tug‘dirishda bevosita javobgardir, uning bu qilmishi ushbu kasallikka qarshi amalga oshirilayotgan xalqaro sa'y-harakatlarga putur yetkazadi”, deb aytilgan bayonotda. Saudiya Arabistoni vakili Tehrondan 1 fevraldan boshlab Eronga yashirin tarzda tashrif buyurgan saudiyaliklarning ismlarini oshkor qilishni talab qilgan. Podshohlik hukumati oxirgi haftalarda Eronda bo‘lgan va ortga qaytgan barcha saudiyaliklarni darhol tibbiy ko‘rikdan o‘tishga chaqirgan. Shuningdek, Saudiya Arabistoni vakili Eronga safar qilishga taqiqni buzganlar qat'iy jazolanishidan ogohlantirgan. 5 mart kuni Saudiya Arabistoni rasmiylari Erondan Kuvayt va Bahrayn orqali qaytgan yana 3 kishida koronavirus aniqlanganini e'lon qilishgan. Podshohlikda koronavirusga chalinganlar umumiy soni 5 kishini, Eronda esa 3513 kishini tashkil qilmoqda.
Manba: "kun.uz"
| |
|