Главная » 2020 » Апрель » 20 » Saudiya Arabistonida dunyo musulmonlariga taroveh namozini uyda o‘qish tavsiya qilindi
17:40

Saudiya Arabistonida dunyo musulmonlariga taroveh namozini uyda o‘qish tavsiya qilindi


Saudiya Arabistoni Ulamolar kengashi butun dunyodagi musulmonlarni Ramazon oyi davomida barcha namozlarni, jumladan, taroveh namozini ham uyda o‘qishga chaqirdi. Bu haqda SPA agentligi xabar tarqatgan.

Murojaatda ommaviy yig‘ilishlardan uzoqroq bo‘lish, ya’ni iftorliklarni o‘z xonadonlarida, oilaviy tarzda uydan chiqmay o‘tkazish so‘ralgan.

“Musulmonlar hayotning qadriga yetish va ezgu ishlarni qilish Alloh tomonidan buyurilgan vojib amallardan biri ekanini unutmasliklari lozim”, — deyilgan bayonotda.

Saudiya Arabistoni bosh muftiysi shayx Abdul Aziz al-Shayx 17-aprel kuni musulmonlarga murojaat qilib, Ramazon oyida uyda namoz o‘qishga chaqirgandi. Infeksiya tarqalishi to‘xtamaydigan bo‘lsa, Hayit bayrami ham ommaviy tarzda nishonlanmasligi mumkin.

Mart oyi o‘rtalarida Saudiya Arabistoni qirolligida jamoat namozlari vaqtincha to‘xtatilgan va faqat ikkita — Makka hamda Madinadagi masjidda jamoat bo‘lib namoz o‘qishga ruxsat berilgandi. Biroq keyinchalik koronavirus tarqalishi xavfi sabab Al-Harom va Nabaviy Masjidda ham namoz o‘qish to'tatildi. 23-mart kuni Saudiya Arabistonida komendantlik soati joriy etilgan, 24-mart kuni mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq birinchi o‘lim holati qayd etilgan. Shuningdek, mamlakatda aholi hamda xorijlik ziyoratchilar uchun Umra ziyoratini amalga oshirish tadbirlari ham noma’lum muddatga qoldirilgan.

Saudiyada xalqaro aviaparvozlar vaqtincha to‘xtagan, sport tadbirlari ham bekor qilingan.

Mamlakatda COVID-19 yuqtirib olish bo‘yicha birinchi holat mart oyi boshida qayd etilgan va Erondan Bahrayn orqali kelgan fuqaroda infeksiya aniqlangandi.  18-aprel holatiga ko‘ra qirollikda koronavirus yuqtirib olish bo‘yicha 8274 ta holat qayd etilgan, 92 nafar inson kasallikdan vafot etgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham Ramazon oyi yaqinlashib kelayotgani munosabati bilan musulmonlarga murojaat qilib bu boradagi tavsiyalarini bergan. Jumladan, ularga ijtimoiy masofani saqlab, oraliqning 2 metr bo‘lishini ta’minlash, ommaviy joylarda muloqotni cheklash va omma ko‘p to‘planadigan yerlarga bormaslik, chilim chekishni qisqartirish va boshqa maslahatlar berilgan.

7-aprelda Saudiya Arabistoni Ramazon oyida masjidlarni ochishni rejalashtirmayayotgani aytilgan, 13-aprel kuni Ramazon oyida Saudiya Arabistonida taroveh namozlari uyda o‘qilishi haqida fatvo berilgani xabar qilingan, keyinchalik shu kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonotida taroveh namozlarini uyda o‘qish tavsiya qilindi. 18-aprel kuni Tojikistonda masjidlar yana yopilgani, juma va taroveh namozlari masjidlarda o‘qilmasligi, ushbu choralar koronavirusning tarqalishini oldini olish maqsadida amalga oshirilgani haqida xabarlar tarqaldi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: uyda o‘qish, tavsiya qilindi, taroveh namozini, Saudiya Arabistonida, dunyo musulmonlariga | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz