Главная » 2017 » Июль » 28 » Semirtiruvchi ukollar zararli emasmi?
10:08

Semirtiruvchi ukollar zararli emasmi?


"Gazetada doim ozish haqida ma’lumot berasizlar. Semirish borasida esa kam yozasizlar. Shu sabab sizlarga maktub yo‘llashga qaror qildim. Yoshim 30 da. Turmushga chiqmaganman. Bo‘yim 1.68 sm. vaznim 43 kg. 5-6 kiloga semirsam degandim. Shu muammo bilan tuman poliklinikasiga murojaat qilsam, shifokor anabolik steroid turkumiga kiruvchi in’eksiyalardan birini tavsiya qildi. Bilishimcha, bu gormonal preparat. Agar uni qabul qilsam kelgusida nojo‘ya ta’siri bo‘lmaydimi? Haddan tashqari semirib ketmaymanmi? Shular haqida to‘liqroq ma’lumot bersangiz degandim".

Dilyora, Buxoro

Mutaxassis — Dmitriy Vdovin, dietolog.

Tahlil topshirdingizmi?

O‘zingiz aytib turganingizdek, tavsiya qilingan preparat gormonal dori hisoblanadi. Anabolik steroidlarning erkaklar va ayollar uchun mo‘ljallangan turlari mavjud. Ulardan aynan qay biri sizning organizmingizga mos kelishini, albatta, shifokor belgilashi lozim. Faqat ma’lum tahlillarning natijasidan kelib chiqqan holda! Siz-chi, siz qanday tahlillarni topshirdingiz? Moddalar almashinuvini tezlashtiruvchi qalqonsimon bez giperteriozi va oshqozon-ichak xastaliklari inkor etildimi? Mana shu jihatlarga e’tibor qarating.

«To‘lishib ketsam-chi...»

Bevosita anabolik steroidlarga to‘xtalsak, odatda ularni professional sport (ayniqsa, bodibilding) bilan shug‘ullanadigan sportchilar qabul qilishadi. Chunki aynan jismoniy mashqlar hamrohligida preparat mushaklarni kattalashtiradi. Nojo‘ya ta’siri yo‘qmi? Bu masalada mutaxassislar fikri ikkiga bo‘linadi, kimdir beziyon desa, boshqalar zarari bor deydi. Agar ko‘p miqdorda qabul qilsangiz yuz va badanda tuklar paydo bo‘lishi, ovozning do‘rillashi, husnbuzar toshishi kuzatiladi. Yillar davomida qo‘llanilganda esa bepushtlikka olib kelishi ham ehtimoldan xoli emas. Biroq yetarli miqdorda, to‘g‘ri qo‘llanilganida ko‘zlagan natijaga erishish mumkinligini ham inkor etmaymiz. Umuman olganda esa hali tibbiyotda nojo‘ya ta’sirga ega bo‘lmagan preparat o‘ylab topilmagan. Ma’lum dori vositasi bir organni davolasa, boshqasiga yaxshi ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin. Shuning uchun avval vazn to‘plashning sinalgan va beziyon usullarni qo‘llab ko‘rishni tavsiya qilamiz. Agar natija bo‘lmasa, keyin kimyoviy dorilar haqida o‘ylashni boshlashingiz mumkin. Qolaversa, mutaxassislar faqat tavsiya qilish huquqiga ega, dorini qabul qilish yoki qilmaslikni esa har kim o‘zi hal qiladi.

«Beziyon usuli yo‘qmi?»

Vazn to‘plash orzusida yurgan mushtariylarimizga bu ishni yog‘ emas, mushaklar hisobiga amalga oshirishni tavsiya qilamiz. Chunki aynan ular qomatimizni ko‘rkam ko‘rsatadi. Mushaklarni o‘stirish uchun esa jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish shart. Chunki ularni «stress»ga tushirmasangiz o‘z o‘zidan o‘sib qolmaydi. «Stress»ni ham yugurish yoki raqs bilan emas, yengilroq toshlarni ko‘tarib bajariladigan mashqlar yordamida uyushtirish darkor. Yo‘q, xavotirga tushmang, ortiqcha shug‘ullanmasangiz erkaklarga o‘xshab yelkador, mushakdor bo‘lib qolmaysiz.

Albatta oqsil yeng

Samarali natijaga erishish uchun taomnomangizga ham diqqat qilishingiz lozim. Yog‘li osh, mantiyu xonim yeb semiraman deb xomtama bo‘lmang. To‘g‘ri bu taomlar semirtiradi. Biroq semirish va sarvqomatlik boshqa-boshqa tushunchalar ekanligini yodingizdan chiqarmang. Demak, oqsilga boy taomlar(mol va tovuq go‘shti, pishloq, tvorog, soya pishlog‘i, dukkakli o‘simliklar)ga e’tibor qaratasiz. Tana vaznining har kilogrammiga 1.5 dan 3 grammgacha oqsil to‘g‘ri kelishi darkor. Agar zaruriy oqsilni taom bilan iste’mol qila olmasangiz proteinli tabletkalar yoki kokteyllarga murojaat qilsangiz ham bo‘ladi.

Maftuna tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: zararli emasmi, ukollar, Semirtiruvchi | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz