22:08 Seriallar bizga nimani o‘rgatmoqda? | |
Bugun har sohada, jumladan, O‘zbekiston televideniesida ham turli yo‘nalishdagi islohotlar ko‘zga tashlanyapti. Kanallarning soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Har bir kanalning o‘z yo‘nalishiga mos ko‘rsatuvlar tayyorlashi, zamonaning eng muhim muammolarini yorituvchi tahliliy va tanqidiy chiqishlari maqtovga loyiq. Telekanallar eng so‘nggi texnika yutuqlarini o‘z o‘rnida qo‘llay olayotgani ham e’tirofga arziydi. Ammo deyarli barcha kanallarimiz teledasturlaridan salmoqli o‘rin egallagan seriallar ham borki, ular haqida to‘xtalmay o‘tishning hech iloji yo‘q!!! Hayratga soladigan tomoni, bir kanaldagi serial tugamay, boshqasi kanalda yana bir serial boshlanadi. Qizig‘i shundaki, bu “ajoyib, sarguzashtlarga boy bo‘lgan” seriallarni kattalar, uy bekalari va hatto bolalar ham bemalol tomosha qilishmoqda. Bu qanchalik to‘g‘ri? Aslida bugungi kunda keng omma e’tiboriga namoyish etilayotgan xorij seriallari bizga qanday ma’naviy ozuqa bera oladi? Ularning barchasi ham orqaga qaytarib bo‘lmas vaqtimizni ketkazib ko‘rishga arziydimi? Oilaviy qadriyatlarimizga umuman to‘g‘ri kelmaydi! Telekanallarning kechki dasturlarida vaqti ketma-ketlikda turk, koreys, hind va boshqa seriallar berilmoqda. Ota-onalar ayni farzandlarning ta’lim-tarbiyasi bilan band bo‘lishi kerak bo‘ladigan vaqtda berilayotgani sababli, seriallarni bolalar ham ko‘rmoqda. Buning isbotini bolalar o‘rtasidagi muhokamalardan bilishimiz mumkin. Ayniqsa, ko‘proq ayol va qizlar davrasida serial haqida muhokama bilan band bo‘lish kuzatilyapti. Zararli va g‘ayriaxloqiy sahnalar aholi ongi va ruhiy dunyosiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda va bu aynan seriallarning takror-takror namoyishi bilan yana jonlanmoqda. Chunki kechki dasturlarda qo‘yiladigan seriallar ertasi kuni takror ko‘rsatiladi. Ayni oila a’zolari bir dasturxon atrofida jam bo‘ladigan, farzandlar bilan muloqot qilinadigan oqshom chog‘ida kattalarimiz ekranga emas, farzandlariga vaqt ajratishsa, serial qahramonlarining hayotiga emas, balki o‘z bolalarining hayotiga ko‘proq qiziqishsa, bu o‘zlarining kelajagi uchun ham yaxshi bo‘lardi. Afsus, buni hamma ota-onalar ham tushunmayapti. Natijada bola ota-onasidan olishi kerak bo‘lgan tarbiyani o‘zi sevib tomosha qiladigan serialdan olmoqda. Munira KAXAROVA, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Ilmiy ekspertiza bo‘limi bosh mutaxassisi. Serialdan qolgan bo‘sh vaqtlarida yashay boshladilar Avvalo, shuni aytib o‘tish kerakki, bo‘lar-bo‘lmasga televizor ko‘rish qimmatli vaqtingizni o‘g‘irlaydi. Avvallari bo‘sh vaqt bo‘lsagina televizor ko‘rilardi. Hozir esa ertalabdan to kechgacha televizori uchmaydigan oilalar ham bor! Seriallar yaratilganidan beri insonlar serialdan qolgan bo‘sh vaqtlarida yashay boshladilar. Televizorni ko‘p tomosha qilish miyaning fikrlash qobiliyati yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Kerak va keraksiz axborotlarni tahlil qilmasdan qabul qilaverish insonni ongsiz “o‘simlik”ka aylantiradi. Ehtimol, shu sabab, uzoq vaqt televizor ko‘rgandan keyin charchoq, kuchsizlik his qilinadi. Bugun oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha qilinayotgan keng ko‘lamdagi ishlarga qaramay, bu holat kamaymayapti. Bunda ham televidenie orqali qo‘yilayotgan xorij seriallarining “hissa”si, ta’siri borligi sir bo‘lmay qoldi. Sizga kerak va kerak bo‘lmagan axborotlarni hazm qilar ekansiz, miyangiz o‘z fikrlaringizni emas, o‘sha axborotlarni tahlil qiladi. Bundan ko‘ra, o‘z hayotingiz tahlili muhimroq emasmi? Farzandlaringiz bilan xiyobonda sayr qilishingiz bir oz cho‘zilib ketsa, jahlingiz chiqyaptimi? Serialingiz o‘tib ketyapti-da! Shuning uchun farzandingizni urishib qo‘ydingizmi?! Demak, serial o‘z vazifasini bajaribdi! Ishoning! Bugungi kunda hind, yapon, koreys, Pokiston, turk seriallari o‘zbeklarga o‘zga xalqlar madaniyati, urf-odati, qiyofasi, an’analarini har qanday darsliklardan ko‘ra yaxshiroq o‘rgatyapti desak, xato bo‘lmaydi. Ko‘p oilalarda farzandlarimizning maktabdan kelib birinchi qiladigan ishi — televizor ko‘rish. Televizorda esa har xil bo‘lmag‘ur filmlar namoyish etiladi. Bola ularni ko‘rib, hali behayo manzaralarga tayyor bo‘lmagan holda o‘sha manzaralarning guvohi bo‘ladi. Bu ularning miyasini zaharlaydi. Farzandlar odob-axloqni eng avvalo uyda, ota-onasidan o‘rganadi. Farzandini yaxshi tarbiya qilishni xohlaydigan ota-ona avvalo o‘zining xatti-harakatlari va boshqalarga bo‘lgan munosabatini nazorat qilishi, bolalariga eng yaxshi o‘rnak bo‘lishi lozim. Zebiniso AXMEDOVA, psixolog. Bola uchun taqlid qilish muhimroq Ha, ming afsuski, bugun kattalarga qo‘shilib xorij seriallarini qoldirmay ko‘rayotgan bolalar ham oramizda bor. Bunga ota-onalar, buvijonlar befarq qarashadi. Gohida bundan g‘ururlanib boshqalarga gapirib ham berishadi! Arzimas ko‘ringan bu holat go‘daklar tasavvurida ommaviy madaniyatga xayrixohlikni shakllantirayotgani bilan fojialidir. Bolaga kitob o‘qib berishga, dars qildirishga vaqti yo‘qligidan, tirikchilikdan ortmayotganidan nuqul noliydigan ota-onalar oramizda ko‘p uchraydi. Afsuski, ularning aksariyati serial ko‘rishga vaqtini qizg‘anmaydi. Ular serialni ortiqcha tashvishsiz, boshog‘riqsiz, xotirjamroq ko‘rib olish uchun bolalarini imkoni boricha ko‘chaga haydaydi yoki yoshroqlarini yonlariga o‘tqizib oladi. Natijada, bola ota-onasining mehrli so‘zlari yoki pand-nasihatlarini emas, televizor ekranidagi turli serial qahramonlarining maza-bemaza gaplarini tinglab, qulog‘iga quyib, harakatlarini xayoliga muhrlab oladi. Ona bolasining indamay jim o‘tirganidan, o‘zi esa sevimli serialini bemalol ko‘rayotganidan xursand bo‘ladi. Ona-bola tuturuqsiz sevgi mojarolaridan iborat seriallarni birga tomosha qilaverishi natijasida hali voyaga yetmagan bolaning ongi bilimga emas, sevgi qissalariga yoki boshqa illatlarga to‘lib boradi. Seriallar ta’sirida ulg‘ayayotgan bolalar ba’zan yoshiga munosib bo‘lmagan, faqat er-xotin o‘rtasidagina hal qilinadigan nozik masalalardan ham xabardor bo‘lib qolyapti. Bu esa ularning vaqtidan ilgariroq “katta bo‘lishi”ga, behayo bo‘lib o‘sishiga zamin yaratadi. Chunki bolalar filmlardagi voqea, jarayonlarni qanday ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, shundayligicha qabul qilishadi. Tahlil etib o‘tirishmaydi. Ular uchun mohiyatni anglashdan ko‘ra, qahramonlarga taqlid qilish muhimroq. Dilorom SAGDULLAYEVA, psixolog. Yig‘lashga ham tayyor turing! Biz, albatta, telekanallarga tazyiq o‘tkazib, seriallarni to‘xtatib qo‘yish, kimlarningdir huquqlarini poymol qilish fikridan yiroqmiz. Ammo ota-onalarga shuni eslatmoqchimizki, siz seriallar tomosha qilish vaqtini chegaralay olmas ekansiz, farzandlaringizni ham shu seriallar tarbiya qiladi. Siz esa serial voqealarini ularning ongiga muhrlashga yordam beryapsiz, xolos. Bu holat bir kuni bolaning fe’lida o‘z aksini topadi. Bugun jajji qizalog‘ingiz yoki o‘g‘lingizning film qahramonlariga taqlidini ko‘rib, kularsiz, maqtanarsiz, ammo bir kun yig‘lashga ham tayyor turing! Qaysi bir serialdagi kabi birovning ayolini sevib, hamon uni ta’qib qilishdan charchamagan o‘g‘ilni hech bir o‘zbek ota-ona ma’qullamasa kerak. Birovning eridan homilador bo‘lgan qizni qaysi ona “yasha, qizim”, deb duo qiladi?! Ma’lumki, bugun “ommaviy madaniyat” — barchamizni tashvishga solib turgan muammolardan biri. U istagan ko‘rinishda kirib keladi: film, musiqa, klip, serial, reklama, hattoki, oziq-ovqatlar ham uning targ‘ibot manbai. Azizlar, farzandingizni yot g‘oyalar, behayolik, begona mentalitet, vahshiylik, jangarilik yo‘liga kirib qolishiga o‘zingiz yo‘l ochib berayotganingizni unutmang! Sevgi — faqat o‘zini o‘ylash, pana-burchak joylarda yurish, bir xil kiyinish, jamoatchilik o‘rtasida namoyishkorona harakatlar qilish, “qahramonliklar” ko‘rsatish emas. Afsuski, bugungi xorij seriallari yoshlar ongiga shuni singdirmoqda, targ‘ib qilmoqda. Ogoh bo‘ling! Dilbandlaringizni ekranga mahliyo qilmay, kitob o‘qishga o‘rgating. Bu borada ularga o‘zingiz o‘rnak bo‘ling! Hulkar DARMANOVA, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tinglovchisi. Bugun milliy seriallarimizda ham yutuq, o‘sish bor. Ammo tarbiyaviy ahamiyatga molik, mukammal seriallarni ko‘paytirishga ehtiyoj hanuz qondirilayotgani yo‘q. Ehtimol, shu sabab, tomoshabin xorij seriallaridan ko‘z uza olmayotgandir. Kelgusida bu borada ham amaliy ishlar qilinadi, degan umiddamiz, chunki bu holat nafaqat yoshlar, bolalar, balki jamiyat taqdiriga ham daxldordir. Kamola AHMEDOVA
Manba: "tasvir.uz"
| |
|