20:33 Sharqiy Yevropaning yana bir davlatida koronavirus aniqlandi | |
Ukrainada koronavirusning birinchi holati aniqlandi. U mamlakatning Chernovits viloyatida qayd etilgan. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Viktor Lyashko ma’lum qilgan. "Kecha to‘rtta shaxs koronavirusga chalinganlikda shubhaga olinganligini ma’lum qilgan edim. Bugun bir kishida ushbu infeksiya borligi o‘z tasdig‘ini topdi”, dedi Lyashko bugun, 3 mart kuni. Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, ushbu kasallik Italiyadan kelgan oila a’zosida aniqlangan. Lyashko, shuningdek, epidemiologlar bemor bilan aloqada bo‘lgan odamlarni nazorat qilayotganini tasdiqladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda koronavirusga chalinganlar soni 91 303 nafarga yetdi. Ushbu kasallikdan 3124 kishi vafot etdi. 48 005 bemor shifo topgan. Koronavirus eng ko‘p tarqalgan davlatlar: Xitoy (80151 bemor – 2944 nafar vafot etgan), Janubiy Koreya (5186 – 34), Italiya (2036 – 52), Eron (1501 – 66), Yaponiya (274 – 6).
Manba: "qalampir.uz"
| |
|