Bu yoqimsiz xastalikni qanday bartaraf etish borasida akusher-ginekolog Fazilat Toshbayeva ma’lumot beradi...
Nega aynan biz?
Sistit ko‘proq ayollarda uchraydi. Buning sababi anatomik o‘ziga xoslikda, ya’ni jinsiy a’zolarning peshob chiqarish kanaliga yaqin joylashganida. U yerda o‘rnashadigan kasallik chaqiruvchi mikroorganizmlar peshob pufagiga juda oson tusha oladi.
Alomatlari
• Qorinning pastki qismi yoki belning pastki qismida birdan og‘riq turishi;
• Peshob chiqarish vaqtida sanchiq va achishish;
• Tez-tez va og‘riqli peshob chiqarish;
• Peshob rangining xiraligi.
Infeksiya peshob pufagiga turli yo‘llar bilan tushishi mumkin:
• Tos a’zolari (bachadon, qin)dan;
• Peshob chiqarish kanalidan;
• Buyraklardan.
Davolash
Sistitni davolash uzoq vaqt talab qiladi. Birinchidan, peshob tahlilidan so‘ng mikroblarga qarshi terapiya tavsiya etiladi. Ikkinchidan, fizioterapiya muolajalarini olish lozim bo‘ladi. Lazer juda samarali ta’sir ko‘rsatadi. Chunki peshob pufagi shilliq qavatiga o‘zini tiklashida yordam beradi. Uchinchidan, ko‘pincha peshob pufagiga gialuron kislotasi kiritish yaxshi natija beradi. U peshob pufagi shilliq qavati qoplab, yallig‘lanishning tarqalishiga to‘sqinlik qiladi va himoyalaydi.
Oldini olish uchun 5 tavsiya
1. Sovuq joyda o‘tirish mumkin emas. Ob-havoga mos kiyining.
2. Achchiq, marinadlangan, dudlangan, qovurilgan mahsulotlar va spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish yaramaydi.
3. Ko‘proq suyuqlik iching. Peshob pufagi yaxshi “ishlashi” uchun kuniga 2 litr suv iching.
4. Uzoq vaqt o‘tirmang. Agar o‘tirib ishlashga majbur bo‘lsangiz, har 30 daqiqada o‘rningizdan turib, biroz mashq qiling.
5. Peshobni uzoq muddat majburan tutib turish mumkin emas. Shuningdek, sistitning oldini olish uchun ich qotishiga ham yo‘l qo‘ymang.
Muhim!
Sistitni albatta shifokor bilan birga davolash kerak. To‘liq davolanilmagan sistit buyraklar xastaliklariga sabab bo‘ladi.
Peshob pufagini mustahkamlash uchun mashqlar
1. Polga o‘tirib, tizzalarni buking va ularni qo‘llaringiz bilan ushlab, gavdangizni orqaga-oldingi tarzida bir yotib, bir turib mashq qiling.
2. Tizzalab o‘tiring. Qo‘llaringizni boshingizning orqa qismiga qo‘yib, avval oyoqlaringizga nisbatan o‘ng tomonga, keyin chap tomonga galma-galdan o‘tiring. Yelkangizni to‘g‘ri tutishga harakat qiling.
3. Yonboshlab yoting. Qo‘llaringiz tanangizning ikki chetida tursin. Endi tizzalaringizni bukib, ko‘krak tomonga ko‘taring. So‘ng yana to‘g‘ri yotib, yana mashqni takrorlang.
4. Chalqanchasiga yotgancha qo‘llaringizni to‘g‘ri qo‘ying. Endi tanangizning tos sohasini ko‘taring va shu holda biroz turing. So‘ng uchgacha sanab, sekin avvalgi holatingizga qayting.
Giyohlar yordamida davolaymiz!
• 1 osh qoshiqdan qayin, archagul, makkajo‘xori popugini aralashtiring. Bu aralashmadan 1 osh qoshiq olib, 2 stakan qaynoq suv quying va qopqog‘ini yopib, 2 soat dam bering. So‘ng suzgichdan o‘tkazib, kuniga 4 marta ovqatlanishdan oldin ¼ stakandan iching.
• 2 osh qoshiq kalendula, 1 osh qoshiqdan moychechak va qizilpoycha (zveroboy)ni aralashtiring. Aralashmadan 2 osh qoshiq olib, 2 stakan qaynoq suv quyib, qaynash darajasiga yetkazing. Keyin olovdan olib, iliq holga kelguncha qoldiring. Kuniga 4-5 marta ½ stakandan iste’mol qiling.