14:59 Sobiq erim yarashishni taklif qilayapti... | |
— Bundan uch yil avval turmushga chiqqandim. O‘g‘lim tug‘ilganidan keyin qaynsingillarim bilan kelisholmay qoldik. Ular meni xiyonatda ayblab, ko‘pning ko‘zida sharmanda qilishdi. Erim ham yonimni olish o‘rniga singillariga qo‘shilib, yengiltakka chiqardi. Shundan keyin ko‘ch-ko‘ronimni yig‘ishtirib ota uyimga qaytdim. Ko‘p o‘tmay erim uylanib olibdi. Qaynsinglim va qaynopam bilan bir tashkilotda ishlaymiz. Ular ishxonada ham turli bo‘htonlar tarqatib yurishdi. Bariga sabr qildim. Mana, nihoyat haqiqat yuzaga chiqayapti. Sobiq erim yarim yildan buyon qo‘ng‘iroq qiladi, xatolik bo‘lganini aytib, uni kechirishimni so‘raydi. Aytishicha, ikkinchi xotinini sevmas ekan. Ustiga-ustak, qonuniy nikohimiz buzilmagan. Qaynsingillarimdan biri meni tushunardi. U bilan ko‘rishib gaplashsammi, deyapman. Biroq ota-onam oilamni qayta tiklashimga qarshilik qilishayapti. Men esa farzandim tirik yetim bo‘lishini istamayman. Aksiga olgandek erimning ikkinchi xotini ham homilador. Tez kunlarda ko‘zi yorishi kerak. Arazlab otasinikiga ketib qolibdi. Shuning uchun sobiq umr yo‘ldoshim u bilan yashamoqchi emas. Nima qilarimni bilmay arosatda qoldim. Oilamni tiklashim kerakmi yoki barini o‘z holicha qoldirishimmi? Bilolmayapman? Umida, 24 yosh, Navoiy viloyati Qaynonajon: — «Ko‘z ochib ko‘rganidan qo‘ymasin» deyishadi-ku, jon qizim. Bolangizning otasi bilan yarashish xayrli ish, nazarimda. Inson o‘z taqdirini o‘zi hal qiladi. Shu boisdan oilaviy masalada yoshlarning o‘ziga qo‘yib beraylik, boshqalar aralashmasin, deyiladi-da. Ota-onangizga ham osonmas, qizim. Ular yana xato qilishingizdan qo‘rqishadi. Ishonchlarini yo‘qotgan odamdan umid qilish nojoiz deb o‘ylashadi. Bunday voqealarga bir necha bor guvoh bo‘lganmiz. Boshida «o‘ldim-kuydim» deb, to‘ydan so‘ng «o‘tirsa o‘poq, tursa so‘poq»qa chiqarishadi. So‘ng shartta ayro yo‘lga tushib ketishadi. Ikki o‘rtada bola bechora sarson. «Sendan zo‘rini topaman, onasi o‘pmaganini olaman», deb sodda merov qizga qonuniy nikohsiz uylanib ham olishadi. U «soddagina» qiz boshiga danak chaqqach, «O‘zimni xotinim ming marta yaxshi edi-ku», deb pushaymonlar bilan «Kel, endi bir-birimizni qadrlab yashaylik, har holda orada bolamiz bor…» deb qolishadi. Ha, shundaylar kelgusida yaxshi yashab ketishadi. Chunki boshlari devorga taq etib urilganda ko‘zlari moshday ochilgan. Endi afsus, ming afsus, rasmiy nikohsiz turmush qurib, homilador holiga onasinikiga qaytgan qizga achinishdan o‘zga ilojimiz yo‘q. Yarashish taklifi eringizdan chiqqan ekan, oila a’zolari bilan bamaslahat shu qarorga kelishgan, deb umid qilamiz. O‘tgan ishga salovat, deydi xalqimiz. Bu yog‘iga yaxshiliklar, ahillik va tinch-totuvlik yor bo‘lsin. Shahnoza Xalilova, ruhshunos: — Murojaatingizdan sizni aybdorlik hissi qiynayotganini sezish mumkin. Birinchi galda mana shu his qaerdan paydo bo‘lgan va qanchalar asosli ekanligiga oydinlik kiritib olish lozim. Agar o‘zingizni ayblashga asosingiz bo‘lsa, bu tuyg‘u bilan ishlash, undan xalos bo‘lishga harakat qilish lozim. Shundan keyingina o‘zgarishlar tomon qadam qo‘yganingiz afzal. Ammo har qanday holatda ham kim bilan yashashni eringiz hal qilishi shart. Bu mas’uliyatni uning bo‘yniga yuklashingiz to‘g‘ri bo‘ladi, menimcha. Saodat OChILOVA yozib oldi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|